15:36 / 12.03.2019
4 082

Zidan qaytdi va oʻzini nishonga qoʻydi (video)

Zidan qaytdi va oʻzini nishonga qoʻydi (video)
Santyago Solari isteʼfosidan keyin “Qirollik klubi”ni yana jamoaning sobiq bosh murabbiyi Zinedin Zidan qabul qilib oldi.

284 kun muqaddam Madrid osmonida qora bulutlar paydo boʻlib, momaqaldiroq gumburlagandi. 2018 yilning 31 mayida “Real” tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiy Zinedin Zidan isteʼfoga chiqqandi. Fransiyalik murabbiy jamoani yengilmas sifatida tark etgandi, u klub bilan ketma-ket uchinchi marta Chempionlar ligasida gʻolib boʻlishidan bir necha kun oʻtib isteʼfo berdi. Zizu klub muxlislarini yigʻlatib ketgandi, u 2,5 yillik faoliyati davomida oʻz nomini abadiyga muhrlagandi.

Oʻshanda Zidanning ketishini barcha toʻgʻri tushungandi. U ketish payti kelganini his qila olgandi - u katta muvaffaqiyatlarga erishgan jamoaning asosiy futbolchilari - Serxio Ramos, Marselo, Beyl, Modrich va Ronalduning yoshi oʻta boshlagan, qolaversa bu futbolchilar Madridda sogʻliq bilan bogʻliq muammolarga duch kelishgan, bu futbolchilar boshqa chempionatga yoʻl olish haqida ham oʻylay boshlashgandi. Bu vaziyatda jamoani yangi choʻqqilar sari ilhomlantirib boʻlmasdi, bu futbolchilar yutish mumkin boʻlgan barcha sovrinlarni yutib boʻlishgandi. Oʻsha vaziyatda klub prezidenti Florentino Peres Zidanga yangi jamoa qurish uchun sharoitlar yaratib berishga tayyor emasdi. Natijada, fransuz murabbiy ketishga qaror qildi, uning oʻzi uchun bu eng toʻgʻri qaror edi, u jamoani bir oʻzi noldan boshlab qura olmasdi. U vaqtida ketish orqali keyingi 2,5 yilda erishgan obroʻsini saqlab qoldi.

U 2016 yil yanvarida Rafael Benitesdan qolgan jamoani futbolchilar bilan yaxshi aloqalar oʻrnatish, ular bilan doʻstlar kabi chin dildan gaplashish, kimnidir tinchlantirish, kimgadir tanbeh berish orqali toʻgʻri yoʻlga sola olgandi. Uning saʼy-harakatlari bilan yulduz futbolchilar nozlanishni bas qilib, rostakamiga futbol oʻynay boshlashdi, ularning isteʼdodi chang bosib qolmadi. Zidan tarkibdagi futbolchilarning salohiyatini yaxshi his qilardi, undan faqat kerakli klavishni bosish talab etilardi.

Uning oʻrniga kelgan Xulen Lopetegi ham tarbiyalovchi murabbiy sifatida Ispaniya yoshlar terma jamoasi bilan Yevropa chempioni boʻlgandi. Ammo u “Real”ni qurishda boshqa yoʻldan yurdi va Peres bilan tushunmovchilik yuzaga keldi. “Qirollik klubi” prezidenti hali jamoani yangidan qurish nimaligini anglamasdi - bu shunchaki oʻrmonda daraxtlarni kesish emasdi, buning uchun bir necha yilgacha sovrinlarni unutish kerak edi.

Lopetegining oʻrniga kelgan Solari bilan ham shunday vaziyat yuzaga keldi. Bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi sifatida ish boshlagan argentinalik mutaxassis rasman bosh murabbiy etib tayinlangach, ishlar ortga keta boshladi. U koʻrinishidan barchasini toʻgʻri qilayotgandi, ammo bu klubda faqat natija talab qilinadi va mavsum davomida uchinchi murabbiyni almashtirishlari ham mumkin (“Real” shu vaqtgacha 2004-05 yilgi mavsumdan buyon bir yilda uch murabbiyni tayinlamagandi - 14 yil oldin Xose Antonio Kamacho, Mariano Garsiya Remon va Vanderley Lushemburgu birin-ketin jamoani boshqarishgandi. 1990-91 yilda esa bu borada klub rekordi oʻrnatilgan, oʻshanda jamoada bir mavsum davomida 4 mutaxassis ishlagan - Jon Toshak, Alfredo Di Stefano, Ramon Grosso va Radomir Antich).

Shuning uchun, Zidan endi nima qilishi tushunarsiz. U prezidentning ikkita qoʻngʻirogʻidan keyin jamoani 2022 yil yoziga qadar boshqarishga rozi boʻlgan. Bundan buyogʻi ne kechadi? Ronaldu Madridni tark etib, Turindan qoʻnim topgan - “Real” YECHLda qatorasiga uch chempionlikdagi asosiy ishni bajargan “motori”siz qolgan. Ramos, Modrich, Beyl va Marselo hamon shu yerda, ammo ular qarishda davom etmoqda. Braziliyalik himoyachi asosiy tarkibdagi oʻrnini yosh Regilonga boʻshatib bergan, Beyl esa umuman avvalgi sport formasiga qayta olmadi, Solari davrida u rotatsiyalarda foydalaniladigan futbolchiga aylanib qoldi, Isko esa futbol nimaligini unutayozdi, oʻtgan yil oktyabridan buyon Solari uni boshlangʻich tarkibda oʻynatmagan. Koʻrinishidan, Zidan oʻzi oʻtgan yil mayida qoldirib ketgan jamoani qabul qilib oldi, tarkibda faqat Ronaldu yoʻq, Zidan davridagi asosiy darvozabon Keylor Navas oʻrniga xarid qilingan va ishonchni toʻla oqlay olmagan darvozabon Tibo Kurtua bor.

Bu safar ham murabbiyning tez almashtirilishi biroz hayratlanarli. Koʻrinishidan, Peres Zidanni boshqa klub, masalan, “Yuventus” ilib ketishidan choʻchigan. Bunga asos yoʻq emasdi, turinliklar avvaliga Krishtianu Ronalduni oʻziniki qilishdi va YECHLni yutish uchun yana bir urinib koʻrishdi. Ammo jamoa turnirning nimchorak finalidagi birinchi oʻyinda “Atletiko”ga 0:2 hisobida yutqazdi, bu esa Massimiliano Allegrining kelajagini savol ostida qoldirdi. 11 mart kuni “Real” Zidanning tayinlovini eʼlon qilishidan bir necha soat oldin “Yuventus” fransiyalik mutaxassisga 3 yillik shartnoma taklif etgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Statistikaga qaraydigan boʻlsak, “Real” bungacha ham 9 marta sobiq bosh murabbiyni qayta lavozimga tayinlagan va shundan 3 murabbiy qaytishidan keyin ham jamoaga koʻplab sovrinlar keltirgan: Migel Munos (1960-74) 14ta, Luis Molovni (1977-1979, 1982, 1985-86) 6ta va Visente del Boske (1996, 1999-2003) 7ta. Shu bilan birgalikda, bu murabbiylardan faqat Molovni birinchi marta tayinlanganida (1974) bitta sovrin qoʻlga kiritgan. Xasinto Kinkoses (1945-46 va 1947-48), Leo Benxakker (1986-89 va 1992), Jon Toshak (1989-90 va 1999) kabi murabbiylarning qaytishi jamoaga sovrin keltirmagan. Baltasar Albeniz (1946-47 va 1950-51), Alfredo Di Stefano (1982-84 va 1990-91) hamda Fabio Kapello (1996-97 va 2006-07) kabi murabbiylar esa jamoaga ikkinchi qaytishida faqat bittadan sovrin yutgan. Birinchi murabbiyligida 9ta sovrin egasi boʻlgan Zidan qaytib jamoa bilan yangi sovrinlarni qoʻlga kirita oladimi?

“Real” uchun mavsum halokatli koʻrinish oldi, jamoa ichki turnirlarda “Barselona”ga toʻla magʻlub boʻldi, madridliklarni Ispaniya Kubogi yarimfinalida magʻlub etgan kataloniyaliklar Ispaniya chempionati turnir jadvalida 12 ochkolik farq bilan peshqadamlik qilmoqda. Xalqaro arenada esa “Ayaks” ikki uchrashuv natijasiga koʻra ustun kelib, madridliklarni YECHLning nimchorak finalida qoldirib ketdi. Mavsumning bu qismida yangi murabbiy tayinlashda nima maʼno bor? Transferlar darchasi ham, qulay rejimda ishlash uchun vaqt ham yoʻq. Boshqa tomondan bu qaror Zidan foydasiga xizmat qiladi - u jamoadagi barchani yaxshi biladi, moslashuv uchun ortiqcha vaqt talab etilmaydi. Yaʼni, agar Peresning harakatlaridan mantiq izlasak, u topiladi.

Aslida Zidan 2016 yilning yanvaridagi chaqiriqdan koʻra jiddiyroq chaqiriqni qabul qildi. Oʻshanda madridliklarda fantastik tarkib jamlangan, shunchaki ularga toʻgʻri yondashuv zarur edi. Hozir ham “qaymoqranglilar”ning tarkibi kuchli, ammo endi oʻshandagi kabi yulduzli emas. Bunday tarkib bilan razvedkaga chiqish mumkin, lekin Reyxstag uchiga gʻalaba tugʻin ilish oson boʻlmaydi. Buni toʻgʻri tushunish kerak.

Agar Peres buni tushunsa, muammo yoʻqdek. Zidan xotirjamlik bilan mavsumni yakunlaydi, yozda reviziya boshlaydi. Nihoyat u oʻzining qanday murabbiy ekanini, nimaning evaziga qatorasiga uch marta “quloqli kubok”ni yutib olganini koʻrsatib berishi kerak boʻladi.

Agar Peres buni tushunmasa, Zizu ham osonlik bilan prezidentning navbatdagi oʻzbilarmonligi qurboniga aylanishi mumkin. Chunki hozir “Real”ni kim boshqarishi muhim emas, hozirgi jamoa sovrinlar uchun kurasha oladigan holatdamas va bir yil ichida muvaffaqiyat kutish toʻgʻrimas. “Real”da esa hamisha muvaffaqiyat sovrinlar bilan oʻlchanadi.

Zidan 284 kun oldin oʻzidan keyin keladigan murabbiyni tanqidlar uchun nishonga aylantirib ketgandi, endi u oʻsha joyga qaytdi va oʻzi miltiq qarshisiga turdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Zidan qaytdi va oʻzini nishonga qoʻydi (video)