11:00 / 03.03.2019
3 032

“Barselona” La Ligada ham “Real”ni yengdi, endi oradagi farq naqd 12 ochko...

“Barselona” La Ligada ham “Real”ni yengdi, endi oradagi farq naqd 12 ochko...
Ispaniya chempionatining 26-turidan oʻrin olgan “Real” – “Barselona” uchrashuvi oʻz nihoyasiga yetdi. “Santyago Bernabeu” stadionida boʻlib oʻtgan bahsda mehmonlarning qoʻli baland keldi.

Uchrashuv teng kurashlar ostida boshlandi, xavfli vaziyatlar yaratishda mehmonlar faol boʻlishdi. 26-daqiqada katalonlar hisobni ochishdi, Serxi Robertoning uzatmasidan soʻng Ivan Rakitich darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib bordi va toʻpni Kurtuaning ustidan oshirib darvozaga joylab qoʻydi.

Shundan keyin madridliklar raqib jarima maydoni atrofida faollikni oshirishdi, biroq tanaffusga qadar hisob oʻzgarmadi.
Ikkinchi boʻlim ham keskin kurashlarga boy boʻldi, maydon egalari harchand urinishmasin vaziyatlardan unumli foydalana olmadilar.

Shu tariqa, “Barselona” ochkolarini 60 taga yetkazib olgan holda peshqadamlikni mustahkamladi. “Real” (48) esa uchinchi oʻrinda qoldi va katalonlar bilan oradagi farq 12 ochkoga yetdi.

La liga, 26-tur
Real Madrid – Barselona 0:1 (0:1, 0:0)
Gol:
0:1 – 26 Rakitich.
Real Madrid – Kurtua, Karvaxal, Varan, Ramos, Regilon, Modrich, Kazemiro (Isko, 76), Vinisius Junior, Kroos (Valverde, 55), Beyl (Asensio, 61), Benzema.
Barselona – ter Stegen, Alba, Pike, Serdji Roberto, Langle, Rakitich, Artur (Vidal, 71), Buskets (Nelson Semedu, 90), Dembele (Koutino, 78), Suares, Messi.
Ogohlantirishlar: Buskets (2), Ramos (61), Langle (63), Asensio (82), Karvaxal (89).

Valverdening taktikasi
“Real”da Kubok bahsidagi alamli magʻlubiyatni unutish uchun atigi 3 kun bor edi. Oʻtgan haftadagi oʻyinda Suares madridliklarning yangi yulduzi Vinisiusga vaziyatlardan qanday foydalanish boʻyicha mahorat darsi oʻtib bergandi. Yosh braziliyalik oʻyin davomida kataloniyaliklarning himoyachilarini aldab yurgan va darvoza tomon 6 marta zarba yoʻllagan, lekin birorta gol urolmagandi. Urugvaylik futbolchi esa ikki gol urib, uchinchi gol urilishiga sababchi boʻlgan, “Qirollik klubi” darvozasiga urgan gollari sonini 11 taga yetkazgandi.

Suaresning samaradorligi kataloniyaliklarning ruhini koʻtardi va jamoa navbatdagi muvaffaqiyat uchun tayyorlandi. Shanba kungi oʻyin tarixiy oʻyinga aylanishi kutilayotgandi: shu vaqtgacha oʻtkazilgan klasikolarda teng koʻrsatkich qayd etilayotgandi: chorshanba oqshomidagi oʻyindan keyin “Real” va “Barsa” klasikolardagi gʻalabalar soni boʻyicha bir xil natija koʻrsatib turgandi - 95:95. Bu borada yana oldinga chiqib olish uchun Santyago Solari Vaskes oʻrniga Beylni tushirish bilangina cheklandi. Shuningdek, kubok oʻyinlarida maydonga tushiriladigan Navas oʻrnini chempionat oʻyinida Tibo Kurtua egalladi. Valverde esa koʻproq oʻzgarish qildi va klassik sxemaga qaytdi: 4-3-3. Serji Roberto himoyada oʻtgan oʻyinda Vinisiusga qarshi hech narsa qila olmagan Samedu oʻrnini egalladi, maydon markazi Artur hisobiga kuchaytirildi.

Messining omadsizligi va Rakitichning goli
Lekin oʻyin boshidayoq kataloniyaliklarning yarimhimoyasi xatoga yoʻl qoʻydi va xatoni toʻgʻrilash uchun Buskets Kroosni yiqitishga majbur boʻldi, bu esa tarixiy ogohlantirishga olib keldi. Oʻyin hakami Undiano Malyenko klasikolarda oʻzining 13-sariq kartochkasini koʻrsatdi. Belgilangan jarima zarbasini esa Beyl koʻngildagidek ijro etolmadi.

Kubok oʻyini bilan taqqoslanganda bu oʻyin nisbatan ochiq kechdi. Kroos uzoq masofadan zarbalar berib, vatandoshi ter Shtegenni sinab turdi, Langle oʻzini ayamasdan oʻtgan oʻyindagi avtogoli uchun oʻzini oqlamoqchi boʻlgan Varanning hujumini toʻxtatib qoldi, Messi esa Kurtua bilan yakkama-yakka chiqib gol urolmadi.

Eʼtiborlisi, bu argentinalik futbolchining joriy mavsumda “Real” darvozasi tomon bergan ilk zarbasi boʻldi. Birinchi davradagi oʻyinda u jarohat tufayli ishtirok etolmagan, kubok oʻyinlarida esa nursiz oʻyin koʻrsatgandi. Uning hujumi gol bilan yakunlanmagan boʻlsada, raqibning kuchsiz tomonini koʻrsatib berdi. Bir necha daqiqa oʻtib kataloniyaliklar yana oʻng qanotdan hujum uyushtirishdi, Serji Roberto Rakitichni oldinga tashladi, toʻp uchun kurashda Serxio Ramosni ortda qoldirgan xorvatiyalik futbolchi hisobni ochdi. Bu gol Rakitichning “Real” darvozasiga urgan toʻrtinchi goli boʻldi: “Sevilya” va “Barselona” safida ikkitadan. Kataloniyaliklar esa qatorasiga 23-klasikoda madridliklar darvozasini ishgʻol etib, oʻz natijasini yaxshiladi.

Keyingi ikki klasikoda voqealar rivoji bir-biriga oʻxshash boʻldi. Ikki oʻyinda ham madridliklar bor kuch bilan oldinga tashlanishdi, ammo koʻk-anorranglilar mudofaasini yorib oʻtolmadi. Kataloniyaliklar esa ikki oʻyinda ham natija uchun oʻynadi va maqsadga erishdi. Mehmonlar birinchi boʻlim oxirida yana bir qarshi hujumdan unumli foydalanishi mumkin edi, Suares Varanni dogʻda qoldirib, uni mashgʻulot manekeniga aylantirdi, ammo Kurtua jamoani goldan saqlab qoldi, Messi esa qaytgan toʻpga ulgurolmadi.

Birinchi boʻlimdagi yodda qolarli yana bir vaziyat Messi va Serxio Ramos ishtirokida kuzatildi.

Toʻp uchun kurash vaqtida Ramos Messining yuziga urib yubordi, Messi esa unga tashlandi, hakam ularni ajratib qoʻydi. Kataloniyaliklar Ramos bu ishni qasddan qilganini aytib, hakamga shikoyat qilishdi, ammo Malyenko kartochkasini choʻntakdan chiqarishga shoshilmadi.

Ojiz Solari
“Barselona” himoyaviy oʻyinda namuna koʻrsatdi. Birinchi oʻyinda kataloniyaliklar 3:0 hisobida gʻalaba qozonishgan boʻlishsada, Vinisiusga gol urish uchun bir necha marta vaziyatlar taqdim etishgandi. Ikkinchi oʻyinda esa braziliyalik futbolchi faqat bir marta golli imkoniyatga ega boʻldi - jarima maydonida oʻziga koʻp ishonib yuborgan Rakitichning xatosidan keyin zarba berildi, Vinisius Pikeni chalgʻitib gazonga qulatdi, ammo toʻp yoʻliga har yerda hoziru nozir Langle chiqib keldi.

Vinisiusning imkoniyatlari cheklab qoʻyilgan boʻlsada, u bu safar ham raqib darvozasi tomon 6 bor zarba berdi (6 marta Kroos pas uzatdi, 3 marta zarba berish uchun pas uzatdi).

Birinchi boʻlimning 25-daqiqasiga keliboq “Real” zarba berish boʻyicha 5:1 hisobida oldinda edi.

Oʻyin statistikasi maydon egalari ustunligini koʻrsatmoqda - 17:10. Toʻpga egalik qilish boʻyicha tenglik - 49 foizga 51. Burchak zarbalari boʻyicha: 8:6, yaratilgan vaziyatlar boʻyicha 12:7. Maydon egalari yuqori qavatda toʻp uchun kurashlarda koʻproq ustun kelishgan: 12:8.

Ikkinchi boʻlimda Solari Beyl va Kroosni maydondan oldi, madridlik muxlislar uelslik futbolchini hushtakbozliklar bilan kuzatib qoʻyishdi. U klasikolarda magʻlub boʻlish boʻyicha rekord koʻrsatkich qayd etmoqda, aniqrogʻi oʻzi oʻynagan klasikolarning barchasida - 6 oʻyinda magʻlub boʻlgan. Ammo u ketgani bilan oʻyin yaxshilanib qolmadi, Valverde va Asensio oʻyinga oʻzgartirish kirita olmadi. Oʻyin yakuniga 20 daqiqacha vaqt qolganida esa Isko tushirildi. Solari uni oʻz klubida koʻrishni istamaydi (u bir oydan buyon endi ilk marta maydonga tushdi), uni faqat majburlikdan jangga tashladi. Bu esa Solarida gʻoya yoʻqligini koʻrsatadi. Xulen Lopetegi oʻtgan yilning oktyabrida “Barsa”ga qarshi 1:5 hisobidagi magʻlubiyatdan keyin “Real” bosh murabbiyligidan haydalgandi. Solari esa “Barsa”ga qarshi ikki oʻyinda 0:4 hisobini qayd etdi. Peshqadam bilan oradagi farq 12 taga yetdi, “Barselona” 1932 yildan buyon ilk marta klasikodagi gʻalabalar soni boʻyicha oldinga chiqib oldi: 96:95. Jamoalar oʻzaro oʻyinlarda jami 51 bor durang oʻynagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Barselona” La Ligada ham “Real”ni yengdi, endi oradagi farq naqd 12 ochko...