19:30 / 24.03.2019
6 197

Jaloliddin Masharipov: Onasiga sovgʻa qilgan Neksiya va nimadan juda qoʻrqishi haqida

Jaloliddin Masharipov: Onasiga sovgʻa qilgan Neksiya va nimadan juda qoʻrqishi haqida
Oʻzbekiston terma jamoasi va “Paxtakor” klubi yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov “Muxlisdan savol”ning navbatdagi mehmoni boʻldi.

Saytimiz oʻquvchilari tomonidan yoʻllagan savollarga yarim himoyachi javob berdi.

- Futbolga kirib kelish tarixingiz bizga juda qiziq. Bunga oilaviy muhit sabab boʻlganmi yoki yon atrofingizda hech kim qiziqmasa ham oʻzingizda qiziqish baland boʻlganmi?
- Mahallada 6 yoshimda futbol oʻynardik. Maktabga borganimda 1-sinfda jismoniy tarbiya ustozi kim futbolga qiziqadi deb soʻragan. Oʻshanda maktabda futbol toʻgaragi ochilgan. Futbolga kirib kelishimda akamning katta xissasi bor. Futbolga qiziqish juda qattiq boʻlgan. Ovqat yemasam ham, darslarni qilmasam ham futbol oʻynardim. Maktabga oq koʻynak, kastyum shimlarni kiyib ketardim. Sumkamga kitob-daftarlar esa futbol formalarimni solib ketardim. Ustozlar meni doim futbol maydonidan topib kelishardi. Sinfda eng ikkichi, maydonda eng aʼlochi boʻlganman. Futbolda doim bizning sinf chempion boʻlardi. Shunga sinfda barcha meni yaxshi koʻrardi, sinf rahbarimiz baholarimni qoʻyib berardilar.

- Xorazmda oʻz futbol maktabingizni ochish niyatingiz bormi?
- Bor, albatta. Xudo xohlasa 2-3 yilda mana shu narsani amalga oshirishni niyat qilganman.

- Bir necha yillar oldin Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi safida Janubiy Koreya bilan oʻyin yodingizdami? Oʻshanda aslida nima boʻlgandi?
- Oʻsha vaziyatda raqibning yuziga atayin tepmagandim. Agar videoni koʻrsanglar toʻpni koreyalik futbolchining ustidan olib oʻtmoqchi boʻlgandim. Ammo raqib boshi bilan oyogʻimga qarab kelgani uchun butsam ozgina boʻyniga tegib ketgan. Hech qachon, hech qaysi futbolchiga nisbatan qoʻpol oʻynamayman. Ular ham men kabi futbolchi-ku axir.

- Qachondir “Xorazm”da oʻynash niyatingiz bormi?
- Xorazmni juda yaxshi koʻraman. Oʻzimning tugʻilib oʻsgan yurtim. Ammo hozirgi paytda butun eʼtiborim Yevropaga qaratilgan. Balki faoliyatim oxirida “Xorazm” klubiga qaytarman. Biroq aytganimdek ayni paytdagi birinchi maqsadim Yevropa klublaridan biriga oʻtish.

- Futbolda birinchi murabbiyingiz kim boʻlgan?
- Birinchi murabbiyim Olimboy Davletov. U kishi millionlar oʻyiniga kirib kelishimda juda katta xissa qoʻshgan.

- Birinchi olgan maoshingiz qancha boʻlgan?
- Birinchi maoshim 10000 soʻm edi. Oʻsha maoshimni ota-onamga olib borib berganman. Toshkentdan Xorazmgacha avtobusda borib, oʻsha pulni ularga berganman. Yoshlgimdan ilk maoshimni ota-onamga beraman deb niyat qilgandim. Onamga ilk maoshimni berganimda koʻzlariga yosh kelgan edi.

- 8 mart bayramiga onangizga mashina sovgʻa qilibsiz. Vaqti kelib yaratgan oʻgʻil farzand bersa, u katta boʻlganida onasiga qanday sovgʻa berishini maslahat berasiz?
- Yoshligimda onamga mashina sovgʻa qilishni niyat qilgandim. Neksiya avtomobilini sovgʻa qildim. Aslida ularga dunyodagi eng qimmatbaho mashinani ham olib bersam ham kam. Chunki onamni juda ham yaxshi koʻraman. Kelajakda farzandim boʻlsa, oʻzimga oʻxshashini yaratgandan soʻrayman. Gap sovgʻada emas, ota-onasiga mehrli boʻlsa boʻldi.

- BAAda oʻtgan Osiyo Kubogidan keyin sizga qaysi klublardan taklif boʻldi?
- Osiyo Kubogidan keyin Janubiy Koreyadan va arab klublaridan takliflar boʻldi. Biroq oʻzim Yevropaning oddiyroq klublarida boʻlsa ham oʻynashni istayman. Osiyo klublariga borishni istamayapman. Arab klublarini Osiyo chempionlar ligasida magʻlub etayapmiz, Koreya chempionati ham bizdan u qadar kuchli deb hisoblamayman. Xudo xohlasa Yevropaga ketaman.

- Nega Osiyo Kubogida Avstraliya bilan oʻyinda penaltilar seriyasida birinchilardan boʻlib tepmadingiz?
- Men oʻsha seriyada beshinchi zarbani berishim kerak edi. Afsuski mengacha navbat yetib kelmadi.

- Siz uchun unutilmas penalti yoki penaltilar seriyasi?
- Albatta, Osiyo Kubogi chorak finalidagi Avstraliya bilan oʻyindan keyingi penaltilar seriyasi. Yaxshi oʻynab turib penaltilar seriyasida yuta olmaganimiz juda ham alam qildi.

- Agar sizga BAA, Qatar, Xitoyning yetakchi klublaridan va Yevropaning Gollandiya, Belgiya, Shveysariya kabi davlat klublaridan taklif boʻlsa qaysi birini tanlaysiz?
- Yuqorida ham aytdim, oʻylab oʻtirmasdan Yevropani tanlardim.

- Golni nishonlashni qayerdan topasiz?
- Gol urgan paytda nishonlash oʻzidan-oʻzi keladi. Hech qachon oldindan rejalashtirib qoʻymayman. Barchasi oʻsha vaziyatning oʻzida paydo boʻladi.

- Mavsum boshlanishidan oldin Yevropaga ketmoqchiman degandingiz. Lekin bu yil ham Masharipov Superligada oʻynayapti. Bunday boʻlishiga nima sabab boʻldi? “Paxtakor” aqlbovar qilmasa pul taklif qildimi yoki Yevropadan taklif boʻlmadimi?
- Agar pulni oʻylaganimda arab klublarini tanlagan boʻlardim. Yevropadan qiziqishlar boʻldi, ammo hozircha aniq taklif yoʻq. “Paxtakor” yoshligimdan katta boʻlgan klubim. Bu jamoa bilan birga yana Oʻzbekiston chempioni boʻlishni istayman.

- Tasavvur qiling “Paxtakor” bilan shartnomangiz tugadi. “Lokomotiv” “Paxtakor”da olayotgan maoshingizdan ikki baravar koʻp pul taklif qildi. Qaysi klubni tanlardingiz?
- Men Oʻzbekistonda doim “Paxtakor”ni birinchi oʻringa qoʻyaman. Yoshligimdan shu jamoada oʻsganman, shu bois bu savolga uzoq javob berishim shart boʻlmasa kerak.

- Oʻyin paytida juda koʻp dribling ishlatasiz va tabiiyki muxlislarga bu yoqadi. Sizni ilhomlantirgan futbolchi kim?
- Muxlislarimiz shunday driblinglarni koʻrishni istashadi. Shunday chiroyli harakatlar muxlislarni futbolni yanada sevishga sabab boʻladi deb oʻylayman. Futbolning oʻzi bir chiroy, bu chiroyga yana chiroy qoʻshilsa ajoyib boʻladi. Neymar, Ronaldino, Azarning harakatlarini koʻrib mashgʻulotlarda shularni takrorlashga urinaman. Keyin oʻyin paytida oʻsha driblingni bajarishga harakat qilaman.

- Nega Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper dribling qilishingizga yoʻl qoʻyib bermaydi?
- Unday narsa yoʻq. Kuper dribling qilishga yoʻl qoʻyib beradi. Lekin oʻzingni ehtiyot qil, himoyachilar oyogʻingga tepib, seni jarohatlamasin deb meni avaylaydi.

- Doʻstingiz Jamshid Iskanderovning oʻyini tushib ketishiga nima sabab boʻldi deb oʻylaysiz?
- Jamshid jarohat sababli ikki yil oʻynamadi. Jarohatdan keyin har qanday futbolchida biroz boʻlsa ham qoʻrquv boʻladi. Siz ikki yil oʻynamasangiz tabiiyki jamoadoshlaringizda oʻsish boʻladi. 4-5ta oʻyindan keyin oʻziga kelib olishiga ishonaman.

- “Oltin baliqcha” uchta tilak ayt desa qanday tilaklarni aytgan boʻlar edingiz?
- Birinchisi Oʻzbekiston terma jamoasini Jahon chempionatiga olib chiqish. Ikkinchi va uchinchisini hali oʻylab koʻrmaganman.

- Agar oldingizda quyidagi 4ta taklif boʻlsa qaysi birini tanlagan boʻlardingiz? Maosh balandligi ketma-ketligi boʻyicha yozilgan: 1.Xitoy, 2.Yaponiya, 3.Janubiy Koreya, 4.Rossiya.
- Rossiya premyer-ligasiga ketardim. Maoshi kamroq boʻlsa ham.

- Sobiq murabbiyingiz Samvel Babayan haqida fikringiz qanday? Hozir koʻpchilik uni ayblamoqda.
- Samvel Babayanni yomon murabbiy deb aytmayman. Lekin har bir murabbiyning oʻz kamchiliklari boʻladi. Murabbiylarni unday, bunday deb aytishni yomon koʻraman. Babayan haqida ham, boshqa murabbiy haqida ham nimadir deyishni istamayman. Murabbiy murabbiyligini qilsin, futbolchi futbolchiligini qilsin. Balki men ham kelajakda murabbiy boʻlarman va qaysidir qarorlarim muxlislarga yoqmas. Bu hayotda barchaga bir xil yoqib boʻlmaydi.

- Oliy ligada birinchi urgan golingizni eslay olasizmi? Chap oyoqda urganmisiz yoki oʻng oyoqdami?
- (oʻylanib) menimcha 2015 yilda “Andijon”ga urgandim. Raqibni aldab oʻtib, chap oyogʻimda urgandim. (Aslida Masharipov oliy ligadagi birinchi golini 2015 yil “Lokomotiv”ga urgan ekan, muallif)

- Nega oʻzbek futbolchilari maydonda jonini berib oʻynamaydi?
- Muxlislarga shunday koʻrinsa kerak. Ammo barchamiz maydonga tushsak oxirigacha kurashamiz. Yosh boʻlsam ham oʻzimdan katta futolchi sekinroq oʻynaganni koʻrsam uni urishib beraman.

- Qaysi jamoaga muxlislik qilasiz va kumiringiz kim?
- Ispaniyaning “Barselona” klubiga muxlislik qilaman. Braziliyalik Neymarning oʻyinlari menga yoqadi.

- Futboldan ketganingizda nima bilan shugʻullanmoqchisiz?
- Shu narsa haqida oʻylasam juda qoʻrqaman. Futboldan ketgim kelmaydi. Bilaman bir kun kelib faoliyatimni tugataman. Lekin hozir shu narsani oʻylagim kelmaydi. Maza qilib, imkon qadar uzoq yillar davomida muxlislarni quvontirib, eng yaxshi futbolchi boʻlib yurishni istayman. Shu bois hali bu haqda oʻylab koʻrmaganman. Milliy terma jamoada ham, “Paxtakor”da ham koʻp yutuqlarga erishishim kerak.
Narzulla Saydullayev tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jaloliddin Masharipov: Onasiga sovgʻa qilgan Neksiya va nimadan juda qoʻrqishi haqida