17:27 / 07.03.2019
3 751

Sulsher va uning buyuk gʻalabasi haqida

Sulsher va uning buyuk gʻalabasi haqida
Har xil gʻalabalar boʻladi. Toʻgʻri taktika asosida qoʻlga kiritilgan natija... Yoki qaysidir futbolchining individual mahorati taqdim qiladi baʼzida golni. Baʼzi paytlarda shijoat, iroda yordamida ham gʻalaba qozonish mumkin. Ha, har qanday muvaffaqiyatda bu omillardan qandaydir ulush bor, ammo masalan, “Manchester Yunayted”ning kechagi qahramonligi avvalo nimaning hisobiga yuzaga kelgani haqida oʻylay boshlasam, bir soʻz xayolga keladi – RЕJA!

“Old Trafford”dagi juda yomon natija va tarkibdagi juda koʻp muammolar tufayli, Sulsher bemalol YECHL jamoa uchun yakunlanganini aytishi va asosiy eʼtibor APLga qaratilishini aytishi mumkin edi. Uni hech kim ayblamasdi ham. Ammo murabbiy unday qilmadi, rostan ham, imkon borligida oxirigacha kurashmay turib, yanagi yilgi YECHL yoʻllanmasi uchun kurashishdan ne mantiq? Beixtiyor ser Aleks Fergyusonning 20 yil oldin “Bavariya”ga qarshi final tanaffusida shogirdlariga aytgan gaplari esga tushadi:

“Siz hozir kubokdan ellik metr uzoqda turibsiz xolos. Unga teginish, ushlab koʻrish uchun bugun bor imkoniyatni ishga solmay turib, ertaga yana bu sovrin uchun qaytish haqida oʻylamang!”.

Xullas, Ole Parijdagi javob oʻyini haqida fikrlar boshlanishi hamono oxirigacha kurashish, hisobni oʻzgartirishga urinish haqida ayta boshladi. “Choʻqqilar ularni zabt etish uchun bor” – Sulsherning bu soʻzlari shunchaki, balandparvoz ibora emas, rejaning bir qismi ekani oʻz isbotini topdi.

Toʻgʻri, kecha oʻsha yarimta penalti belgilanmasligi, Parij ertaroq oʻyin taqdirini hal qilishi, umuman ushbu Chempionlar Ligasidagi “MYU” hammaning yodidan chiqib ketishi mumkin edi. Hammasini qandaydir soniyalar, vaziyatlar hal qilib yuborgan oʻyinda reja haqida aytish biroz erish tuyular balki, ammo murabbiyning oʻyindan oldingi soʻzlariga eʼtibor bering:

“Hali hammasi tugagani yoʻq. Biz oʻyinning oxirgi qismida ham oʻyinda boʻlishimiz kerak. Agar bunga erishsak, soʻnggi daqiqalarda bosim qila olamiz. U yerda esa, har qanday voqea sodir boʻlishi mumkin”.

APL jamoalari buni yaxshi tushunishadi. Eʼtibor bersangiz, liga oʻyinlarida raqib har qancha kuchli boʻlmasin, jamoalar soʻnggi daqiqalargacha “oʻyinda boʻlish”ga harakat qiladilar, yaʼni bir toʻp farqidan oshib ketmasa boʻldi. Baribir soʻnggi daqiqalarda bosim uyushtirish, soʻnggi hujumlar yomgʻirini amalga oshirish imkoniyati boʻladi. Uyogʻi birgina standart, birgina zarba, birgina VAR hammasini oʻzgartirib yuborishi hech gap emas.

Sulsher ham shuni nazarda tutgandi. Kecha hisob 1:2 boʻlganida Xayrulla Hamidov qoʻngʻiroq qilib, “koʻnglim sezib turibdi, «MYU” keyingi bosqichga chiqadi» deganida ham, “ishqilib, oxirgi oʻn daqiqagacha shu hisob saqlanib tursin-da” deb javob bergandim. “Yunayted”da gʻalaba uchun yagona ehtimol shu ekanini murabbiy ham bilardi albatta. Sulsher Parijga xuddi shu reja bilan keldi va epladi.

“Old Trafford”dagi oʻyinda aynan oʻyin uchun reja qurish Sulsherda asosiy muammo keltirib chiqarganini eslasangiz kerak. “Neymar va Kavani sogʻ boʻlganlarida menga osonroq boʻlardi, chunki oʻshanda raqibning imkoniyatlarini chamalab, ularga qarshi reja qurish mumkin boʻlardi. Hozir ulardan nima kutishni bilmayapman va bu qiyinroq”, – degandi oʻshanda norvegiyalik murabbiy.

Rostan ham, Tuxel Markinosni markazga, Alveshni deyarli hujum chizigʻiga oʻtkazib, oʻziga xos syurpriz tayyorlagan, mezbonlar “PSJ”ning haqiqiy kuchini qanday oʻlchashni bilmay qolishgandi. Kecha esa, aksincha boʻldi. “PSJ”ning qanday va kimlar bilan oʻynashi mumkinligini Sulsher bilardi, bu borada endi Tuxelga qiyinroq boʻlib qolgandi.

Aslida gol mehmonlarga kerak boʻlgan paytda ham asosiy eʼtiborni himoyaga eʼtibor qaratish – reja. Soʻnggi pallada esa, Perreyra oʻrniga Chong, Yang oʻrniga Grinvud (Chong, Grinvud, nimalar deyapman, kim oʻzi ular?) tushirilishi aynan oʻsha soʻnggi bosim uchun tashlangan qadam edi. Menimcha, agar “Yunayted” golni ertaroq urganida, imkoniyat kamroq boʻlardi, chunki Parij bor kuchi bilan, yanada shiddatli hujumga oʻtar va gol urib ruhiy ustunlikka erishardi. Kecha esa, goʻyoki tabloda “PSJ” qoniqtiradigan hisob, ammo birgina gol “Yunayted”ni gʻolibga aylantiradi – bu bosimda oʻynash mezbonlarga oson boʻlmadi. “Yunayted” oʻziniki boʻlmagan oʻljani poylar, “PSJ” esa, qoʻlida turgan yutuqni yoʻqotishdan qoʻrqardi. Bunday holatda “PSJ”ga qiyinroq boʻlgani tayin.

Umuman, “PSJ” futbolchilarning individual xatolaridan tashqari, biror narsani notoʻgʻri qildi, deb oʻylamayman. Oʻyinga boʻlgan munosabat, tanlangan taktika boʻyicha hech qanday eʼtiroz boʻlishi mumkin emas. Shuning uchun, “Kamp Nou”dagi 1:6 hisobini eslash oʻrinsiz, oʻshanda “PSJ” aynan oʻyinga boʻlgan munosabati tufayli magʻlub boʻlganini hamma eʼtirof etgandi. Kecha unday boʻlmadi, “PSJ” oʻyinga yetarlicha jiddiy yondashdi. Hisobdagi oʻzgarishlarga ham toʻgʻri reaksiya berdi, imkon qadar ikki toʻp farqini ushlash, yaʼni oʻsha oʻyin oxirlarida “MYU”ni oʻyinda qoldirmaslikka urindi. Ammo bu futbol va raqib ham oʻz vazifasini maydonda yaxshi uddalaganini aytish kerak.

Sulsherga esa, faqat qoyil qolish mumkin. Uning Fergyusondan keyin Manchesterda ishlagan boshqa murabbiylardan asosiy farqi shundaki, Sulsher atrofdagilarni oʻziga emas, gʻoyalarga ishontirishga harakat qilmoqda. Bir inson emas, bir gʻoya atrofida birlashish esa, doim samaraliroqdir. Oʻyindan keyin murabbiy oʻzining oʻxshab qolgan rejasi yoki taktikalari haqida maqtanmadi. Javob qisqa boʻldi:

“This is what we do. We are Manchester United”
“Biz «Manchester Yunayted”miz. Bizning ishimiz shu».
Qahramon Aslanov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sulsher va uning buyuk gʻalabasi haqida