15:45 / 14.03.2019
2 602

Messining dubli va paslari “Lion”ni yakson etdi (video)

Messining dubli va paslari “Lion”ni yakson etdi (video)
“Barselona” “Kamp Nou”da “Lion”ni 5:1 hisobida taslim etib, ikki uchrashuv natijasiga koʻra (birinchi oʻyinda 0:0), chorak finalga chiqdi.

“Barselona” (Ispaniya) - “Lion” (Fransiya) - 5:1 (2:0)
Gollar:
Messi, 18 - penalti (1:0). Koutinyu, 31 (2:0). Tuzar, 58 (2:1). Messi, 78 (3:1). Pike, 81 (4:1). U.Dembele, 86 (5:1).
“Barselona”: ter Shtegen, Pike, Jordi Alba, Serji Roberto (Semedu, 83), Langle, Rakitich, Buskets, Koutinyu (U.Dembele, 70), Artur (Vidal, 74), Messi, Suares.
“Lion”: Antoni Lopesh (Gorjelen, 34), Marselu, Denayer, Dyubua, Marsal, Mendi (Korne, 77), Depay (Traore, 73), Fekir, Tuzar, Ndombele, Mus.Dembele.
Ogohlantirishlar: Marsal, 33. Mus.Dembele, 45+4. Langle, 49.
Hakam: Marchinyak (Polsha).
13 mart. Barselona. “Nou Kamp” stadioni.
Birinchi oʻyin - 0:0.

Ispanlar gegemonligi tugashi
Keyingi 5 mavsumda “quloqli kubok” Ispaniya vakillariga nasib qilgandi (4tasi “Real”ga va bittasi “Barselona”ga), oxirgi 5 finaldan ikkitasi “Atletiko”ning saʼy-harakatlari evaziga ispancha finallar boʻlgan. Bu mavsumda esa finalda ispan jamoasi boʻlishi ehtimoli keskin kamaydi, “Real” va “Atletiko” turnirni nimchorak finaldayoq tark etdi. La Liganing uchinchi vakili “Barselona” ham chorak finalga oʻtishi savol ostida qolgandi, “Lion” oʻz maydonidagi birinchi oʻyinda 0:0 hisobiga erishdi va endi safar oʻyinidagi bir gol ikkitaga yurishi aniq edi.

Leodan panenka
Fransiyadagi birinchi oʻyinda “Barsa” vakillari juda koʻp imkoniyatlarni koʻkka sovurishgandi, javob oʻyini ham shunday boshlandi. Maydon egalari oʻyinning dastlabki 15 daqiqasini besamar zarbalar berish bilan oʻtkazishdi, keyin esa Messi va Suares mehmonlarning chap qanotidan chiroyli hujum uyushtirishdi, Jeyson Denayer urugvaylik hujumchini jarima maydoni ichida yiqitishdi, arbitr esa “nuqta”ni koʻrsatdi.

Bu vaziyat videosida koʻrish mumkinki, fransuzlar jamoasi himoyachisi toʻpga oʻynagan, Suares esa avval uning oyogʻini bosib, keyin namoyishkorona yiqilgan. Oʻyin hakami Shimon Marchinyak bu vaziyatda videohakamga murojaat qilmadi, videohakam ham unga videotakrorni koʻrsatib, vaziyatga oydinlik kiritishga jazm qilmadi. Keyinroq, fransuz nashrlarida yozilishicha, bu vaqtda texnik nosozlik yuzaga kelgani tufayli VARʻdan foydalanib boʻlmagan.

Leo bu mavsumda urfga kirganidek zarbani panenka uslubida darvozaga yoʻlladi va Lopeshni dogʻda qoldirdi - keyingi vaqtlarda Ramos, Suares va Aguero kabi futbolchilar ijrosida toʻp darvozaga parashyut boʻlib tushganini koʻp koʻrdik.

Endi oʻyinda qoʻshimcha boʻlimlar boʻlmasligi aniq edi.

Darvozabonning almashtirilishi
Buning ustiga fransuzlarga yana bir yoqimsizlik qoʻshildi. Koutino darvozaga xavf solgan vaqtda mehmonlar darvozaboni uni qarshi oldi va toʻp juda yaqin masofadan uning yuziga tegdi. Shundan keyin shifokorlar maydonda 5 daqiqa davomida darvozabonga yordam koʻrsatishdi, zaxira darvozabon oʻyinga tushishga tayyorlandi, Lopesh esa Kepa kabi demarsh qilib, maydonni tark etishdan bosh tortdi. Ammo 10 daqiqa oʻtgach, u oʻyinni davom ettira olmasligi maʼlum boʻldi va koʻzda yosh bilan maydonni tark etdi, uning oʻrnini Matyo Gorjelen egalladi.

Koutinoning goli
“Barselona” darhol hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi - Suares Arturning pasini qabul qilib olib, ajoyib fint ishlatdi va raqib himoyachilarini ortda qoldirib, boʻsh darvoza qarshisida qolgan Koutinoga toʻpni yetkazib berdi.

Tuzarning javobi
Keyingi yarim soat davomida “qon isini sezgan” “Barsa” futbolchilari yana bir necha gol urishi mumkin edi, ammo Messi, Suares va kampaniya mehmonlarni bir necha vaziyatda “kechirdi”. Ikkinchi boʻlim boshida katalonlar boʻshashdi va futbolchilar oliftalik qilishga oʻtishdi - ular namoyishkorona toʻpni bir-birlariga tovonlari bilan uzata boshlashgandi, lionliklar buning uchun ularni jazoladi. Maydon egalari jarima maydoniga qanotdan toʻp uzatilgan vaqtda tartibsizlik yuzaga keldi va toʻpga ega chiqqan Luka Tuzar hisobni qisqartiruvchi golni urdi.

Chap qanotga bosim
Koʻk-anorranglilar yana gol urishi zaruriyatga aylandi, aks holda jamoani asabiy yakun kutardi. Valverde maydonga hujumni kuchaytirish uchun Dembeleni, maydon markazini mustahkamlash uchun Vidalni tashladi, “Barsa” esa hujumlar yoʻnalishi uchun chap qanotni tanladi.

Messining “portlashi”
“Lion”ning Lionelga qarshi kurashi qanday yakunlanishi kerak boʻlgan boʻlsa, shunday yakunlandi. Uchinchi gol maydon markazidan uyushtirilgan hujum evaziga boʻldi - Busketsdan toʻpni qabul qilib olgan Leo oldinga yurdi va jarima maydoniga yaqinlashib, raqibning ikki futbolchisini uyoqdan-buyoqqa aldadi va keyin kuchli zarba berdi, toʻp Gorjelenning qoʻllaridan oʻtib, darvoza toʻri sari yumaladi. Hujumlar toʻlqini davom ettirildi va mehmonlar uzil-kesil taslim etildi, keyingi ikki golda argentinalik hujumchi assistent vazifasini bajardi - Pike va Dembele ham oʻz nomlarini tabloga yozdirishdi. Shu tariqa, Messi oʻyindagi toʻrt golni yuzaga keltirib, bir kun oldin “Yuventus”ni yelkasida chorak finalga olib oʻtgan Krishtianu Ronalduga oʻzi xos tarzda javob qaytardi.

“Barselona” rekord oʻrnatdi - kataloniyaliklarning YECHLda uy uchrashuvlaridagi magʻlubiyatsiz seriyasi 30 oʻyinga yetdi. Endi YECHL chorak finalida Ispaniyadan bitta jamoa qatnashadi, bu jamoa “quloqli kubok” qatorasiga oltinchi marta Ispaniyaga kelishi uchun urinib koʻradi.

Chempionlar ligasiga yana bir juftlik toʻqnashuvi kerak - “Barselona” – “Yuventus”!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Messining dubli va paslari “Lion”ni yakson etdi (video)