15:30 / 11.02.2019
3 363

Shota Arveladze: "Yangi mavsumga tayyorlayotgan jamoamizni ertaga muxlislarga ko‘rsatmoqchimiz"

Shota Arveladze: "Yangi mavsumga tayyorlayotgan jamoamizni ertaga muxlislarga ko‘rsatmoqchimiz"
Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichi doirasidagi "Paxtakor" - "Eyr Fors" uchrashuvi oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda dastlab mezbonlar ustozi Shota Arveladze va jamoa himoyachisi Yegor Krimets ishtirok etdi.

"Birinchi navbatda futbol mavsumi boshlanayotgani bilan barchani tabriklayman. Yangi yil o‘zbek futboli uchun omadli bo‘lishini tilayman. Ilk rasmiy o‘yin, o‘z uyiimizda o‘tadigan bahs. Ob-havo ham ertaga yaxshi bo‘lishi kutilmoqda. Muxlislar qarshisida yaxshi o‘yin namoyish etishni istaymiz. Biz yangi mavsumga qanday jamoa tuzayotganimizni ishqibozlarga ko‘rsatishni xohlaymiz", - deya o‘yinoldi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi Shota Arveladze.

- Iroqning "Eyr Fors" jamoasini qanchalik o‘rganib chiqdingiz? Raqibning kuchli taraflari nimada?
- Raqibni chuqur o‘rganib chiqdik, tahlil qildik. "Eyr Fors" yaxshi futbol namoyish etadigan jamoa. Ular bejizga oxirgi uch yildan buyon OFK Kubogida zafar quchishayotgani yo‘q. Jamoa standart vaziyatlarda xavfli. Tajribali raqibga qarshi ehtiyotkor bo‘lish talab etiladi. Shunga qaramay mazkur o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Bilasiz, biz yangi mavsumga taraddud jarayonida bir qancha muammolarga duch keldik. Chunki ko‘plab terma jamoaga a’zo futbolchilar safga kech qaytishdi. Lekin biz ertangi o‘yindan juda ko‘p narsa kutyapmiz.

- Jamoa tayyorgarlik jarayoni va tarkibdan ko‘nglingiz to‘ldimi? Ayni paytda murabbiy sifatida sizni ko‘proq nima bezovta qilmoqda?
- Murabbiyni birinchi navbatda jarohatlar bezovta qiladi. Bu doim og‘riqli savol bo‘lib kelgan. Ayni paytda o‘yindan oldin Komilov, Sobirxo‘jayev va Simich jarohatlandi. Ikkinchi bezovta qilayotgan jihat shuki, mavsumga qadar o‘zimiz istaganimizdek 7-8 nazorat uchrashuvi o‘tkaza olmadik. Chunki Osiyo Kubogi paytida jamoa tarkibi to‘liq ko‘rinishda emasdi. Jamoada o‘yin amaliyoti va futbolchilarning bir-birini yanada yaxshiroq tushunib olishi uchun mazkur bahslar juda muhim. Hozirda aynan mazkur jihat meni ko‘proq tashvishlantirmoqda. Biroq ko‘plab futbolchilar o‘zaro tanish va terma jamoada ham birga o‘ynashgan. O‘ylaymanki, bu muammo tug‘dirmaydi.

Tarkibga keladigan bo‘lsam, doim ham biz o‘zimiz istagan futbolchilarni qo‘lga kirita olmaymiz. Ammo bu safar avvalgilardane farqli ravishda o‘zimiz xohlagan ko‘plab xaridlarni amalga oshirdik. Yangi mavsumda tarkibimizda kuchli raqobat vujudga keladi. Barchaga o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat taqdim etiladi. Murabbiy doim eng ko‘pini va maksimum transferlarni istaydi. Shuni aytishim mumkinki, bu galgi seleksiya uchun klub rahbariyatiga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Legionerlar masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsam, o‘tgan yilgi xaridlar ham yomon bo‘lmagan. O‘tgan yili chempionatda eng yaxshi to‘purar va eng yaxshi futbolchi aynan "Paxtakor"ning legioner futbolchisi Tiago Bezerra bo‘ldi. Ismoil Gonsalvesh ham oz gol urmadi. Lekin bu yildan ko‘proq urg‘uni mahalliy futbolchilarga qaratdik. Legioner masalasi ancha nozik. Biz o‘zimiz istagan legionerlar bilan kelishuvga erishish nihoyatda qiyin. Transfer olami shunaqa, ba’zan o‘xshaydi, ba’zida esa yo‘q. Shuningdek, ular oz pulga bu yerga kelishmaydi. Shu boisdan ham biz ko‘proq mahalliy iqtidorlarga e’tibor qaratdik.

Masalan Odil Ahmedovni ham olib kelmoqchi bo‘lgandik. Shaxsan o‘zim Ahmedov bilan 2-3 marotaba uchrashdim. Lekin ba’zi masalalar bo‘yicha kelisha olmadik. Nimadir o‘xshaydi, nimadir esa o‘xshamaydi. "Paxtakor"da doimo eng yaxshilar o‘ynashini istaymiz. Lekin har doim ham biz xohlagan ishlar bo‘lavermaydi.

- Aziz Turg‘unboyev masalasida savol. "Paxtakor" bilan shartnoma imzolagan va OChLda ro‘yxatdan o‘tgan futbolchining yakunda erkin agentga aylangani sizning rejalaringizga qanchalik ta’sir o‘tkazdi?
- Qisqacha aytaman, Turg‘unboyev bizga ma’qul kelgani uchun uni jamoaga jalb etgandik. Birinchi navbatda bizga uning o‘yini yoqadi. Aziz "Paxtakor" bilan shartnoma imzoladi. PFL esa buni rasman ro‘yxatdan o‘tkazdi. Turg‘unboyev bizning futbolchi va shunday bo‘lib qolishi kerak. Ammo yaqin orada nima bo‘lishini bilmayman. Bu bizning qo‘limizdagi yumush emas. Bir narsani aniq: Turg‘unboyev bilan shartnoma tuzganmiz va futbolchi bizga tegishli. Yakunda mazkur transfer bo‘yicha biz, "Navbahor" va futbolchi jazolandi. Yakunda barcha aybdor bo‘lib chiqdi. Ammo shuni aytamanki, Turg‘unboyevni "Paxtakor" futbolchisi bo‘lishini istaymiz va bu istak hali ham so‘ngani yo‘q. Nima bo‘lishini esa bilmaymiz. "Paxtakor" hech kim bilan aloqa yoki munosabatlarni buzilishini istamaydi. Bu transferdagi tabiiy jarayon va sport qiziqishlari doirasida. Agarda biz qayerdadir xato qilgan bo‘lsak, bu istalgan odamda bo‘ladigan holat. Normal holat.

- Jismoniy holat 120 daqiqa futbol o‘ynashga dosh beradimi?
- Yaxshi savol. Tarkibdagi futbolchilarning jismoniy holati yaxshi. Osiyo Kubogida ishtirok etib qaytgan futbolchilar ham vaziyat taqozo etsa 120 daqiqa futbol o‘ynashga shay holatda.

Yegor Krimets: "Yangi futbol mavsumi bilan tabriklayman. O‘ylaymanki, yangi mavsum avvalgisidan muvaffaqiyatli o‘tadi. Ko‘proq g‘alabalar va sovrinlarni qo‘lga kiritamiz, degan umiddaman. Biz Osiyo qit’asidagi eng nufuzli turnirning guruh bosqichiga yo‘llanma olishni juda xohlaymiz. Ertaga bizni qiziqarli va yaxshi o‘yin kutmoqda. Albatta, jamoa zo‘r o‘ynab turgan paytda ham o‘yin borasidagi kamchiliklar bo‘ladi. Biz yangi mavsumda imkon qadar kamroq xatoga yo‘l qo‘yib, nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Osiyoda eng yaxshi bo‘lishga harakat qilamiz".

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shota Arveladze: "Yangi mavsumga tayyorlayotgan jamoamizni ertaga muxlislarga ko‘rsatmoqchimiz"