21:20 / 21.02.2019
6 758

Ignatiy Nesterov! Endi nima bo‘ladi?

Ignatiy Nesterov! Endi nima bo‘ladi?
O‘zbek futbolida o‘tgan bir haftada eng katta mavzu – Ignatiy Nesterov bo‘ldi. “Paxtakor” Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichiga yo‘l olgandan so‘ng sal ko‘tarilgandek bo‘ldi-yu, ammo unutilgani yo‘q.

Hozir, ayniqsa kecha milliy jamoa shifokori Abror Pirriyev bergan intervyudan so‘ng aslida nimalar bo‘lganini hamma yaxshi bilib turibdi. Darvozabon ozdiruvchi dorilarni icharkan, oqibati qanchalar bo‘lishini bilmagan. Ko‘prog‘ini aytar bo‘lsak, guvohlarning gapiga ko‘ra, Nesterov doping nazoratidan o‘tish oldidan umuman tashvishga ham tushmagan. U shunchaki iste’mol qilgan dorisi tarkibida ta’qiqlangan modda borligini bilmagan. Bolalarcha soddalik.

Doping tekshiruvi jarayoni o‘zi qanaqa? Jamoadagi barcha futbolchi o‘yin oldidan va so‘ng doping nazoratidan o‘tishi shart emas. Masalan, qur’a tashlanadi va chekiga tushgan futbolchi nazoratdan o‘tadi. Osiyo Kubogida qur’a ikki marta Nesterovga “kulib boqqan”. Biri Turkmanistonga qarshi kechgan bahsda, ikkinchisi esa Ummonga. Darvozabon ketma-ket ikkinchi marta tahlil topshirishga borayotganda hatto hazil qilishga ham ulgurgan. “Yana menmi!” degandek. O‘shanda voqealar jarayoni chappa aylanib ketishini hayoliga ham keltirmagani aniq.

Mayli, o‘tgan gap o‘tdi. Endi nima bo‘ladi? Keling, shu haqida gaplashsak. Katta ehtimol bilan Nesterov qanchadir muddatga futboldan chetlatiladi. Balki olti oygadir, balki bir yilga. Ammo undan ortiq bo‘lmasa kerak. Hammasi OFKga bog‘liq. Arzimagan bir-ikki oylik jazo bo‘lishi ham mumkin.

Xo‘sh, bu chetlatish Nesterovning faoliyati tugashiga sabab bo‘ladimi? Har holda darvozabon 35 yoshda. Menimcha yo‘q. Hozir Nesterovda faoliyatini tugatishdan ko‘ra tugatmaslikka sabablar ko‘proq. Birinchidan, o‘z ishiga professional yondoshish borasida unga yetadigani yurtimizda juda kam. Darvozabon yoshligidanoq mashg‘ulotlarga jiddiy yondoshardi. Hozirku, qo‘yaverasiz. Vazn kamaytiruvchi dori ichib yurganining o‘zi ko‘p narsani anglatmaydimi?

Qolaversa, darvozabon uchun 35 yosh – chegara emas. Buffon qirqdan oshgan. Nesterov ham hali to‘rt-besh yil bemalol o‘ynay oladi. Ammo qayerda o‘ynashi, endi bu boshqa masala. Bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng “Uxud” uni olib qolmasa kerak. Hali aybi tasdiqlanmay turib boshqa darvozabon qidirishga tushgan klubda qolishni Nesterovning o‘zi ham istamaydi, ehtimol. Shunday ekan, “xayr” demoqning ayni fursati.

Biroq Nesterov jamoasiz qolib ketmasligi aniq. Hali diskvalifikatsiya muddati tugamay turiboq o‘zbek klublaridan bir nechtasi unga shartnoma taklif etsa, ajablanmagan bo‘lardim. Shuningdek O‘zbekiston milliy jamoasi eshiklari ham uning uchun ochiq turishi shubhasiz...
Zafar QOSIMOV

Manba: www.uff.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ignatiy Nesterov! Endi nima bo‘ladi?