00:33 / 15.03.2019
5 427

“Paxtakor” yangi futbolchilarini antiqa usulda tanishtirdi (foto)

“Paxtakor” yangi futbolchilarini antiqa usulda tanishtirdi (foto)
Oʻzbekiston superligasida ishtirok etadigan klublar yangi mavsum oldidan oʻz tarkibiga qoʻshib olgan futbolchilarni keng ommaga tanishtirishi anʼana tusini olgan.

Biroq, mamlakatimizning yetakchi jamoalaridan boʻlmish Toshkentning “Paxtakor” klubi negadir Oʻzbekiston superligasi-2019 oldidan yangi futbolchilari taqdimotini oʻtkazmagandi. Buning oʻziga yarasha sabablari bor, birinchidan, “Paxtakor” jamoasi oʻz safiga aksariyat yangi oʻyinchilarni xorijda, aniqrogʻi milliy terma jamoamizning Osiyo kubogi-2019dagi ishtiroki tugagach qoʻshib oldi. Ikkinchidan, BAAdagi yigʻinni yakunlab Oʻzbekistonga qaytgan jamoa tezda Osiyo Chempionlar ligasi saralash bahslariga kirishib ketdi.

Toshkentda “Eyr Fors” (Iroq) ustidan qozonilgan gʻalabadan hech qancha oʻtmay “sherlar” yana safarga otlanishdi va BAAning “Al-Nasr” jamoasini magʻlubiyatga uchratib, OCHLning guruh bosqichiga yoʻllanma oldi. Keyin esa guruh bosqich oʻyinlari boshlanib ketdi. Avvaliga Eronda mashhur “Persepolis” jamoasi bilan durang qayd etilgan boʻlsa, 12 mart kuni jamoa oʻz uyida Saudiya Arabistonining “Al-Ahli” klubini magʻlub etdi. Xullas, taqdimot marosimini tashkil etish uchun boʻsh vaqtning oʻzi yoʻq edi hisob. Nihoyat bugun “Paxtakor” MAVSUM-2019 oldidan oʻz safiga qoʻshib olgan yangi futbolchilarni keng ommaga tanishtirdi.

Maʼlumki, “sherlar” joriy mavsumda oʻz tarkibiga oz emas, koʻp emas, naqd sakkiz nafar futbolchini qoʻshib oldi. Dastavval yangi futbolchilar bilan “Paxtakor” stadionida jamoaning 2010 yilda tugʻilgan tarbiyalanuvchilari oʻrtasida oʻziga xos shou-uchrashuv tashkil etildi. Unda kuchlar teng keldi – 2:2.

Shundan soʻng jamoaning yangi aʼzolariga “Paxtakor”ning yangi mavsumdagi liboslari taqdim etildi. Demak, yangi mavsumda darvozabon Sanjar Quvvatov 35-raqamli libosda harakat qilsa, tajribali Sadriddin Abdullayev 7-raqamni tanladi. Shuningdek, Marat Bikmayevga 21-, Doston Hamdamovga 17-, Sardor Sobirxoʻjayevga 27-, Odil Hamrobekovga 20-, Akrom Komilovga 4- hamda Javohir Siddiqovga 99-raqamli liboslar topshirildi.

Yana bir eʼtiborga molik jihat, marosimda xonanda DJ Piligrim tomonidan “Paxtakor” klubiga bagʻishlab aytilgan qoʻshiqning taqdimoti oʻtkazildi.

“Paxtakor” jamoasi oʻzbek futbolining bayroqdori sanaladi. Va eʼtiborlisi, “sherlar” barcha jabhalarda klublarimiz uchun oʻrnak boʻlmoqda. Xususan, ishqibozlar bilan ishlash hamda jamoaning oʻz madhiyasini yaratish yoʻlidagi saʼy-harakatlari ham tahsinga sazovor. Qaniydi, boshqa klublar ham ularga oʻxshashga intilishsa.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Paxtakor” yangi futbolchilarini antiqa usulda tanishtirdi (foto)