12:51 / 10.02.2019
3 773

Dilshod Nuraliyev: "Kuper bundan ham kuchli jamoani tuza oladi"

Dilshod Nuraliyev: "Kuper bundan ham kuchli jamoani tuza oladi"
Milliy terma jamoamizning Osiyo Kubogi nimchorak finalda Avstraliyaga penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchragani juda alamli bo‘ldi. Hozirda futbolchilarimizning musobaqadagi ishtiroki va Avstraliyaga qarshi o‘yin ko‘pchilik tomonidan tahlil qilinmoqda, bahs-munozaralar qizg‘in avjiga chiqmoqda. Biz esa muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan mutaxassislardan biri Dilshod Nuraliyev bilan terma jamoamizning ishtiroki haqida suhbatlashdik.

- Terma jamoamizni Avstraliyaga qarshi yomon o‘yin ko‘rsatdi deb ayta olmayman - deb gap boshladi, Nuraliyev. - Ikkinchi bo‘limda yigitlarimiz ko‘proq gol o‘tkazib yubormaslik haqida o‘ylashdi. Menimcha, murabbiy ham tanaffus paytida himoyaga yanada ko‘proq e’tibor qaratishni uqtirgan bo‘lsa kerak. Shuning uchun futbolchilar hujumga ko‘p ham o‘tishmadi. O‘sha extiyotkorlik Avstraliyada ham sezildi, ammo ular hujumga ko‘proq o‘tishdi. Biz himoyaviy o‘yin ko‘rsatdik, ammo shunga yarasha tezkorlik bilan qarshi hujumlarga o‘tishni ham shakllantira olishimiz lozim. Eldor Shomurodov yakka hujumchi sifatida o‘ynadi. Ammo ikkinchi bo‘limda u yolg‘izlanib qoldi. Bunday paytda qanot yarim himoyachilari tezkorlik bilan uni to‘p bilan ta’minlay olishlari kerak edi.
Menga yoqqan tomoni shu bo‘ldiki, yigitlarimiz himoyada ancha ishonchli o‘yin ko‘rsatishdi. Qo‘lidan kelganicha xato qilmaslikka harakat qilishdi. Bu borada murabbiyning qilgan mehnatlarini mahsuli ko‘rindi. Yodingizda bo‘lsa, 2011 yilgi Osiyo Kubogida Avstraliyaga qarshi jamoamiz chiroyli o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsa-da, yirik hisobda yutqazib qo‘ygandik. Bu safargi uchrashuvda Kuper hammasini reja bo‘yicha bajarayotgandi. Qo‘shimcha taymlarda kerakli o‘zgarishlarni qilgach, jamoamizning o‘yini yana jonlandi. Farruh Sayfiyev o‘yinga qo‘shilgach, ko‘proq hujumga yordam berishga harakat qildi.
Doston Hamdamovning o‘rniga Aziz Turg‘unboyevning maydonga tushirilishi ham o‘yinimizni bir muncha kuchaytirdi. Eldor Shomurodov toliqib qolgani uchun o‘rniga Marat Bikmayev tushirildi. Umuman olganda, amalga oshirilgan bunday o‘zgarishlar yaxshi bo‘ldi-yu, faqat o‘yinchi almashtirishlarni biroz ertaroq amalga oshirsa yaxshi bo‘larmidi?! Albatta, tashqaridan gapirish oson, murabbiyning esa o‘z strategiyasi bor. Penaltilar seriyasiga keladigan bo‘lsak, bu albatta omad bilan bog‘liq. Lekin men shu o‘rinda yana bir narsani qo‘shimcha qilmoqchi edim, ya’ni, bu ko‘proq ruhiyat bilan bog‘liq. Baribir futbolchilarimizda bosim kuchli edi. Yutishimiz kerak, gol urishimiz shart degan o‘y-xayollar baribir yigitlarimizga ta’sir ko‘rsatdi.

- Islom To‘xtaxo‘jayev bilan Marat Bikmayev penaltini tepayotganida nigohlarida qo‘rquv borligi ko‘rindi…
- Bilasizmi, bular mashg‘ulot paytida penaltidan 10 yoki 20 marta tepsa hammasidan gol uradigan futbolchilar edi. Avstraliyaga qarshi o‘yinning ahamiyati juda katta edi, boz ustiga hammasi penaltilar seriyasida hal qilinadigan bo‘ldi. Yigitlarimizning zimmasidagi mas’uliyat va javobgarlik hissi yanada ortib ketgandi. Chunki boya aytganimdek, ularning miyasida yutmasak bo‘lmaydi, degan xayol o‘rnashib qolgandi. Shu bois ulardagi ruhiyat qanchalik ekanligini ularning ko‘zlaridan ham bilib olish mumkin. Ya’ni, futbolchini hayajon bosayotgani ko‘p jihatlarda bilinadi. Albatta, bu alamli mag‘lubiyat bo‘ldi. Ektor Kuper tajribali murabbiy. Biz hali uning darajasidagi murabbiy emasmiz. Lekin uning uchun ham Osiyo Kubogidagi ishtirokimiz katta maktab bo‘ldi deb o‘ylayman. U jamoamizdagi kamchiliklarni ham belgilab oldi.
Endi keyinchalik buning ustida yanada ko‘proq ishlaydi. Kuper birinchi navbatda jamoamizda tartibli o‘yinni shakllantira oldi. Agar himoyada tartibli o‘ynay olmasangiz, nimagadir erishish qiyin bo‘ladi. Endi bor e’tiborni jahon chempionatiga qaratamiz. Saralash bahslarigacha hali vaqt ko‘p. Agar shungacha Kuper yanada o‘zining taktikalariga mos tushadigan o‘yinchilarni aniqlay olsa, u bundan ham kuchliroq jamoani tuza oladi. Ko‘rayotgan bo‘lsangiz, boshqa terma jamoalarning tarkiblari yosharib bormoqda. Bizda ham asta-sekin shu holat amalga oshirilsa kerak. To‘g‘ri, natija bo‘lmadi, jamoamiz chiroyli o‘yin ko‘rsata olmadi. Lekin o‘tkazilgan uchrashuvlarimizga nazar soladigan bo‘lsak, himoyada ancha ishonchli o‘yin ko‘rsatishganiga guvoh bo‘ldik. Himoya chizig‘ida futbolchilarni joy-joyiga qo‘ya oldi. Buni Islom To‘xtaxo‘jayev misolida ham aytishim mumkin.

- Fikringizcha, Avstraliya biz uchun hali hamon noqulay raqibmi?
- Sizga to‘g‘risini aytsam, Avstraliyaning o‘yinidan ko‘p narsa kutgandim. Chunki hali bungacha Osiyo Kubogida bu jamoaning o‘yinini ko‘rmagandim. Masalan, dastlabki turda Iordaniyaga yutqazib qo‘yishganidan ajablangandim. Avstraliyaliklarning ko‘plab futbolchilari Yevropa chempionatlarida to‘p surishadi. Shu bois ulardan o‘yin tezligini, nostandart harakatlanadigan futbolchilarini kutgandim. Ammo Avstraliyada bunday o‘yinchilarni ko‘rmadim. Bunday jamoa bilan bemalol o‘ynasa bo‘ladi.

- Agar Ektor Kuper bilan uchrashish imkoni bo‘lganida unga musobaqaga doir qanday savol bilan murojaat qilgan bo‘lardingiz?
- Agar shunday imkoniyat bo‘lganida undan himoyadan qanday qilib tezkorlik bilan qarshi hujumga o‘tish mumkinligi haqida so‘ragan bo‘lardim. Chunki Avstraliyaga qarshi o‘yinning ikkinchi bo‘limida jamoamiz himoyada ulardan to‘pni olib qo‘yishyapti, ammo shunga yarasha hujumga ham o‘tib keta olishmayapti.

- Umumiy olib qaraganda, terma jamoamizning Osiyo Kubogidagi ishtirokiga qanday baho berasiz?
- Yaxshi yoki yomon deya olmayman. Terma jamoamizdagi ko‘plab futbolchilarni yoshligidan tarbiyalaganman. Shuningdek, Otabek Shukurov, Doston Hamdamov, Jaloliddin Masharipov va yana boshqa yigitlar bilan ko‘p yillar davomida turli terma jamoalarda birga ishlaganman. Albatta, o‘zim tarbiyalagan yigitlarning milliy terma jamoada g‘alabalarga erishishsa, bundan men ham zavqlanib yuraman. Lekin, baribir alamli mag‘lubiyatga uchraganimiz tufayli tushkunlikka tushib qoldik. Ammo tan olish kerakki, musobaqa davomida jamoamiz yorqin taassurot qoldirmadi. Ektor Kuperga albatta vaqt berish kerak. Qatar terma jamoasinining hozirgi bosh murabbiyi Feliks Sanches ancha yillardan beri turli yoshdagi terma jamoalarida ishlab keldi va bugungi kunda milliy terma jamoa darajasiga ko‘tarilgan holda o‘z jamoasini chempionlikkacha olib keldi. O‘z vaqtida 1996 yilda tug‘ilgan futbolchilarga ustozlik qilganimda biz Qatarda aynan Sanchesning jamoasiga qarshi bir-ikki marta o‘ynaganmiz. Adashmasam, bu 2010 yoki 2011 yildagi o‘yinlar edi. O‘shanda ikkala uchrashuvda ham Qatarni yirik hisoblarda yutganmiz. Lekin aytmoqchimanki, Sanches o‘sha tarkib bilan ishlab, endi milliy terma jamoaga ustozlik qilish darajasigacha chiqdi. Ektor Kuper uchun hali hammasi oldinda. Uning boshchiligida jamoamizning yorqin o‘yinlar ko‘rsatishi uchun vaqt bo‘ladi. Muhimi, bu mag‘lubiyatdan tushkunlikka tushish kerak emas. Bizning birinchi galdagi vazifamiz jahon chempionatiga chiqish. Bungacha esa hali ancha vaqt bor. Kuper esa Osiyo Kubogidagi ishtirokimizdan o‘zi uchun jiddiy xulosalarni chiqarib olishiga shubha yo‘q.
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Dilshod Nuraliyev: "Kuper bundan ham kuchli jamoani tuza oladi"