23:15 / 28.02.2019
4 812

«Lokomotiv» 8 nafar yangi futbolchisi bilan shartnoma imzoladi (foto)

«Lokomotiv» 8 nafar yangi futbolchisi bilan shartnoma imzoladi (foto)
Bugun, 28 fevral kuni Toshkentning «Lokomotiv» klubi yangi mavsum oldidan o‘z safiga qo‘shib olgan futbolchilarining tanishtiruv marosimini o‘tkazdi. Unda jamoaning yangi a’zolari bilan birga klub bosh direktori o‘rinbosari To‘labek Akromov va bosh murabbiy Andrey Fyodorov ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Tribuna.uz nashri.

«Klubimiz mavsumni Superkubokdagi g‘alaba bilan boshladi. Bundan buyog‘iga ham zafarli odimlarimiz davom etadi, deb o‘ylayman.
Maqsadlarimiz o‘zgarmagan. Bu yil ham chempionlikni saqlab qolish, O‘zbekiston kubogi hamda Osiyo Chempionlar ligasida imkon qadar uzoqroqqa borishni maqsad qilganmiz», – dedi tadbirning kirish qismida To‘labek Akromov.

Akromovning ma’lum qilishicha, ushbu yangi futbolchilarning deyarli barchasi bilan bir yillik shartnomalar imzolangan. Faqatgina yosh futbolchi Avazbek O‘lmasaliyev va darvozabon Javohir Ilyosov bilan uch yillik bitimlar tuzilgan.

«Yangi futbolchilarimiz jamoaga yangi qon olib kirishadi, ularning yordamida olg‘a qadam tashlashda davom etamiz, deb umid qilaman. Ular safimizga qo‘shilishganiga uch hafta bo‘lgan bo‘lsa-da, bugun rasmiy tanishtiruv marosimida men ularga: «Oilamizga xush kelibsizlar», demoqchiman.

«Lokomotiv» – katta oila. Bu yerda «men» tushunchasi yo‘q, faqat «biz» so‘zini ishlatamiz», – dedi Andrey Fyodorov.
«Temiryo‘lchilar» OChLda Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod», BAAning «Al-Vahda» va Qatarning «Ar-Rayyan» klublari bilan bir guruhdan o‘rin olgan. Ushbu raqiblar to‘g‘risida fikr bildirar ekan, To‘labek Akromov, jumladan, shunday dedi:

«Raqiblarimiz – bizga tanish jamoalar. «Al-Vahda» bilan o‘tgan yili ham bir guruhda bo‘lgandik. O‘tgan mavsumlardan birida «Al-Ittihod» bilan ham bitta guruhga tushganmiz. Qatarning «Ar-Rayyan» klubi bilan esa birinchi marta to‘qnash kelamiz.

Koptok dumaloq, maydon tekis, deyishadi. Ammo jismoniy va o‘yin jihatdan ularning hech qaysisidan qolishmaymiz. O‘yinlarda yaxshiroq ruhiy tayyorgarlikka ega jamoa g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman. Bu yil guruhdan chiqib, muxlislarimizni xursand qilmoqchimiz», – deydi «Loko» bosh direktori o‘rinbosari.

«Lokomotiv»ning quyidagi yangi futbolchilari tanishtirildi:
35. Javohir Ilyosov – darvozabon, avvalgi jamoasi – «Metallurg»;
19. Avazbek O‘lmasaliyev – himoyachi, avvalgi jamoasi – «Neftchi»;
24. Davron Hoshimov – himoyachi, avvalgi jamoasi – «Navbahor»;
7. Aziz Haydarov – yarimhimoyachi, avvalgi jamoasi – «Bunyodkor»;
8. Jamshid Iskanderov – yarimhimoyachi, avvalgi jamoasi – «Paxtakor»;
23. Yovan Jokich – yarimhimoyachi (Serbiya), avvalgi jamoasi – OKMK;
9. Filip Rayevats – hujumchi (Serbiya), avvalgi jamoasi – «Bunyodkor»;
71. Arslonmurod Amanov – hujumchi, avvalgi jamoasi – «Buxoro».

Quyidagi futbolchilar «Lokomotiv»ni tark etishdi: Ignatiy Nesterov, Ikrom Aliboyev, Marat Bikmayev, Sanjar Shoahmedov, Kaxi Maxaradze, Sadriddin Abdullayev, Nikolay Pogrebnyak.

Klub 4 mart, dushanba kuni OChL guruh bosqichi birinchi turi doirasida Abu-Dabining «Al-Vahda» jamoasini qabul qiladi. Uchrashuv «Lokomotiv» stadionida soat 16:00da start oladi.

«Temiryo‘lchilar» Superligani 8 martda «Paxtakor»ga qarshi safar o‘yini bilan boshlashadi. Keyingi turlarda jamoa mos ravishda «Navbahor», «Andijon» va OKMK klublari bilan bahslashadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Lokomotiv» 8 nafar yangi futbolchisi bilan shartnoma imzoladi (foto)