16:19 / 14.03.2019
2 928

Ektor Kuper: “Terma jamoa aʼzolarining jismoniy holati boʻyicha shikoyatim yoʻq”

Ektor Kuper: “Terma jamoa aʼzolarining jismoniy holati boʻyicha shikoyatim yoʻq”
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi mart oyidagi FIFA kunlarida Xitoyda tashkil etiladigan “China Cup” turnirida qatnashadi. Bugun musobaqa oldidan bosh murabbiy Ektor Kuper ishtirokidagi matbuot anjumani boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda Tribuna.uz.

“Tayyorgarlik uchun vaqtimiz kam boʻladi. Ixtiyorimizda 8 kungina vaqt bor. Turnirdan asosiy maqsad – oʻyinimizni kuchaytirish. Hozirgacha erishgan natijalarimizni mustahkamlab, xatolar ustida ishlaymiz. Lekin biz baribir har bir oʻyinda gʻalaba uchun maydonga tushamiz. OTJdan ham baʼzi futbolchilarni chaqirishni niyat qilgandik, lekin ular shu oy Osiyo chempionatida qatnashishadi”, – deya dastlabki fikrlarini bildirdi argentinalik mutaxassis.

– Oʻtgan davrdan qanday xulosalar chiqardingiz va terma jamoaga qanday oʻzgarishlar kiritmoqchisiz?
– Ham ijobiy, ham salbiy xulosalar haqida gapirish mumkin. Terma jamoa oʻyinida meni xursand qilgan jihatlar ham, salbiy tomonlar ham bor. Turnir oldidan katta oʻzgarishlar qilishga bizda vaqt yoʻq. Faqat baʼzi kichik detallarni oʻzgartirish orqali jamoa oʻyinini yaxshilashga harakat qilamiz. Turnirga tayyorgarlik uchun deyarli vaqt qolmaydi, qisqa vaqt ichida moʻjiza kutish yaramaydi. Faqat biz qilmoqchi boʻlgan kichik oʻzgarishlar gʻalabamizni taʼminlashi mumkin.

Bilasizlar, murabbiylar vaqt yetishmovchiligi haqida juda koʻp gapirishadi. Chunki bu haqiqatda muhim ahamiyatga ega, biz mashgʻulotlarda ishlab koʻrishimiz kerak. Masalan, Turkiyadagi yigʻin davomida bizda yetarlicha vaqt boʻldi va shuning uchun ham jamoa oʻyinida yaxshilanish boʻldi. Qisqa vaqtda bunga erishish qiyin masala.

– Barcha terma jamoalar murabbiyida ana shunday vaqt kam – ularda ham sharoit shunday-ku. JCH saralash oʻyinlarida vaqt doim kam boʻladi?
– Ay-ay-ay (xitob qiladi). Menga shartnoma taklif qilishganida, mening shartnomamda nima deb yozilgan, bilasizmi, biz – Jahon chempionatiga chiqishimiz kerak, deyilgan. Menga, masalan, tarkib haqida gapirishmagan. Osiyo Kubogida 1/8 finalda yutqazdik, haqsiz, mening aybim, toʻgʻri, yuta olmadik. Lekin bizning hozirgi maqsadimiz – Jahon chempionatiga chiqish. Albatta, OTJ – bunda asosiy moʻljalimiz boʻladi. Ularning murabbiyi ham ispanchada gaplasha oladi. Barcha energiyamiz JCHga chiqishga qaratilgan. Tarkibni yoshartirish muhim, lekin OTJ bizning oʻzagimiz boʻladi. Hozir kelajak haqida gapirishni istamayman. Biz uchun kelajak – Xitoydagi turnir. Oʻsha Xitoydagi oʻyinlarimiz JCH saralashiga asos boʻlishi kerak. Agar kelajak haqida oʻylashni boshlasak, diqqatimiz boʻlinadi. Hozir butun eʼtiborimiz shu turnirga qaratilgan. Kelajakni koʻrayotganim yoʻq. Balki Xitoydagi turnirda yutqazarmiz, keyin meni ishdan boʻshatib yuborishar. Puxta reja tuzib olishimiz shart.

Osiyo Kubogidan oʻzim ham koʻproq narsa kutgandim. Lekin oʻylaganimiz amalga oshmadi. Men aybdorman. Oʻyinlarda faqat gʻalaba uchun maydonga tushaman. Asosiy maqsad – Jahon chempionatiga chiqish.

– Osiyo Kubogida Yaponiya, Avstraliya kabi grandlarning kuchini koʻrdingiz. Saralashda ularni qanday magʻlub eta olishimiz mumkin?
– Ha, men bu jamoalarni yuta olamiz, deb oʻylayman. Jamoalarning haqiqiy kuchi rasmiy oʻyinlarda koʻrinadi, toʻgʻri. Avstraliya va Yaponiya kabi jamoalarni kelajakda yuta olishimizga ishonaman. Biz yagona maqsad yoʻlida harakat qilsakkina, ularni yutishimiz mumkin. Ammo hozir eʼtiborimizni 3-4ta turli masalaga, masalan tarkibni yoshartirish kabilarga qaratmasligimiz kerak. Urugvayda Suares, Kavani kabilar bor.

– Osiyo Kubogidagi 4ta oʻyinni toʻliq texnik tahlil qilishingiz uchun qancha vaqt kerak boʻldi?
– Men analitik emasligimni aytmoqchiman. Futbolda inson omili juda muhim, futbol – arifmetika emas. Oʻyinchilarga juda koʻp faktorlar taʼsir oʻtkazadi. 15 yildan keyin balki murabbiylar futbolchilarni kompyuter orqali boshqarishar, ammo hozir klubiga yoki vataniga muhabbat kabilar ahamiyat kasb etadi. Osiyo Kubogidagi oʻyinlarimiz tahlili hamon davom etmoqda.

– Nahotki Osiyo Kubogidagi ishtirokimizni hamon toʻliq tahlil qilib chiqmagan boʻlsangiz?
– Bilasizmi, bir filmni televizorda men necha martalab koʻrishim mumkin? 5-6 martalab. Har safar koʻrganimda nimadir yangi narsa olaman. Balki boshqa murabbiylar mendan koʻra yaxshiroqdir, lekin men Osiyo Kubogidagi oʻyinlarimizni hali-hamon koʻrib chiqyapman.

– Yetarlicha vaqt Oʻzbekistonda yashab, bu yerdagi hayot tarzini oʻrgandingiz. Oʻzbek futbolchilariga koreys yoki yapon futbolchilaridek kuchli ligalarda oʻynab ketishlari uchun nima yetishmayapti?
– Juda qiyin savol. Balki Oʻzbekistondan chiqqisi kelmas. Balki Yevropaga borgilari kelmas. Kimgadir Rossiya, kimgadir Xitoy, kimgadir BAA yoqadi. Buni yaxshigina tahlil qilish kerak. Fikrimcha, oʻzbek futbolchilari Yevropada oʻynashga tayyor.

– Avvalgi murabbiylar terma jamoa futbolchilarining jismoniy holatidan nolishgan, fizik tayyorgarlikka vaqt ketkazib, taktika bilan ishlashga vaqt boʻlmayotganini aytishgan. Bu haqda siz nima deya olasiz?
– Oʻyinchilarning Osiyo Kubogidagi jismoniy holatlariga ijobiy baho berish mumkin. Oʻyinchi baʼzan maydonda notoʻgʻri joyni tanlagani uchun ham koʻproq yugurishiga toʻgʻri kelishi mumkin. Terma jamoa aʼzolarining jismoniy holati boʻyicha shikoyatim yoʻq.

– Legionerlarimizni qanday kuzatib boryapsiz?
– Bizda barcha futbolchilarning videolari bor, ularni kuzatib boramiz. Xorijdagi oʻyinchilarning barchasi ham asosiy tarkib futbolchisi emas, masalan Fozil Musayev. Faqat oxirgi oʻyinda 90 daqiqa oʻynadi. Chet elda 20 futbolchimiz bor deb aytyapsiz, lekin ichki chempionatimizdagi futbolchi legionerimizdan kuchliroq boʻlishi mumkin. Texnologiyalar sabab barcha futbolchilarni bemalol kuzatib bora olyapmiz.

– Oʻz klubida asosiy tarkib oʻyinchisi sanalmaydigan Otabek Shukurov chaqirildi, lekin deyarli har bir oʻyinda qatnashayotgan Sardor Rashidov yoʻq?
– Shunday oʻyinchilar ham borki, asosiy tarkibda oʻynamayotgan boʻlishi mumkin, lekin ularni ham chaqirishimiz mumkin. Terma jamoada oʻynashga hamma haqli. Ulardan faqat bitta narsani soʻraymiz: terma jamoada oʻynashga va mehnat qilishga kuchli xohishi boʻlishi kerak.

Sardor Rashidov viza bilan bogʻliq muammo tufayli chaqirilmadi, bu boʻyicha boshqa hech qanday muammo yoʻq. Chaqirilmagan oʻyinchilar xavotir olishmasa ham boʻladi, ularni keyingi yigʻinlarga jalb etishimiz mumkin. Turnirga olib ketish mumkin boʻlgan futbolchilar soni cheklangan.

– Umid Ahmadjonov tarkibni yoshartirishga chaqirgan edi. Rahbarlar bilan bu masalada gaplashdingizmi?
– Sizlar nima xohlaysizlar? JCHga chiqishnimi, jamoani yoshartirishnimi, har oʻyinda 3ta gol urishimiznimi, har oʻyinda 70 foiz toʻpga egalik qilishimiznimi? Jamoani yoshartirmaymiz, demayman. Biz ularga tayanamiz, ammo ularning oʻz murabbiylari bor.

– Rahbariyat yoshlarni jalb eting, deb aytsa-chi?
– Menga prezident (OʻFA vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov nazarda tutilmoqda) hozircha bunday gapni aytgani yoʻq.

Oʻzbekiston terma jamoasi 22 mart kuni “China Cup” yarim finalida Urugvay termasiga qarshi maydonga tushadi. Undan avvalroq, 21 martda Xitoy va Tailand termalari dastlabki finalchini aniqlashadi. Uchinchi oʻrin va sovrin uchun bahslar 25 martga belgilangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ektor Kuper: “Terma jamoa aʼzolarining jismoniy holati boʻyicha shikoyatim yoʻq”