21:30 / 10.03.2019
5 204

OFKga rahbar boʻlishni xohlayotgan general-mayor

OFKga rahbar boʻlishni xohlayotgan general-mayor
Shu yilning aprelida OFK prezidentligiga saylovlar boʻlib oʻtadi. Bu 2019 yildagi qitʼa futbolidagi eng katta voqeliklardan biri boʻlishi kutilmoqda.

Saylov ayniqsa Eron uchun ahamiyatli, deb yozadi Eron nashrlari. “Farsnews” va “Mashregh News” kabi nashrlarda yozilishicha, nomzodlar orasidagi bir sobiq amaldor Osiyo futboliga rahbar boʻlsa, bu Eron futboli uchun yaxshi yangilik boʻlmaydi.

OFK prezidentligiga uch nafar nomzod qayd etilgan. Birinchisi, amaldagi prezident - bahraynlik shayx Salmon, ikkinchisi qatarlik Saud Al Muhannadiy, uchinchisi va hozirda juda koʻp muhokama va munozaralarga sabab boʻlayotgan nomzod - BAA vakili, general Muhammad Xalfan Al-Rumaysiydir.

General-mayor Muhammad Xalfan Al-Rumaysiy Abu Dabi politsiyasining sobiq rahbari va hozirda BAA sport boshqarmalari raisi (mamlakat sport vaziri) hisoblanadi. OFK prezidentligiga nomzod boʻlgan Al-Rumaysiy Osiyo futboliga ayirmachilik gʻoyalarini olib kelishi mumkinligi iddao qilinmoqda. Eron nashrlari agar OFK prezidenti kursisini Rumaysiy egallasa, barcha masalalarga harbiy-siyosiy, hamda noreallikka asoslangan yondashuv boshlanishidan xavfsirashmoqda.

Al Rumaysiy Abu Dabida bir necha kun avval boʻlib oʻtgan oʻzining birinchi matbuot anjumanida rang-barang vaʼdalar berdi. Birinchisi, Osiyo futboli taraqqiyoti uchun 320 million dollar investitsiya kiritish. Eron nashrlarining yozishicha, bu juda katta mablagʻ va amalga oshirilishi qiyin boʻlgan ishdir.

Rumaysiyning saylov dasturida kreativlik yoʻq va u FIFA prezidenti Janni Infantinoning dasturini shundayligicha koʻchirib olgan. Masalan, Osiyoda ayollar futbolini koʻtarish kabi bir qator vaʼdalar Infantinoning saylovoldi dasturida ham keltirilgandi.

Al-Rumaysiy OFKda ish boshlasa, Eron va butun Osiyo futboliga ayirmachilik gʻoyalari bilan tahdid solishi mumkin. Chunki, u Eron bilan bogʻliq masalalarga doim negativ qarashda boʻlgan. Masalan, Rumaysiy BAA klublari Osiyo Chempionlar Ligasi oʻyinlarini oʻtkazish uchun Eronga borishiga ham qarshi boʻlgan. Lekin OFK Rumaysiyning talablariga quloq solmasdan BAA klublariga Tehronda oʻynashga ruxsat bergan.

Mana shunday jihatlari uchun ham hozirda Eron Al-Rumaysiyning OFK rahbarligiga kelishini istamayapti. Boshqa soʻz bilan aytganda, BAA va Qatar oʻrtasidaga ziddiyatga oʻxshash mojaro futbolga qanday zarar keltirayotgan boʻlsa, Rumaysiyning kelishi ushbu mojaroga oʻxshash yangi muammolarni paydo qilishi mumkin, deb yozadi Eron nashrlari.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » OFKga rahbar boʻlishni xohlayotgan general-mayor