17:00 / 04.03.2019
4 222

Tehronni “qoʻrqinchli qiladigan” “Paxtakor”ning OCHLdagi ilk raqibi haqida

Tehronni “qoʻrqinchli qiladigan” “Paxtakor”ning OCHLdagi ilk raqibi haqida
Ertaga, 5 mart kuni Toshkentning “Paxtakor” klubi Osiyo Chempionlar Ligasidagi ishtirokini boshlaydi. 3 yillik tanaffusdan soʻng yana Osiyoning klublar oʻrtasidagi eng nufuzli musobaqasiga qaytgan “Paxtakor” guruh bosqichini Tehronda “Persepolis”ga qarshi oʻyin bilan boshlaydi. “Oʻlim guruhi”dan oʻrin olgan “Paxtakor” uchun birinchi oʻyin juda muhim hisoblanadi. Futbolimiz bayroqdorining guruh bosqichidagi ilk raqibi qanday jamoa?

“Eronning «Paxtakor”i...
“Persepolis”ga “Eronning «Paxtakor”i» deb taʼrif berish mumkin. Har ikki klub oʻz mamlakatining eng mashhur jamoasi hisoblanadi. “Persepolis” 11 marta Eron chempioni boʻlgan va bu borada rekordchi hisoblanadi. Chempionlikdan tashqari yana 10 marta turli xil ichki kuboklarda gʻolib boʻlgan. 1991 yil Osiyo kubok egalari kubogida (hozir bunday musobaqa oʻtkazilmaydi) gʻolib chiqqan. Bu jamoada oʻz vaqtida Ali Dai, Ali Karimi, Mehdi Mehdavakiya, Karim Bagiri, Muhammad Nuri, Xudodod Azizi kabi Eron futboli afsonalari toʻp tepishgan.

“Persepolis” nafaqat futbol klubi, balki butun boshli sport industriyasi nomidir. “Persepolis”da 15ta sport turi boʻyicha atletlar shugʻullanishadi. Klubning ramzi tarixiy Persepolis shahridagi ustunlarda tasvirlangan buqalardan olingan.

“Qizil armiya”
Uy oʻyinlarini qizil libosda oʻtkazuvchi “Persepolis”ni muxlislar “Qizil armiya” deb atashadi. Shijoatli oʻyini bilan chinakam armiyani eslatuvchi bu klubning muxlislari ham armiya nomiga munosib. Osiyo Chempionlar Ligasida muxlislar tashrifi boʻyicha bu klubga teng keladigani yoʻq. Oʻz oʻyinlarini afsonaviy “Ozodi” arenasida oʻtkazadigan “Persepolis” OCHLda koʻp muxlis toʻplash boʻyicha mutlaq rekordchi hisoblanadi.

OCHL tarixida eng koʻp muxlis yiqqan 20ta oʻyinning barchasi Eronda oʻtkazilgani hayratlanarli natija, shunday emasmi? 20ta oʻyinning 19tasi esa “Ozodi”da boʻlib oʻtgan. Bu 19 oʻyinga yo “Persepolis”, yo “Istiqlol” mezbonlik qilgan. OCHL tarixida eng koʻp muxlis yiqqan dastlabki 5ta oʻyin “Persepolis” mezbonligida oʻtgan. Ularning 4tasida stadionga 100 ming muxlis tashrif buyurgan.

Bunday oʻyinlar qatorida 2015 yil may oyida “Bunyodkor”ga qarshi oʻtkazilgan uchrashuv ham bor. Oʻshanda “qaldirgʻochlar” 1:2 hisobida yutqazishgandi. Qayd etish kerakki, “Bunyodkor” 2009 yil “Persepolis”ni “Ozodi”da 1:0 hisobida magʻlub etgandi. Rivaldoning penaltidan urgan goli toshkentliklar jamoasiga gʻalaba keltirgan oʻsha oʻyinni 95 mingdan ortiq muxlis stadionda tomosha qilgan. “Persepolis” OCHLning amaldagi finalchisi ekanini va ayni damda Eron chempionatida yetakchilik qilayotganini inobatga olsak, “Paxtakor”ga qarshi oʻyinga ham juda koʻp muxlis tushishini taxmin qilsak boʻladi.

“Persepolis” hozir eng yaxshi holatda

“Paxtakor”ning OCHL guruh bosqichidagi ilk raqibi yana bir jihatdan Osiyo Chempionlar Ligasida eng yaxshilardan hisoblanadi. “Persepolis” Osiyo Chempionlar Ligasining yarimfinalida eng koʻp oʻynagan 4 jamoadan biridir. “Persepolis” 6 marta yarim finalga chiqqan va bu borada Janubiy Koreyaning “Seongnam” (“Paxtakor”ni 2004 yil OCHL yarim finalida qoldirib ketgan “Seongnam”) klubi bilan bir xil koʻrsatkichga ega. Faqat hamshahari “Istiqlol” (7 marta) va Saudiyaning “Al Hilol” (9 marta) jamoalari OCHL yarim finalida “Persepolis”dan koʻproq oʻynagan.

2000-yillarda juda kuchli boʻlgan “Persepolis” keyinchalik uzoq vaqt Osiyo maydonlarida muvaffaqiyatli oʻynay olmadi. Lekin oxirgi ikki mavsumda klub Branko Ivankovich murabbiyligida Chempionlar Ligasida kamida yarim finalgacha yetib bormoqda. Oʻtgan mavsum “Persepolis” ikki oʻyindan iborat finalda Yaponiyaning “Kashima Antlers” klubiga imkoniyatni boy berdi. 2017 yil esa yarimfinalda “Al Hilol”ga yengilgandi. Oxirgi ikki mavsumda Eron chempioni boʻlayotgan va OCHLda kamida yarimfinalga chiqayotgan “Persepolis” hozir juda yaxshi holatda desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

“Persepolis” oʻynaganda...

“Persepolis” hamda “Istiqlol” oʻrtasidagi Tehron derbisining taʼrifini eshitgansiz. Bu shunchalik katta oʻyinki, hatto FIFA saytida bu derbi oldidan prevyu beriladi. Shu kuni Tehron chinakamiga ikkiga boʻlinadi: koʻklar va qizillarga. Biroq “Persepolis” oʻynaganda shahar qizilga burkanadi. Mushfiq Kozimiyning mashhur “Koʻrqinchli Tehron” romanini bizda ham koʻpchilik oʻqigan. Tehron haqida eng mashhur asar hisoblangan bu roman chiqqach, Tehron bilan birga qoʻrqinchli soʻzini ishlatish qaysidir maʼnoda urf boʻldi.

Tehron aslida koʻpchilik oʻylagani kabi qoʻrqinchli emas, lekin xiyobonlari koʻp bu ajoyib shahar “Persepolis” oʻynaganda raqib jamoalar uchun yaxshi maʼnoda qoʻrqinchliga aylanishi bor gap. Futbolda qoʻrqinchli soʻzini masalan “Enfild” yoki “San Mames” kabi shovqinli stadionlarga nisbatan ham ishlatish mumkin. Bunday muhitda oʻynash bir tomondan murakkabdir, lekin boshqa tomondan shovqinli stadionda oʻynashning zavqi ham boshqacha.

Qanday futbolchilar bor?

“Persepolis” tarkibi u qadar yulduzi emas. Taqqoslash uchun “Paxtakor” ayni damda Oʻzbekistonning koʻplab yaxshi futbolchilarini oʻzida jamlagan. “Persepolis”da yulduzlar koʻp boʻlmasa-da, yaxshi darajadagi futbolchilar oʻynashadi. Bu klub bejizga boʻlajak yulduzlar uchun Yevropaga yoʻl ochmagan axir. Eron terma jamoasining oxirgi yillardagi asosiy posboni Alirizo Beyronvand aynan “Persepolis”da oʻynaydi. Jamoa sardori Said Jalol Husayni ham koʻpchilikka yaxshi tanish. Bu markaziy himoyachini Karlush Keyrush JCH-2018 va Osiyo Kubogi-2019 bahslariga olib ketmagandi. Eron JCH-2018 saralashida Oʻzbekiston terma jamoasini Toshkentda 1:0 hisobida magʻlub etgan va oʻsha oʻyindagi yagona golni aynan Said Jalod Husayni urgandi.

Mehdi Turobi ham mashhur futbolchi. Ektor Kuper kelganidan soʻng terma jamoa ilk jiddiy oʻyinida aynan Eron bilan oʻynagandi. 11 sentyabr kuni Toshkentda oʻtkazilgan oʻrtoqlik oʻyinida Eron 1:0 hisobida gʻalaba qozongan va yagona golga aynan Mehdi Turobi mualliflik qilgan. U asta-sekin Eron terma jamoasida Ozmun, Jahonbahsh, Ansarifard kabi hujumchilarga raqobatchiga aylanmoqda. Yana bir hujmchi Ali Alipur ham Eronda oʻz nomiga ega futbolchi. Xullas, “Persepolis”ga qarshi oʻyin “Paxtakor” uchun oson oʻtmaydi. Oʻz navbatida “Paxtakor”ning hozirgi tarkibiga nazar solsak, “Persepolis” ham bu oʻyinda yaxshigina ter toʻkishiga toʻgʻri keladi...

OCHL-2019.
“D” guruhi. 1-tur
“Persepolis” - “Paxtakor”

Tehron. “Ozodi” stadioni, 20:00.
Bosh hakam: Xettikamkanamge Perera (Shri-Lanka).

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tehronni “qoʻrqinchli qiladigan” “Paxtakor”ning OCHLdagi ilk raqibi haqida