07:02 / 09.03.2019
4 309

“Bunyodkor” futbolchilari klub prezidenti bilan uchrashdi (foto)

“Bunyodkor” futbolchilari klub prezidenti bilan uchrashdi (foto)
Kecha “Bunyodkor” akademiyasi majlislar zalida klub prezidenti Ashurov Ulugʻbek Murodilloyevich futbolchilar va murabbiylar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda “Bunyodkor”ning yangi mavsumga tayyorgarlik doirasida oʻtkazilgan yigʻinlar, mavsum oldida klub oldga qoʻyilayotgan vazifalar, rejalar haqida soʻz yuritildi.

-Oʻtgan mavsumda “Bunyodkor” klub jiddiy sinovlarni boshidan oʻtkazdi. Joriy tarkibni moliyaviy taʼminlash bilan birga eski yillardan yopilmay qolib ketgan qarzdorliklar masalasini ham hal qilishimizga toʻgʻri keldi. Umid qilamanki, barcha qiyinchiliklar ortda qoldi hamda endi “Bunyodkor”da bu masalada muammolar boʻlmaydi. Biz imkoniyat darajasida klubdan oʻz yordamimizni ayaymaymiz. Sizning vazifangiz – futbol oʻynash. Siz chiroyli futbol oʻynab yuqori marralarni zabt eting, moliyaviy masalalarni biz hal qilamiz. Imkon boʻlsa “Oʻzbekneftgaz”dan tashqari ham homiylar jalb qilamiz. Klub siyosati oʻzgarmaydi: yoshlarni tarbiyalash, turli yoshdagi terma jamoalarga futbolchi yetkazib berish, yosh futbolchilarga imkoniyat berishda davom etamiz. “Bunyodkor” asosiy jamoasi, U-18, U-21, ayollar futzal jamoasi, klub akademiyasi eʼtiborimiz markazida boʻladi. Sizlarning rohatlanib futbol oʻynashingiz uchun barcha sharoitlar aratib beriladi. Agar takliflar, sizlarni qiynayotgan muammo yoki savollar boʻlsa marhamat bildirishingiz mumkin.

Klub prezidentining ushbu fikrlaridan soʻng jamoa sardori Murod Zuhurov soʻz olib, oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

-Yuqorida aytilganidek, oʻtgan mavsumda klub atrofida turli gap-soʻzlar boʻlgach, biz ham xavotirda edik. Shukrki barcha masalalar hal etildi va biz yangi mavsumda Superligada ishtirok etishimiz aniq boʻldi. Klub direktori bilan uchrashganimizda ham bu mavsumda moliyaviy muammolar boʻlmasligi haqida alohida aytib oʻtildi. Biz futbolchilarga shunday sharoit yaratib berilayotgani, bizni qoʻllab-quvvatlayotgani uchun klub homiylariga, klub rahbariyatiga jamoa aʼzolari nomidan oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Nasib etsa yangi mavsumda yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritib, ishonchni oqlaymiz.

Shuningdek, klub bosh murabbiyi Vadim Abramov ham oʻz fikrlarini aytib oʻtdi.

-Jamoaga yangi tanlanganimda klubning maqsadi yosh futbolchilarga eʼtibor qaratish va ularga koʻproq imkoniyat yaratib berish lozimligi aytilgan edi. Oʻtgan davr mobaynida bir qator oʻrtoqlik oʻyinlari oʻtkazdik hamda eʼtiborimizni klub tarbiyalanuvchilariga qaratdik. Bugungi tarkibga eʼtibor bersangiz, koʻpchiligi “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchilari, ayrimlari oʻtgan mavsumda oʻrinbosarlar tarkibida oʻynagan va hali katta futboldan nafas olmagan futbolchilar hisoblanadi. Murabbiylar shtabi yangi mavsumda ushbu futbolchilar bilan chiroyli oʻyin koʻrsatib, muxlislarni xursand qilishga, rahbariyat hamda homiylar ishonchini oqlashga harakat qilamiz.

Shundan soʻng klub direktori Ulugʻbek Mirzayev yangi mavsumda futbolchilar Nike sport formalaridan foydalanishini aytib oʻtdi hamda klub prezidentiga ushbu sport formalaridan namunalar koʻrsatildi.

Muloqot yakunida Ulugʻbek Murodilloyevich soʻz olib, quyidagilarni taʼkidlab oʻtdi:

-Koʻrinib turibdi, koʻpchiligingiz yoshsiz. Murabbiy taʼkidlaganidek ayrimlaringiz endi kata futbolga kirib kelyapsiz. Biz sizga oʻzingizni koʻrsatishingiz, oʻz iqtidoringizni namoyish etishingiz uchun qoʻlimizdan kelgan barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Bu mavsumda moliyaviy muammolar boʻlmaydi. Siz maydonga chiqing va rohatlanib futbol oʻynang! “Bunyodkor” har doim oʻz oldiga yuqori maqsadlarni qoʻygan jamoa. Yangi mavsumda ham shunday boʻlsin: chempion boʻlolmasangiz ham chempionlik uchun harakat qiling, yuqori oʻrinlarni egallang. Bu borada sizlarga qanday yordam kerak boʻlsa, biz tayyormiz!

Uchrashuv soʻnggida klub bosh direktori Ulugʻbek Mirzayev ham soʻz olib, futbolni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar uchun klub homiylariga alohida tashakkur izhor qildi. Oʻz navbatida futbolchilarga bildirilgan ishonchni toʻlaqonli oqlash uchun oʻz ustilarida tinmay ishlashlari lozimligini uqtirdi. Shuningdek, futbolchilardan Islom Qobilov, Anvar Gʻofurov ham soʻz olib, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirishdi. Kelgusida klub ravnaqi uchun bor mahoratini sarflab, ishonchli gʻalabalar bilan muxlislarni xursand qilishga vaʼda berishdi.

Manba: “Bunyodkor” matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Bunyodkor” futbolchilari klub prezidenti bilan uchrashdi (foto)