13:10 / 03.03.2019
3 767

Ravshan Ermatov: Mundialdagi ilk oʻyin va hakamlikning butun millat kayfiyatiga taʼsiri haqida

Ravshan Ermatov: Mundialdagi ilk oʻyin va hakamlikning butun millat kayfiyatiga taʼsiri haqida
Oʻzbek futbolidagi eng mashhur inson, shubhasiz, Ravshan Ermatov. Uni butun dunyoda tanishadi. Jahon Kuboklarida eng koʻp oʻyinni boshqargan hamyurtimizning dunyo futbolidagi obroʻsi ham baland. Ikkinchi marta Osiyo Kubogining final bahsi Ermatovga ishonib topshirilgani soʻzimiz isboti. Ravshan Ermatovni studiyaga taklif qildik va u bilan faoliyati, umuman futbol hakamligi haqida suhbat qurdik deb yozadi Kun.uz nashri.

“Saudiya chempionati kuchli”
Mehmonimiz yaqinda Sadiya Arabistonida boʻlib qaytdi va u yerda mamlakat chempionati oʻyinlarini boshqardi. Ermatovdan Saudiya chempionatining darajasi haqida soʻradik. Uning aytishicha, u yerda chempionat oʻyinlari yaxshi darajada oʻtadi:

“Bugun futbol hakamlari boshqa chempionatlarda ishlashi odat tusiga kirdi. Bu yaxshi anʼana deb oʻylayman. Saudiya futbolida soʻnggi yillarda oʻsish koʻzga tashlandi. Ular oxirgi Jahon Chempionatida ham oʻynashdi. Saudiya chempionati kuchli, oʻyinlari qiziqarli kechadi. U yerda kuchli legionerlar koʻp. Muxlislar tashrifi ham yomon emas”.

“Oldin «Manchester Yunayted”ni faqat televizorda koʻrgandik»
Savollarimizning birinchi qismida Ravshan Ermatovdan uning faoliyatidagi esda qolarli oʻyinlar haqida soʻradik. 2008 yilgi klublar oʻrtasidagi Jahon Chempionati finalini aynan Ermatov boshqargani yodingizda. Oʻshanda musobaqaning finalida hamyurtimiz Nemanya Vidichga qizil kartochka koʻrsatgandi. Mehmonimiz oʻsha oʻyin va oʻsha vaziyat haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi:

“Hozir oʻsha damdagi hissiyotlarim esimga tushib ketdi. Klublar oʻrtasidagi Jahon Chempionati 2010 yilgi Jahon Chempionatiga tayyorgarlikning eng muhim bosqichlaridan biri edi. Mening jismoniy, nazariy koʻrsatkichlarim yaxshi edi, lekin hali amaliy tomondan maydonda oʻzimni koʻrsatishim kerak edi. Shu sabab siz eslatgan oʻyindan oldin hayajon katta boʻlgan. Chunki biz «Manchester Yunayted”ni oldin faqat televizorda koʻrgandik. Bu katta klub. Oʻshanda Ronaldu ham “MYU”da oʻynardi. Oʻz navbatida Ekvador klubi ham oʻz qitʼasining chempioni edi. Lekin toʻgʻrisi, maydonda qanchalik katta jamoa borligining menga farqi yoʻq edi. Oʻsha kuni men uchun qizil va qora jamoa bor edi xolos.

Vidich chetlatilgan vaziyatga kelsak, oʻshanda futbolchi toʻpni 15 metrcha uzoqqa tepib yubordi. Lekin men ichki hissiyot bilan toʻpga qaramadim va koʻzimni Vidichdan olmadim. Xudo buni koʻnglimga soldi. Vidich tirsagi bilan raqibni urdi va ikkilanmay uni maydondan chetlatdim. Futbolchining oʻzi ham qarorga eʼtiroz bildirmadi. Oʻyindan keyin ser Aleks Fergyuson ham Vidich haqli tarzda chetlatilganini aytgandi. Futboldagi eng yaxshi murabbiylardan biri boʻlgan insonning bunday gaplari odamda oʻziga boʻlgan ishonchni oshiradi. Oʻsha oʻyin yaxshigina sinov boʻlgandi. FIFA bizni, biz ham oʻzimizni sinovdan oʻtkazgandik. Shukurki, bu sinovdan yaxshi oʻtdik va bizni 2010 yilgi Jahon Chempionatiga taklif qilishdi».

“Keyingi 8 daqiqa qanday oʻtganini bilmayman”
Ravshan Ermatov JCHlarida 11 ta oʻyinda ishlagan va bu borada rekordchi hisoblanadi. Hakamimizning Mundiallardagi ilk oʻyini 2010 yilgi Jahon Chempionati ochilishiga toʻgʻri kelgandi. Ermatovning aytishicha, oʻyindan oldin bosim katta boʻlgan:

“Bu oʻyindan avval bosim katta edi, chunki odatda Jahon Chempionati ochilish oʻyinlarini katta hakamlarga berishadi. Bizning brigadaga ochilish oʻyini berilganida futbol jamoatchiligida norozilik koʻpayib ketdi. «Yevropada shuncha hakam turganda nimaga oʻzbekistonlik hakamga berdinglar”, qabilida eʼtirozlar boʻldi.

Men yoshligimdan JCHni orzu qilganman va bu orzu yaxshi xotiralar bilan yodda qolishi eng muhimi edi. Meksikaning goli bekor qilingan vaziyatni eslatdingiz. Bilasizmi, 22-23 yildan buyon hakamlik qilib kelayotgan boʻlsam, bunday vaziyatga faqat bir marta duch kelganman. Oʻsha oʻyindan oldin ham bunday vaziyat boʻlmagan, keyin ham boʻlmadi. Juda noodatiy holat. Bu vaziyatda darvozabon oldinga chiqib ketgandi va oxirgi futbolchi boʻlib himoyachi qolgandi. Rafael Ilyosov mendan “Darvozabon qayerda?”, deb soʻradi. Darvozabon oldinga chiqqanini aytdim. Keyin u bayroqni koʻtardi. Shunda “Ishonching komilmi?”, desam, “Menga shunday koʻrindi”, dedi (kuladi). Men oʻz yordamchimga ishondim va xato qilmadik.

Hozirgidek esimda, bu vaziyat oʻyinning 37-daqiqasida sodir boʻlgandi. Birinchi boʻlim tugashiga 8 daqiqa bor edi va toʻgʻrisi, oʻsha 8 daqiqa qanday oʻtganini bilmay qoldim (kuladi). Chunki JCH ochilishi katta oʻyin. Tanaffusga chiqqanimizda ispaniyalik rahbarimiz hakamlar xonasiga kirib bizni quchoqlab ketdi. Qiyin vaziyatdan yaxshi chiqib ketganimizni aytib “Perfect” degani yodimda. Shukurki, ikkinchi boʻlim ham yaxshi oʻtdi va bu oʻyin yaxshi xotiraga aylandi».

“Hakam futbol uchun qaror chiqarishi kerak”
Ravshan Ermatov 2013 yil Konfederatsiyalar Kubogida debyut qiladi. Musobaqaning guruh bosqichidan oʻrin olgan Braziliya hamda Italiya terma jamoalari oʻrtasidagi oʻyinni FIFA hakamimizga ishonib topshiradi. Oʻsha oʻyin juda murakkab oʻtgandi. Ayniqsa Italiyaning ikkinchi golida muammoli vaziyat yuzaga keladi. Ermatov Braziliya darvozasi yaqinida qoida buzilishini qayd etib penalti belgilamoqchi boʻlganida toʻp darvozaga borib tushadi. Hakamimiz esa golni inobatga oladi. Ermatovning taʼkidlashicha, oʻsha golni inobatga olgani toʻgʻri qaror boʻlgan:

«Bu oʻyin ajoyib futbol muhitida oʻtgani yodimda. Oʻsha vaziyatda jarima maydonchasi ichida 15-16 futbolchi bor edi. Qoida buzildi va men biroz kutib, penalti belgilamoqchi boʻldim. Hushtak chalishim bilan toʻp ham darvozaga kirib ketdi. Men juda tez qaror chiqarishim kerak edi. Hakam futbol qoidalarining har bir nuqtasigacha eʼtibor berib yoki oʻyin holatidan kelib chiqib qaror chiqarishi mumkin. Qoida boʻyicha qaror chiqarsangiz, hech kim sizni ayblamaydi, lekin men oʻzim ham futbolchi boʻlganman va futbolchi boʻlib qaror chiqarishga harakat qilaman. Men oʻsha vaziyatda qogʻoz uchun emas, futbol uchun qaror chiqarishni toʻgʻri deb hisobladim.

Baʼzi oʻyinlar boʻladiki hakam oʻyin darajasidan kelib chiqib qaror chiqarishi kerak. Chaqir “MYU” futbolchisiga qizil kartochka koʻrsatgani yodingizdami (2012/13 mavsumidagi UYEFA Chempionlar Ligasi 1/8 final bosqichidan oʻrin olgan “MYU” - “Real” oʻyini nazarda tutilmoqda. “Old Trafford”da oʻtgan javob oʻyinining 56-daqiqasida Junayt Chaqir inglizlar futbolchisi Naniga qizil kartochka koʻrsatgan va bu oʻyin natijasiga taʼsir qilgandi)? Oʻshanda hakam toʻgʻri qaror qabul qilgan, lekin oʻyin atmosferasidan kelib chiqib muxlislar bu qarorni qabul qilmadi.

Shu sabab men ham Italiya – Braziliya oʻyinida golni inobatga olish kerak deb hisobladim. Keyinchalik musobaqada qatnashgan 8 ta jamoa murabbiylarining barchasidan oʻsha vaziyat haqida fikr soʻralganda, ular gol inobatga olinishini toʻgʻri qaror deb topishgan».

“Hakam butun millatning kayfiyatiga taʼsir qilishi mumkin”
Hakamimiz 2014 yilgi Jahon Kubogida ham muvaffaqiyatli ishlagan. FIFA unga Braziliya Mundialida 4 ta oʻyinni ishonib topshirgan. Shulardan biri guruh bosqichidan oʻrin olgan Ekvador hamda Shveysariya terma jamoalari oʻrtasidagi oʻyin boʻlgandi. Bu oʻyin Ermatovning toʻgʻri qarori bilan ham yodda qolgan. Qarshi hujumga oʻtib ketayotgan shveysariyalik Valon Behrami yiqitiladi, dekin u oʻrnidan turib hujumni davom ettirmoqchi boʻlayotganini koʻrgan hakam hushtak chalmaydi. Hujum davom ettirilib 90+3-daqiqada Shveysariya oʻzini guruhdan olib chiqqan golni uradi. Mehmonimiz nima uchun oʻsha vaziyatda hushtak chalmaganini izohladi:

“Futbol hakamligi shunchalik murakkab ishki, siz butun boshli millatning kayfiyatiga taʼsir qilishingiz mumkin. Xato hakamlik qilsangiz, biror jamoa muxlislari sizni «yaxshi soʻzlar bilan” eslashi mumkin (kuladi). Siz eslagan vaziyat oʻyinning 90+3-daqiqasida sodir boʻlgandi. Har ikki jamoa ham charchagan. Toʻgʻrisi, men ham charchagandim, axir 93 daqiqa yugurganman. Shu sabab shveysariyalik futbolchi yiqitilganidan soʻng qoida buzilishini qayd etish men uchun ham qulay edi (kuladi).

Lekin qarasam, yiqitilgan futbolchi oʻrnidan turib hujumni davom ettirmoqchi. Nega men oʻyinni toʻxtatishim kerak? Sariq kartochkani keyin ham koʻrsataveraman-ku, toʻgʻrimi? Shveysariya oʻyinni davom ettirib gol urdi. Oʻsha vaziyat hech qachon esimdan chiqmaydi».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Ermatov: Mundialdagi ilk oʻyin va hakamlikning butun millat kayfiyatiga taʼsiri haqida