11:55 / 22.02.2019
3 078

O‘FA Portugaliyaning "Sporting" klubi akademiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

O‘FA Portugaliyaning "Sporting" klubi akademiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi
Xabaringiz bor, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mamlakatimizda futbolni rivojlantirish uchun xorijiy mamlakatlar futbol federatsiyalari, klublar va akademiyalar bilan yaqin hamkorlikni o‘rnatib ish olib borishga asosiy e’tiborni qaratmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mutasaddilari San’at Sharipov va Sharofiddin Hojiniyozov Portugaliyaning "Sporting" klubiga tashrif buyurib, bu klub bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha kelishib olishdi.

Jumladan, "Sporting" klubi akademiyasi direktori Paulo Gomes va klubning Sport loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha mas’uli Diyego Goma bilan uchrashuv chog‘ida O‘FA mutasaddilari bolalar futbolini rivojlantirish va murabbiylar malakasini oshirish mavzusida suhbatlashishdi. Shuningdek, yozda mamlakatimizda "Sporting" klubi futbol oromgohi tashkil etishi bo‘yicha ham maslahatlashib olindi.

"Sporting" klubi akademiyasi dunyoga mashhur akademiya bo‘lib, o‘z vaqtida bu yerda Luish Figu, Krishtianu Ronaldu kabi jahon yulduzlari, "Oltin to‘p" sohiblari tahsil olishgan. 2016 yil Yevropa chempionligiga erishgan Portugaliya terma jamoasi tarkibidagi 23 nafar futbolchining 10 nafari "Sporting" akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.

"Biz futbolchilardan o‘zining yoshiga mos standartlar asosida mehnat qilishni, mashg‘ulotlar olib borishni talab qilamiz. Biz 14-15 yoshli futbolchidan aqlbovar qilmas o‘yin ko‘rsatishni so‘ramaymiz. Bu yoshda u o‘z salohiyatini to‘liq namoyish qila olmaydi. Ammo bizning talablar asosida mehnat qilsa, 20 yoshga borib biz "tayyor mahsulot" - top-klublar e’tiborini qozona oladigan futbolchiga ega bo‘lamiz. Akademiyamiz tarbiyalanuvchisi Krishtianu Ronaldu bunga yorqin misol",- deydi klub direktori Paulo Gomes.

Diyego Goma esa 7 yil davomida Qatarning mashhur "Aspire" akademiyasida faoliyat olib borib, futbolchilarni tayyorlash, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish bo‘yicha katta hajmdagi mehnatni amalga oshirdi. Qatar milliy terma jamoasining yaqinda BAAda o‘tgan Osiyo Kubogidagi muvaffaqiyatida mazkur insonning ham hissasi katta deb aytish mumkin.

Muzokaralar davomida Diyego Goma yozda mamlakatimizga tashrif buyurib, "Sporting" klubi tomonidan tashkil qilinadigan futbol oromgohida ishtirok etishi bo‘yicha kelishib olindi.


Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘FA Portugaliyaning "Sporting" klubi akademiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi