16:47 / 07.03.2019
3 740

Avstraliyalik Oʻzbekiston muxlisi: “Osiyo Kubogida Avstraliyaga qarshi oʻyinda Oʻzbekistonga muxlislik qildim!”

Avstraliyalik Oʻzbekiston muxlisi: “Osiyo Kubogida Avstraliyaga qarshi oʻyinda Oʻzbekistonga muxlislik qildim!”
Mamlakatimizdagi har bir futbol ishqibozi milliy terma jamoamizga muxlislik qiladi. Uning yutuqlaridan quvonib, magʻlubiyatlaridan xafa boʻladi.

Bu tabiiy hol. Butun dunyoda shunday. Lekin olis Avstraliya mamlakatida yashab, Oʻzbekiston milliy terma jamoasini qoʻllab-quvvatlaydigan futbol muxlisi borligini bilasizmi?

Nik Sidneyda istiqomat qiladi. Lekin Oʻzbekistonning ashaddiy muxlisi. Terma jamoamizning har bir oʻyinini qoldirmay koʻrib borishga harakat qiladi. U Oʻzbekiston terma jamoasi haqida gapirganda “biz” deb gapiradi. Eng qizigʻi, yaqinda BAAda boʻlib oʻtgan Osiyo Kubogi nimchorak finalida Avstraliya terma jamoasi Oʻzbekistonga qarshi maydonga tushganda, Nik Oʻzbekistonga muxlislik qildi...

OʻFA Matbuot xizmati avstraliyalik Oʻzbekiston terma jamoasi muxlisi bilan intervyu tashkil qildi. Quyida eʼtiboringizga ana shu intervyuni havola qilamiz:

-Qachondan beri Oʻzbekistonga muxlislik qilasiz?
-Men 2015 yil Avstraliyada boʻlib oʻtgan Osiyo Kubogi paytida Oʻzbekistonning muxlisiga aylanib qolganman. Oʻshanda Osiyo Kubogidan oʻrin olgan uchrashuvlarga chipta izlayotganimda Shimoliy Koreya – Oʻzbekiston oʻyiniga duch kelib qoldim. Shu zahoti koʻz oldimga ulugʻvor Ipak Yoʻli shaharlari, boy tarixiy madaniyatga ega yurt, yorqin ranglar, ajoyib urf-odatlar keldi. Shu zahoti Shimoliy Koreya – Oʻzbekiston uchrashuviga chipta xarid qildim. Keyin oʻyin davomida oʻzbekistonlik muxlislar bilan birga stadionda turib muxlislik qildim. Birgalikda qoʻshiq kuyladim, raqsga tushdim va futbolchilarni olqishlab turdim!

-Oʻzbekiston terma jamoasining barcha oʻyinlarini tomosha qilasizmi?
-Iloji boricha barcha oʻyinlarni internet orqali tomosha qilib borishga harakat qilaman. Ammo ikki mamlakat oʻrtasidagi vaqt farqi turlicha boʻlgani bois, Oʻzbekiston terma jamoasining Avstraliyada erta tongga toʻgʻri keladigan oʻyinlarini koʻra olmayman. Ishga borish kerak boʻlgani uchun.

- BAAda oʻtgan Osiyo Kubogida Oʻzbekiston terma jamoasi Avstraliyaga qarshi bahs olib bordi. Qaysi terma jamoaga koʻproq muxlislik qildingiz?
-Albatta, Oʻzbekistonga! Bu hol baʼzilar uchun gʻalati tuyulishi mumkin. Ammo men 2015 yildan beri Oʻzbekistonning muxlisiga aylanganman. Oʻshanda Oʻzbekistondan tashrif buyurgan muxlislar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv menda juda katta taassurot qoldirgan. Ularning stadionda quvonchga toʻlib-toshib, hissiyotlarga berilib hayqirishlari, oʻz terma jamoalaridan faxrlanishlari, terma jamoa gʻalaba qozonganda gʻururlanishlari, Oʻzbekiston bayrogʻini hilpiratishlari, barabanning dilga hayajon soladigan ovozlari... Men Yevropa va Avstraliyaning koʻpgina stadionlarida boʻlganman. Ammo ilgari hech qachon bunday ajoyib hissiyotlarni tuymagandim, bunday muhitda futbol tomosha qilmagandim. Oʻzbekistonlik muxlislarning mehmondoʻstligi, ochiqkoʻngilliligi, birdamligi – men hayotimda koʻrgan eng ajoyib jihatlar!

- Avstraliyada Siz bilan birga Oʻzbekiston terma jamoasiga ishqibozlik qiladigan boshqa muxlislar ham bormi?
-Men 2015 yilgi Osiyo Kubogidan oʻrin olgan Shimoliy Koreyaga qarshi oʻyindan uch kun avval ijtimoiy tarmoqlarda “Avstraliyalik Oʻzbekiston muxlislari” (Aussie Uzbekistan Supporters) akkauntlarini ochgandim. Maqsad Oʻzbekistonga muxlislik qiladiganlarni topib, ulardan oʻzbekcha hayqiriqlar, stadionda kuylab oʻtirish uchun oʻzbekcha qoʻshiqlarni oʻrganib olmoqchi edim. Ammo urinishim samara bermadi. Shunday boʻlsa-da, shu 3 kun ichida Tvitterdagi @AussieUzbek akkauntiga 100 dan ortiq odam obuna boʻldi. Ular ichida biz haqimizda koʻproq maʼlumot olishni istagan avstraliyaliklar, oʻzbekistonlik muxlislar, jurnalistlar va jamoat vakilari bor edi. Hozirda bu guruhimizda qancha aʼzo borligini bilmayman. Men hech qachon sanamaganman. Avstraliyadagi, umuman, butun dunyodagi Oʻzbekiston terma jamoasi muxlislari bizning guruhimizga qoʻshilishsa, xursand boʻlardim.

Sidneyda “Bornmut” klubi muxlislar guruhi bor. Mazkur guruh aʼzolari ham Oʻzbekiston terma jamoasi oʻyinlari vaqtida bizga qoʻshilib, terma jamoamizni qoʻllab quvvatlashadi. Masalan, doʻstim Robert va uning ikki oʻgʻli Oʻzbekistonni juda yaxshi koʻrishadi. Ular bilan birgalikda oʻtgan yili Xitoyda oʻtgan Osiyo chempionatida Oʻzbekiston U-23 terma jamoasini qoʻllab-quvvatlab turganmiz. Melburnda Sidneyga qaraganda oʻzbeklar koʻproq. Shuningdek, Brisbenda ham oʻzbeklar topiladi. Yaqin orada ular bilan uchrashib, tanishib olish niyatim bor.

-Oʻzbekiston milliy terma jamoasi endilikda 2022 yilda Qatarda boʻlib oʻtadigan Jahon chempionati saralash oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrmoqda. Terma jamoamizning Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
-Men Qatardagi Jahon chempionatida ishtirok etishimizga ishonaman! Biz bu yoʻlda asosan Xitoydagi U-23 Osiyo chempionati gʻoliblariga suyanishimiz kerak. Shuningdek, avvalgi Jahon chempionati saralashlarida bizga toʻsqinlik qilgan xato va kamchiliklarni yaxshilab tahlil qilib chiqish zarur. Soʻnggi Jahon chempionati saralashida Janubiy Koreya bilan oʻyinda 0:0 hisobidagi durang juda alamli boʻlgandi. Agar shu oʻyinda gʻalaba qozonsak, Rossiyaga yoʻl olgan boʻlardik. Afsuski, buning uddasida chiqa olmadik. Endi JCH saralashlariga jiddiy tayyorgarlik koʻrish zarur. Milliy chempionatni kuchayishi ham juda muhim. Superligadagi klublarda raqobat oshsa, milliy terma jamoa uchun yaxshi futbolchilar yetishib chiqadi, deb oʻylayman.

Soʻzim oxirida Avstraliyada yashayotgan barcha oʻzbekistonlik muxlislardan men bilan aloqaga chiqishlarini soʻrab qolgan boʻlardim. Birgalikda barbekyu tayyorlab, oʻzbek futboli haqida suhbatlashamiz! Elektron manzilim: [email protected]

Shuningdek, bizni Tvitterda ham kuzatib boring: @AussieUzbek
Olgʻa Oʻzbekiston!

Manba: ufa.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Avstraliyalik Oʻzbekiston muxlisi: “Osiyo Kubogida Avstraliyaga qarshi oʻyinda Oʻzbekistonga muxlislik qildim!”