19:07 / 12.02.2019
3 084

Mirjalol Qosimov: "Ikki hujumchi bilan o‘ynaganimiz foyda berdi"

Mirjalol Qosimov: "Ikki hujumchi bilan o‘ynaganimiz foyda berdi"
Osiyo Chempionlar ligasi saralash bosqichi ikkinchi raundi doirasida Tojikistonning “Istiqlol” klubiga qarshi kechgan o‘yindan so‘ng “AGMK” bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov jurnalistlar savollariga javob berdi.

- Juda qiyin o‘yin bo‘ldi. “O‘zimizga muammo keltirib, keyin uni qahramonlarcha hal qilamiz”, degan gap bor. Shu asosida o‘yin olib bordik. Yigitlarga g‘alaba uchun rahmat. Raqib ancha kuchli edi va yetarlicha qarshilik ko‘rsatdi. Ularning aksariyati OFK Kubogida tajriba to‘plagan. Jamoamiz futbolchilariga bu o‘yindagi g‘alaba uchun rahmat aytaman.
Shuningdek “Paxtakor” klubi ham 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va bu bilan ham muxlislarni tabriklayman. O‘zbek jamoalarining g‘alabalari davomli bo‘ldi.

- O‘yin 2:1 bo‘lgandan so‘ng ikkita o‘yinchi maydonga tushirdingiz va ular o‘yinni o‘zgartira oldi. Hakimov va Haydarovga qanday ko‘rsatma berdingiz?
- Ular ham butun jamoa kabi ko‘rsatmalarni yaxshi bajarishdi. Bir narsani tushunish lozim, bizda tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘p vaqt bo‘lmagan edi. Masalan, Dubayga ketishdan oldin, 20 yanvarda ham bizda bunday jamoa hali yo‘q edi. Qisqa vaqt davomida tarkibni shakllantirdik. Yigitlarga qoyil qolish kerak, ular o‘z ishini a’lo darajada bajarishdi. Birinchi bo‘limda o‘zaro tushunib o‘ynashda muammolarga duch keldik. Buning ustiga xalqaro o‘yinda ilk daqiqada gol o‘tkazib yuborish oson emas. Ammo yigitlar qiyin vaziyatdan chiqib ketishdi va buning uchun ularga rahmat. Ikki hujumchi bo‘lib o‘ynaganimiz bizga foyda berdi.

- Jamoangiz barcha gollarni bosh bilan berilgan zarbalar orqali kiritdi. Faqat yuqoridan oshirilgan uzatma va bosh bilan urilgan gol. Bu haqida nima deya olasiz?
- Gol qanday bo‘lmasin kiritilgani yaxshi. Boya ham aytib o‘tganimdek, bizda hali jamoaviy o‘yin to‘liq shakllanmagan. Oldinda ko‘p mashg‘ulotlar va o‘yinlar bor. Ular orqali o‘yinimizni hali yetarlicha kuchaytiramiz. Ochig‘ini aytsam, menga gol qanday urilishini farqi yo‘q. Bosh bilan uradimi yoki oyoq bilan, gol urilsa bo‘ldi. Borgan sari kuchayib, muxlislar kutgan o‘yinni namoyish etamiz, deb umid qilaman.

- Raqib hisobda oldinga chiqib olgach ham himoyaga yotib olmadi. Bunday o‘yin kutganmidingiz va o‘sha vaqtda qanday qaror qabul qildingiz?
- O‘sha vaziyatda yana bir hujumchini maydonga tushirdik. G‘ulomhaydar G‘ulomov o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish etib berdi. “Istiqlol”ning o‘yinlarini o‘rgangan edik va qarshi hujumlarda ancha kuchli ekanini bilar edik. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik. Bu uchrashuvda jamoamiz ajoyib tarzda harakat qildi. Yana hamma ham xalqaro tajribaga ega emas. Masalan, yonimda o‘tirgan Jasur Hasanov juda katta tajribaga ega. Ammo birorta ham xalqaro o‘yinda maydonga tushmagan futbolchilar bor. Ular uchun ham bu juda katta tajriba maktabi bo‘ldi.

- Navbatdagi o‘yinga 7 kun bor xolos. Futbolchilarda esa jismoniy jihatdan muammolar bor. Bu muammo qanday hal qilinadi?
- Fevral oyida futbolchilardan to‘liq jismoniy tayyorgarlik talab qilish oson emas. Saudiya Arabistonida esa ikkinchi davra davom etmoqda. Ular juda yaxshi formada. Albatta biz shunga yarasha tayyorgarlik ko‘ramiz. San’at Shixov jarohat tufayli almashtirildi. Biz bu o‘yinni o‘rganib chiqamiz va shunga yarasha rotatsiya amalga oshiramiz.

- “AGMK” klubi ikkita gol o‘tkazdi. Ayb kimda, darvozabondami yoki himoyachilarda?
- Bizga shunchaki konsentratsiya yetishmadi. Ikki golni ham standart vaziyatdan o‘tkazib yubordik. Futbolda 90 daqiqa bor va xayolni o‘yinga qaratish lozim.

Keyingi o‘yinga qadar legionerlar safga qaytadimi?
- Kostich hali jismonan tayyor emas. Marko Zachevich jarohatdan so‘ng hali o‘ziga kelganicha yo‘q. Uning safga qaytishi uchun ma’lum vaqt kerak.

Manba: uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov: "Ikki hujumchi bilan o‘ynaganimiz foyda berdi"