12:25 / 11.03.2019
4 511

Isroil Madrimov meksikalik yengilmas jahon chempioniga qarshi jang qilmoqchi

Isroil Madrimov meksikalik yengilmas jahon chempioniga qarshi jang qilmoqchi
Professional boksning super yarim oʻrta (-69,85 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Isroil Madrimov (2-0, 2 KO) yil soʻngiga qadar mazkur vazn toifasining WBO yoʻnalishi boʻyicha chempioni, meksikalik Xayme Mungiyaga (32-0, 26 KO) qarshi ringga chiqmoqchi.

«Yil soʻngiga qadar jahon chempionligi kamari uchun jang qilishni reja qilganmiz. Bu beshinchi yoki oltinchi jangimizda boʻlishi koʻzda tutilgan. Promouterlarimga mazkur vazn toifasida yengilmas boʻlib turgan Xayme Mungiya bilan jang qilish niyatidaligimni aytdim. Bu jangni iloji boricha yil soʻngiga qadar tashkillashtirish niyatidamiz.

Agar bu jang yil soʻngiga qadar amalga oshmasa, keyingi yil boshida boʻlsa ham oʻtkaziladi. Asosiysi, mana shu yil soʻngiga qadar u bilan jang qilish boʻyicha kelishib olish yoki jangni shu yildayoq oʻtkazish», deya Madrimovning soʻzlarini keltirmoqda GoSport manbasi.

Eslatib oʻtamiz, Isroil Madrimov 9 mart kuni (Toshkent vaqti bilan 10 mart) AQSHda boʻlib oʻtgan boks oqshomida venesuelalik Frenk Roxasni (24-3, 23 KO) ikkinchi raundda chuqur nokautga uchratib gʻalaba qozondi va oʻzining WBA InterContinental kamarini himoya qildi. Ayni vaqtda Madrimov WBA reytingida 9-oʻrinda bormoqda. U hozircha WBO reytingida qayd etilmagan.

Maʼlumot uchun, yengilmas Xayme Mungiya 22 yoshda boʻlishiga qaramasdan, faoliyatidagi 32 jangining barchasida gʻalaba qozongan.

2018 yilning 12 may kuni Sadam Alini magʻlub etib mazkur chempionlik kamarini qoʻlga kiritgan. Shundan soʻng yana uch marta ushbu kamarini himoya qilishga ulgurgan. 13 aprel kuni u Meksikada irlandiyalik Dennis Huganga (28-1-1, 7 KO) qarshi jangda WBO chempionlik kamarini himoya qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Isroil Madrimov meksikalik yengilmas jahon chempioniga qarshi jang qilmoqchi