09:14 / 16.03.2019
3 320

Mirabror Usmonov va oʻzbek futboli

Mirabror Usmonov va oʻzbek futboli
“Bir kuni meni Islom aka yonlariga chiqarib, «Futbolni ham oʻzingiz oling” deb taklif qildilar. Rostini aytaman, bolaligimda “Paxtakor” stadionida oʻynab, katta boʻlganmiz. Har safar biror oʻyindan keyin stadionga kirib, muxlislardan boʻshagan limonad shisha idishlarini oʻrtoqlarim bilan yigʻishtirib chiqardik. Keyin, ularni magazinga topshirib, yaxshi pulga sotardik va muzqaymoq olib yerdik. Mening shu paytgacha futbol bilan bogʻliqlik joyim faqat shu voqea edi, xolos. Men bir savdogar odam boʻlsam. Futbolni qanday eplayman? Men Islom Abdugʻaniyevichga ham shularni aytdim, lekin qabul qilmadilar».

2013 yilning dekabrida hamkasblarim Olimxoʻja Boʻronov, Bobur Akmalov va Nodirxoʻja Yoʻldoshev va men, birgalikda OʻFFning oʻsha paytdagi rahbari Mirabror Usmonov qabulida boʻlganimizda suhbat shunday boshlangandi. Suhbat uzoq davom etgan. Bir paytlar, prezident unga futbolni boshqarish taklifini berganida, futbol haqida faqatgina bolalikdagi bir voqeanigina eslay olgan Mirabror aka OʻFFdagi uzoq yillardan soʻng, soatlab futbol haqida gaplashib oʻtira oladigan boʻlgandi...

Bilasizmi, futbolni boshqarish uchun uni tushunish kerak, shu soha ichida pishib yetilgan mutaxassis boʻlishi lozim, degan fikrlar koʻp yangraydi. Yevropada ham bu lavozimda asosan sobiq futbolchilar yoki shu sohada katta tajriba toʻplagan mutaxassislar faoliyat olib borishadi. Mirabror Usmonov buning aksini, yaʼni baʼzi shartlarda, futboldan uzoq inson ham bu sohada muvaffaqiyat qozonishi mumkinligini isbotladi. Baʼzi shartlar deganim, tan olish kerak, Oʻzbekiston – sharq, ikkinchidan esa, albatta, shaxsning mana shu faktga boʻlgan munosabati. Yaʼni, Mirabror Usmonov ham buni bilar, tan olardi. Uni tanqid qilgan bir necha yosh jurnalistni chaqirib, tortinmasdan futboldan uzoq odam boʻlganini tan olyaptimi, demak oʻzi uchun ham buni qabul qila olgan. Bu juda muhim.

Inson hamma narsani tushunaman, bilaman deb oʻylay boshlasa va atrofidagilardan buni tasdiqlatib olsa, yomon. Menimcha, Usmonov mana shu chegaradan oʻtmagan, balki shuning uchun ham malakali kadrlarni qadrlagan. Uning haqiqatdan ham muvaffaqiyatga erishganini esa, isbotlash qiyin emas. U futbolimizga baʼzi jihatlarni olib kira oldiki, oradan ancha yil oʻtib bular biz uchun oddiy holga aylandi.

SALOBAT

Futbolimiz turli davrlarni boshdan kechirgan. Uning taqdiri biror chet ellik murabbiyning qosh-qovogʻiga bogʻliq boʻlib qolganini ham, masalan, terma jamoa murabbiyi qaysi klubda ishlasa, oʻsha klubning orqasidan bosh jamoamiz ergashib yurganini ham koʻrganmiz. Nafaqat mamlakat futboli, balki OʻFFning oʻzi ham moddiy taʼminlanmagan, juda abgor holatda edi.

Mirabor Usmonov davrida OʻFF salobatli, jiddiy, moddiy taʼminlangan baquvvat tashkilotga aylandi. Buning sabablaridan biri, Usmonovning bevosita OʻFFdan turib futbolni boshqarishga kirishganini ham aytish kerak. Zero oldingi rahbarlar uchun futbol keyingi darajali masala boʻlib, boshqaruv koʻproq ramziy maʼnoni kasb etardi. Boshqaruv va tashkilotni tamsil etish esa, koʻpincha, pastroq lavozimdagi xodimlarga qolib ketardi.

Usmonov futbolning haqiqiy rahbariga aylandi, mamlakat ichkarisidagi muhim shaxslar, amaldorlar bilan ham, OFK rahbarlari bilan ham bevosita oʻzi uchrashdi, oʻzi muzokaralar olib bordi. Aynan mana shu jiddiylik OFKga ham taʼsir qilgan albatta. Oʻzbekiston va Osiyo futbolidagi hamkorlik aynan shu yillarda yuqori bosqichga koʻtarilgani bor gap. Oʻzbekistonda ilk bor oʻsmirlar oʻrtasida Osiyo chempionatining tashkil qilinishi, Oʻrta Osiyoda alohida konfederatsiyaning tashkil topishi, OFKda bir qator oʻzbekistonlik mutaxassislar oʻz ovozlariga ega boʻlishlari ham aynan Mirabror Usmonov davriga toʻgʻri keldi.

Ayniqsa, yurtimizda oʻtkazilgan oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati Oʻzbekistondagi futbolning oʻrni, futbolga munosabat qaysi tomonga oʻzgara boshlaganini koʻrsatgandi. Undan oldin ham, masalan, futzal boʻyicha Osiyo chempionati 2006 yilda Toshkentda oʻtkazilganidan xabaringiz bor. Shu sohada ishlagan insonlarning tan olishicha, oʻsha musobaqaga mezbonlik qilishda OʻFF juda koʻp toʻsiqlarga duch kelgan ekan. Turli lavozimlardagi bir qator amaldorlar bunday tadbirga keskin qarshi boʻlishgan, musobaqani soʻnggi pallalargacha bekor qilishga urinishgan. Shunga qaramay, OʻFF turnir mezbonligini saqlab qolishni uddalagan boʻlsa-da, katta ehtimol bilan oʻsha musobaqa biz uchun soʻnggisi boʻlib qolishi ham mumkin edi. Faqat Mirabror Usmonovning kelishi, uning hukumatdagi vazni va qatʼiyati tufayli, OʻFF bu yoʻnalishdagi ishlarini davom ettirgan va yuqorida tilga olingan yana bir yirik turnirni yaxshi saviyada tashkil qilgandi. Bunday mezbonliklar keyinchalik biz uchun anʼanaga aylandi – Toshkent yana uch marta futzal, bir marta oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempionatini qabul qildi.

Shimoliy Koreyaga qarshi finaldan keyin Zufarovichning terma jamoamiz futbolchilarini maydondan chetlatgan hakamdan xafa boʻlib qolgani va qoʻl bermagani, alohida voqea. Oʻsha voqea Usmonovning nafaqat futbol rahbari, balki muxlisiga ham aylanib qolganidan darak beradi bizningcha...

MUVOZANAT

Usmonov futbol yurtimizda urf mavzuga aylanib, pul yogʻila boshlaganda ham, yoki 2011 yilda, esingizda boʻlsa, bir qator korxonalar klublarni moliyalashtirishdan bosh tortgan pallalarda ham juda kerakli pozitsiyani egalladi va aytish kerakki, har ikki holatda ham futbolimizni asrab qoldi.

2011 yilda u yirik korxonalarni futbolni quvvatlashga chaqirgan va hatto bu borada alohida prezident qarori chiqishiga ham sabab boʻlgandi. Avvalgi qarorlardan farqli ravishda, bu safar qarorlar ijrosining moddiy taʼminotiga ham keng oʻrin ajratilgan, shu tariqa, Oʻzbekistonda kattalar va bolalar futboli qaytadan “tirildi”.

Oldinroq esa, esingizda boʻlsa, futbolimizga “Bunyodkor” klubi va uning egalari katta ambitsiyalar bilan kirib kelgandi. Nafaqat Oʻzbekiston, balki Osiyo miqyosida katta qadamlar tashlashni niyat qilgan klubni qaysidir jihatlarda tiyib turish OʻFFga oson emasdi. Oʻshanda klubga yon bermasdan, turli bosimlarga qarshi tura olish, OʻFFning mana shunday katta loyihalar oldida ham obruyi va salobatini saqlab qolishni aynan Mirabror Usmonov uddalagandi.

Usmonov baʼzida toʻgʻri, baʼzida xato qarorlar qabul qilgandir, ammo bu ishlar aynan OʻFF tashabbusi ostida boʻlgani, qaysidir klub, qaysidir viloyat yoki tuman hokimi, boshqa bir amaldorning bosimi ostida roʻy bermagani juda muhimdir.

BARQARORLIK

2014 yilda Mirabror Usmonov OʻFFdan ketayotgani haqida aytib, endi federatsiya moddiy jihatdan baquvvat tashkilotga aylangani, endi Oʻzbekistonning barcha terma jamoalari oʻz oldiga eng yuqori maqsadlar qoʻyishga tayyor holatga kelganini eʼtirof etgandi.

Kelajak uchun ishlab turgan tizim va moddiy baza yaratish bilan birgalikda, bu davrda planka yuqoriga koʻtarilganini ham taʼkidlash kerak. Usmonov kelguncha, atigi bir marotaba, 2003 yilda yoshlar terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqqan boʻlsa, keyingi oʻn yilda turli yoshdagi terma jamoalarimiz uchun mundialga chiqish oddiy holga aylandi, yoshlarimiz muntazam ravishda nafaqat jahon chempionatida qatnashish, balki pley-off bosqichlariga ham chiqa boshladi.

Milliy, olimpiya va yoshlar terma jamoasiga yaratilayotgan sharoitlar ancha yaxshilangani va bir necha pogʻona yuqori bosqichga koʻtarilganini eʼtirof etish kerak.

Mirabror Usmonovning OʻFF rahbari sifatida ikki orzusi bor edi. Birinchisi, terma jamoamizni jahon chempionatida koʻrish boʻlsa, ikkinchisi, jahon miqyosdagi musobaqani yurtimizda qabul qilish. Bir qaraganda juda uzoq boʻlgan ikkala manzilga ham Mirabor Usmonov ancha yaqin kelganini eʼtirof etish kerak. JCH-2014 va JCH-2018 ishtirokchisi boʻlish uchun milliy jamoamizga atigi bir-ikki gol yetmay qolgan boʻlsa, ayollar oʻrtasidagi U21 jahon chempionati Oʻzbekistonda boʻlib oʻtishi lozim edi. Ammo nomaʼlum sabablarga koʻra, bu musobaqa mezbonligi keyinchalik Oʻzbekistondan tortib olindi.

BAGʻRIKЕNGLIK

Inson tanqidlarga qanchalik bagʻrikeng boʻlsa, shunchalik salobatli koʻrinadi. Tanqidni qabul qila olish, kerak boʻlganda, oʻz xatolarini tan ola bilish ham katta odamning xususiyatlaridandir.

2013 yilda Oʻzbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga toʻgʻridan toʻgʻri chiqish imkoniyatini qoʻldan boy bergach, stadion.uz saytida juda koʻp tanqidiy maqolalar chop etilgandi. Asosan bosh murabbiy Mirjalol Qosimov, OʻFF mutaxassisi Asqar Tolibjonov va albatta, OʻFF boshligʻi sifatida Mirabror Usmonov tanqidlarning asosiy nishoni boʻlgandi. Oʻshanda Usmonov Sport TVda chiqish qilgan va oʻsha tanqidlarda faol boʻlgan bir qator jurnalistlar – Shuhrat Shokirjonov, Bobur Akmalov, Olimxoʻja Boʻronov va mening nomimni tilga olib, tanqidlarimiz asossiz ekanini aytgan va bizni diletantlikda ayblagandi. “Sen oʻzing yurting uchun nima qilib qoʻydingki, Qosimovni yoki Ermatovni tanqid qilasan, bunga maʼnaviy haqqing bormi?” qabilidagi eʼtirozlar yangragandi oʻshanda OʻFF prezidenti tilidan.

Ammo oradan biroz vaqt oʻtib, terma jamoamiz Iordaniyadan magʻlub boʻlgach, yoki undan ham avvalroq, Mirabror aka oʻz xatosini tushungan ekan. Bu shubhasiz, zero oʻsha yilning oxirida u aynan oʻsha dasturda tilga olingan jurnalistlarni oʻz qabuliga chaqirgandi. Biz borgandik. Oʻshanda Usmonov yozda tanqidlarimizga keskin fikr bildirib notoʻgʻri qilganini tan olgan, hatto uzr ham soʻragan, ikki soatga yaqin vaqt mobaynida dardlashgandi. U kabi yirik amaldor shaxs uchun bu juda eʼtirofga loyiq ish edi, nazarimda. Ha, u mukammal inson boʻlmagandir, uning xatolari boʻlgan, inkor etmayman. Lekin muammolar haqida oʻtgan zamonda gapirish uchun, oʻsha muammo bugun oʻz yechimini topgan boʻlishi kerak, fikrimcha.

Bugun Mirabror Zufarovich Usmonovni soʻnggi yoʻlga kuzatishdi. Vafot etgan insonni yaxshi gaplar bilan eslash kerakligi, aynan bugungi kun, aynan Usmonov uchun juda mos deb oʻylayman. Bir narsaga aminmanki, Oʻzbekiston futboli tarixida Mirabror Usmonov juda katta oʻrin tutadi. futbolimizdagi Krasniskiy, Abduraimov, Imomxoʻjayev, Qosimovlar qatorida Mirabror akaning nomi ham oʻz oʻrnini topadi, albatta...

Mirabror Zufarovichni Alloh oʻz rahmatiga olgan boʻlsin.
Qahramon Aslanov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirabror Usmonov va oʻzbek futboli