13:10 / 24.03.2019
3 844

Gʻofur Rahimov boks, siyosat, yolgʻon va uyushtirilgan ayblovlar haqida

Gʻofur Rahimov boks, siyosat, yolgʻon va uyushtirilgan ayblovlar haqida
22 mart kuni Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti Gʻofur Rahimov isteʼfoga chiqishini maʼlum qildi. Uning arizasi AIBAʻning rasmiy saytida eʼlon qilindi.

“Soʻnggi 25 yil ichida oʻzimni boks va olimpiya harakatiga bagʻishlab, sportning va sportchilarimizning ravnaq topishini hamma narsadan ustun qoʻyib kelganman. Bu ayniqsa oʻtgan yili juda bilindi — biz sportimiz oʻzining yomon oʻtmishini tark etib, avvalgidan kuchli va sogʻlom boʻlishi uchun sanoqsiz kunlar va tunlarni sarfladik”, — degan Rahimov.

Gʻofur Rahimovning fikricha, oʻtgan yili amalga oshirilgan ishlar AIBA va boksni jonlantirgan va kuch-quvvat bilan toʻldirgan.

“Biroq shuncha saʼy-harakatlarga qaramasdan, soʻnggi oylarda olimpiya boksining kelajagiga doir juda koʻp tortishuvlar boʻlib oʻtdi. Bu tortishuvlarning koʻpi sportga emas, siyosatga taalluqli edi. Garchi men sport va siyosat ayri-ayri masalalar ekanligiga, AIBA tomonidan joriy etilayotgan yaxshi ishlar va ijobiy oʻzgarishlar tan olinishiga sidqidildan umid qilgan va ishongan boʻlsam-da, biroq siyosiy munozaralar bu taraqqiyotni shubha ostiga tushirib qoʻydi. Avval bir necha bor takrorlaganimdek, yana taʼkidlab oʻtmoqchiman, menga qarshi ilgari surilgan ayblovlar soxtalashtirib toʻqilgan va siyosiy motivga ega yolgʻonlarga asoslangan. Men haqiqat qaror topishiga ishonaman. Nima boʻlganda ham, men doimo oʻzimni boksdan yuqori qoʻymayman, deb kelganman va prezident sifatida sportimiz va sportchilarimizga xizmat qilish uchun qoʻlimdan kelgan barcha ishlarni amalga oshirishga majburman”, — deb taʼkidlagan u.

Gʻofur Rahimov AIBA Ijroiya qoʻmitasini AIBA prezidentligi lavozimidan ketishi haqida ogohlantirganini aytib oʻtgan. Uning qayd etishicha, tashkilot nizomi prezidentga oʻz vakolatlaridan voz kechish imkonini beradi.

“Men AIBA Ijroiya qoʻmitasi aʼzolarini prezidentga oʻz vakolatlarini amalga oshirishdan voz kechish va vazifani vaqtincha bajaruvchiga topshirishga izn beradigan AIBA nizomi va qonunosti hujjatlariga muvofiq ravishda AIBA prezidentligi lavozimidan ketish rejam haqida xabardor qildim. Men shu dam olish kunlari mazkur masalani muhokama qilish va prezident vazifasini bajaruvchini saylash jarayonini boshlash uchun Ijroiya qoʻmita aʼzolarini telekonferensiyaga yigʻdim”, — deya qayd etgan Gʻofur Rahimov.

Uning muxtasar qilishicha, oʻtgan yili amalga oshirilgan yaxshi tashabbuslar kelajakda boksning yanada mustahkamlanishi uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Eslatib oʻtamiz, Xalqaro olimpiya qoʻmitasi (XOQ)ning oʻz nomzodini ilgari surmaslik toʻgʻrisidagi iltimosga qaramasdan, Gʻofur Rahimov 2018 yilning noyabrida AIBA rahbari etib saylangan. Chunki bu hol MOQning boksni Olimpiya oʻyinlari dasturida qoldirish qaroriga oʻz taʼsirini oʻtkazishi mumkin edi. Bu holda AQSH Moliya vazirligining xorijiy aktivlar ustidan nazorat departamenti Gʻofur Rahimovni Oʻzbekistonning “bosh jinoyatchilari”dan biri sifatida sanksiya roʻyxatiga qoʻshgan. Shuningdek, AQSH Moliya vazirligi Rahimovni Amerika dollarida har qanday operatsiyani amalga oshirish imkoniyatidan mosuvo etgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gʻofur Rahimov boks, siyosat, yolgʻon va uyushtirilgan ayblovlar haqida