Otabek Shukurov ikki oyga safdan chiqdi va Londonda operatsiya qilinadi (foto)

  • 29 mart 2019, 13:16
  • 749
  • Sport
  • Otabek Shukurov ikki oyga safdan chiqdi va Londonda operatsiya qilinadi (foto)
    Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va BAAning “Sharja” klubi yarim himoyachisi Otabek Shukurov “China cup-2019” xalqaro musobaqasidan oʻrin olgan Xitoyga qarshi oʻyinda jarohat olib, maydonni erta tark etgandi. Keyinchalik tekshiruvlar natijasida Shukurovning boldir suyagi pastdan singani va u kamida 2 oy maydonga tusha olmasligi maʼlum boʻldi.

    Milliy terma jamoa shifokorlari mahalliy shifoxonada Otabek Shukurovga dastlabki tibbiyo yordamni koʻrsatgach, futbolchi davolanishni davom ettirish uchun oʻz klubi ixtiyoriga yoʻl oldi. Chunki bunday hollarda futbolchi jarohatini davolash uchun klub bilan maslahatlashgan holda ish tutishi talab etilardi. “Sharja” klubi shifokorlari Otabek Shukurovning jarohatini koʻzdan kechirib, operatsiya orqali davolashga qaror qilishdi. Endilikda futbolchimiz Londonda operatsiya qilinadi. Hozirda u hujjatlar bilan bogʻliq rasmiyatchiliklar tugashini kutmoqda.

    Otabek Shukurovga jarohat yetkazgan Xitoy milliy terma jamoasi va “Guanchjou Evergrand” klubi hujumchisi Vei Shi Xao oʻyindan keyin futbolchimizning oldiga kelib, undan uzr soʻrab, qilgan ishi uchun pushaymon ekanini maʼlum qilgandi. Qolaversa, Xitoy terma jamoasi yordamchi murabbiyi, shifokori, menejeri ham Otabek Shukurovdan xabar olib, futbolchilarining harakatlaridan afsusda ekanliklarini aytib oʻtishgandi.

    Shunga qaramay, “Guanchjou Evergrand” klubi futbolchisining Shukurovga nisbatan qoʻpolligini qattiq qoralab, Vei Shi Xaoni klub oʻyinlaridan chetlatgani haqida xabarlar paydo boʻldi. Qolaversa, Vei Shi Xao harakatlari oʻrganib chiqilib, futbolchi bir umrga futboldan chetlatilishi ham mumkinligi eʼlon qilingandi.

    Terma jamoamiz yarim himoyachisi bu holatga quyidagicha munosabat bildirdi: “Jarohatdan soʻng mavsumning qolgan qismida klubimga yordam bera olmasligimni bilib, juda ham tushkunlikka tushib qolgandim. Doʻstlarim, muxlislarim meni qoʻllab-quvvatlashi natijasida tushkunlikni bir oz boʻlsada yengib oʻtishga muvaffaq boʻldim. Ammo menga jarohat yetkazgan Ve Shi Xao klubi tomonidan jazolanganini, maʼlum muddat maydonga tusha olmasligini eshitganimdan keyin yana xafa boʻldim. Kelajakka katta umidlar bilan boquvchi yosh futbolchi sifatida maydonga tusha olmay, futboldan chetda boʻlish qanchalik katta fojea ekanini yaxshi bilaman. Professional futbolchi sifatida futbolda jismoniy toʻqnashuvlar tabiiy ekanini tushunaman, Vei Shi Xao oʻyindan keyin oldimga kelib, uzr soʻraganda, men uning uzrini qabul qilganman. Shu sababli men ”Guanchjou Evergrand“ klubiga rasman murojaat qilib, futbolchiga belgilangan jazo chorasini yumshatishni soʻrab qolgan boʻlardim”.

    » » Otabek Shukurov ikki oyga safdan chiqdi va Londonda operatsiya qilinadi (foto)