21:10 / 15.03.2019
2 437

50+1. Nemis futbolining Yevropadagi inqirozi sababi nimada?

50+1. Nemis futbolining Yevropadagi inqirozi sababi nimada?
Dekabrda Chempionlar Ligasi pley-off bosqichiga qurʼa tashlanganida, APL va Bundesliga oʻrtasida oʻziga xos duel boʻlishini va nihoyat qaysi liga haqiqatan ham kuchli ekanini bilib olish imkoni haqida gapirilgandi. Natija maʼlum, har uchala ingliz jamoasi raqibini yer tishlatdi, umumiy toʻplar nisbati: 17:3 koʻrinishini oldi.

Bu natijaning faqat futbol, maydondagi vaziyatlar sababli yuzaga kelganini, yaʼni, balki boshqatdan oʻynalsa, umuman boshqa natija boʻlishi ham mumkinligini aytadiganlarni “oʻchirish” uchun bir fakt yetarli: Myunxendagi oʻyinda “Liverpul” oldinga chiqib olganida, mezbonlarni qutqarish uchun Renatu Sanshesh maydonga tushirildi. Yaxshi futbolchi, balki kelajakda undan katta yulduz chiqar, ammo eslasangiz, Sanshesh atigi bir yil oldin “Suonsi”da asosiy tarkibga kira olmagan va “Bavariya” uni ijaradan qaytarib olib kelgandi. Hozir “Suonsi” Chempionshipda oʻynayapti, shunday futbolchi “Liverpul” bilan oʻyinda qutqaruvchiga aylanishiga ishonish qiyin, albatta.

Shu bilan munozaralarning bevosita futbol bilan bogʻliq qismini tugatsak boʻladi, tabiiyki, ligalar oʻrtasidagi farq chuqurroq – klublarni boshqarish prinsiplarida. Masalan, oʻsha 50+1 qoidasini yana tilga olish mumkin.

Qisqacha, bu qoidani tushuntiramiz. 50+1 qoidasi Germaniyada klublar investorlarining faoliyatini cheklash uchun chiqarilgan. Asosan arablar va xitoylik investorlar Bundesligani bosib olishlaridan hayiqib, shunday qaror qabul qilingani aytilsa-da, aslida, klublarning yirik korporatsiyalarning bir boʻlagiga aylanib qolishiga toʻsiq sifatida ancha oldinroq ishlay boshlagan. Istisnolar faqat uchta: mashhur zavodlarning klubi boʻlgan “Volfsburg” va “Bayer” hamda “Hoffenhaym” (Ditmar Xopp uzoq yillardan beri klubiga pul kiritib kelmoqda). Yaʼni, bu qoidani aylanib oʻtishning yoʻli, bir klub egasiga aylanish uchun kamida 20 yillardan beri investitsiya kiritib kelingan boʻlishi shart.

Yevrokuboklardagi natijalar pasayib ketishi natijasida, Germaniyada bu qoidaga qarshi chiqishlar ham koʻpaydi, ammo yetarli emas. Roppa-rosa bir yil oldin, 2018 yilning mart oyida yuqori ligalarning 36 klubidan atigi toʻrttasi “50+1”ga qarshi boʻlishgan, xolos. Natijalar esa pasayishda davom etmoqda. UYEFAning umumiy reytingida yaqinda ham faqat Ispaniyadan ortda qolgan Bundesliga, endilikda Angliya va Italiyani ham oldinga oʻtkazib yubordi va 4-oʻringa tushib ketdi.

Gapning poʻstkallasini aytganda, bu qoida nemis klublarining APL boylari, Ispaniya grandlari yoki Parijdagi top-klub bilan raqobat qilishda magʻlubiyatni tan olishlariga sabab boʻlmoqda. Har tomonlama munosib boʻlib kelgan “Bavariya” ham faqat Bundesliga yulduzlarini oʻz tomoniga ogʻdirish orqali top-darajani saqlab turgan boʻlsa, endilikda, Germaniyada ham yosh yulduzlarning kamayib borayotganini koʻrmoqdamiz. Oqibat maʼlum, yuqorida Sanshesh misolida “Bavariya”da ham muammolar borligini koʻrdik. Hozirda Yevropaning boshqa ligalarida porlayotgan Keyta, De Bryuyne, Draksler, Dembele, Sane va boshqa misollardan sezish mumkinki, endi bozor kengaydi va “Bavariya” Bundesliga yulduzlarini osonlik bilan oʻz safiga qoʻshib olishi moddiy tomondan yanada qiyinlashib boraveradi. Ilgari faqat futbolchiga yaxshi sharoitlar vaʼda qilib, Gyotse yoki Levandovskilar qoʻlga kiritilgan boʻlsa, endi, APL yoki ispan grandlari tomonidan vaʼda qilinayotgan katta transfer narxlari klublarni koʻproq jalb qilishi turgan gap.

Albatta, bu qoidaning haligacha mavjud boʻlishining asosiy sababi, muxlislik madaniyati Germaniyada kuchliroq, Angliya, Ispaniya yoki Fransiyadan ancha ilgʻordir. Qaysidir maʼnoda boshqaruvga taʼsir qilishning shu shakli ularni qoniqtirar, ammo bugungi sharoitlarda bu qoida koʻproq sunʼiy cheklovga aylanib borayotgani ham bor gap. “50+1” konsepsiyasi asoschilaridan biri Volfrang Xolsxoyzerning aytishicha, qoidaning bugungi sharoitlarga moslash kerak. Ilgari oʻz homiysiga ega boʻlgan klublarga bu qoida taʼsir qilmasligi aytilgandi, bu rost, ammo endi nafaqat Germaniya, balki chet el kompaniyalari ham Bundesliga klublariga qiziqish bildirishlari mumkin. 20 yillik talab esa, ularni biroz qoʻrqitadi, bir klubni sotib olish uchun shuncha vaqt kutishdan koʻra, oʻz eʼtiborlarini Angliya yoki Italiyaga qaratishlari mumkin.

Boshqa tarafdan Xolsxoyzer loyihaning foydali ekanini ham taʼkidlaydi, zero 20 yillik talab natijasida, rostan ham haqiqiy investorlar klub egalariga aylanishlari mumkin. Masalan, soʻnggi yigirma yilda Germaniyada shunchaki, investorning futbolga qiziqishi pasaygani tufayli muammolarga uchragan birorta klubni topish imkonsiz. Yevropada bunday misollar tiqilib yotibdi: “Portsmut”, “Monako”, “Malaga”, “Valensiya” va yana bir qator klublar aynan shu sababli beqarorlikka yuz tutdi. Aynan shu barqarorlik tufayli nemis klublari boshqaruv bobida juda tez rivojlanib bormoqda. Shunday boʻlsa-da, investorlarning “sadoqatini” 20 yil emas, masalan, 3 yilga qisqartirish vaqti yetgan.

“Nemis klublarini osonlik bilan qoʻlga kiritish mumkinligi haqidagi fikr uygʻonmasligi davom etishi kerak, shu bilan birga «50+1” qoidasini sal oʻzgartirish lozim» – deydi Xolsxoyzer.

Germaniya terma jamoasining sobiq futbolchisi Fabian Ernst yaqinda Daniya birinchi ligasidagi “Nestved”ning egasiga aylandi. Ernstning aytishicha, klubni u juda osonlik bilan qoʻlga kiritgan va agar masalan, Germaniyadagi kabi “50+1” qoidasi boʻlganida, “Nestved”ning toʻlaqonli egasi boʻlish uchun Ernst 60 yoshini kutgan boʻlardi. Ambitsiyalar uchun qattiq toʻsiq, toʻgʻrimi?

“Bir tomondan, bu qoidani quvvatlayman, chunki investorlarning koʻpi faqat futbol uchun emas, foydani koʻzlab ham kelishadi. Boshqa tarafdan esa, ehtiyot boʻlish lozimki, nemis futboli futbol tamaddunidan chetlanib qolish ehtimoli ham bor” – deydi Fabian Ernst.

Ernstga begona boʻlmagan “Hannover”ni uzoq yillardan beri mahalliy muxlislar nafratiga duchor boʻlayotgan Martin Kind boshqaradi. Mahalliy muxlislar bilan ochiq urishib kelgan Kind endi Liga bilan ham ziddiyatga borib qolgan. Gap shundaki, Martin Kind yigirma yildan beri investitsiya kiritib, maʼlum talabni bajargan, ammo bu ham “50+1” toʻsigʻini oshib oʻtishga yetarli emas, deb eʼtirof etilmoqda. Birinchidan, 20 yil davomida jalb qilingan 19,7 million yevro yetarli emas deb topildi, ikkinchidan, baʼzi mablagʻlar sunʼiy paydo qilingani aytilmoqda. Masalan, Kind klub bosh direktori lavozimida maosh olishdan voz kechgan va bu summalar ham shaxsiy investitsiya sifatida hisobga olinishini talab qilmoqda.

Bir yildan beri mahkamalarda oʻz haqini talab qilayotgan Kind misoli qoidaning yanada murakkab ekanidan dalolat qiladi. Bu har ikki tomon tarafdorlarining qaytadan munozaraga kirishlariga zamin ham yaratdi. “50+1” tarafdorlari Martin Kindning klub egasi boʻlib olib, jamoa libosi rangidan tortib, yana bir qancha xos oʻzgartirishlar kiritmoqchi boʻlayotgani va balki oʻz hissalarini chet ellik investorlarga qimmatroqqa sotib yuborishi mumkinligidan hayiqayotganliklarini bildirishmoqda. “Hannover”ning Kind davrida ikkinchi Bundesligaga tushib ketgani ham ularga asos sifatida hizmat qilmoqda. Qarshi taraf ham oʻz dalillarini keltiradi, albatta. Ularning aytishicha, xuddi shunday voqealar “50+1” talablari mavjud boʻlgan holatda ham boʻlishi mumkin va bu toʻsiq klublarni “yomon investorlardan” asrashini eʼtirof etish notoʻgʻri.

Oʻtgan asrning 80-yillarida “Kyoln” belgiyalik Van Gol bilan bir million markalik shartnoma imzolaganida, butun Germaniya junbushga kelgan va muxlislar bunday sarflarni koʻtara olmasligi maʼlum boʻlgandi. Hozirda legionerlar uchun sarflanayotgan katta pullar oddiy holga aylanib boʻldi. Muxlislar jamoalarining dunyodagi top-klublar bilan har tomonlama raqobat qilishlarini istamoqda. Qizigʻi, shu bilan birga, “50+1”ni yoqlab ham ovoz berishyapti. Ular chet ellik investorlarni “olaboʻji” sifatida koʻrsatilib, aytilayotgan baʼzi misollardan qoʻrqib ketayotgan boʻlishlari tabiiy. Ammo hozirda yevrokuboklarda Germaniya sharafini himoya qilishda davom etayotgan “Ayntraxt” Germaniyaning eng koʻp millatli jamoasi ekanini ham unutmaslik kerak. 17 millat vakillari Frankfurt jamoasi sharafini himoya qiladi, bosh murabbiy esa, avstriyalik Adi Xyutter. Nemis muxlislari uchun yanada ogʻriqli nom.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 50+1. Nemis futbolining Yevropadagi inqirozi sababi nimada?