13:36 / 29.03.2019
3 520

Final sari yoʻl. Ronaldu va Messi bahsiga guvoh boʻlamizmi?

Final sari yoʻl. Ronaldu va Messi bahsiga guvoh boʻlamizmi?
Yevropa Chempionlar ligasi – uzoq oʻtmishga ega turnirning jozibasi har qanday futbol ishqibozini hayajonga soladigan turnirdir. Betakror oʻyinlar, his-hayajonli damlar va grand jamoalarning toʻqnashuvlari, dahshatli kambeklar turnirning 2018-2019 yilgi mavsumi avvalgilaridan-da shov-shuvlarga boy boʻlmoqda.

9 aprel oqshomida sizu biz “Liverpul”-“Portu” hamda “Tottenxem”-“Manchester Siti” klublarining toʻqnashuviga guvoh boʻlamiz.
Chempionlar ligasi bosh sovrinini boshi uzra 5 marotaba koʻtargan, favorit deya eʼtirof etilgan va ayni vaqtda nafaqat Angliyada, balki Yevropa maydonlarida ishonchli toʻp surayotgan Yurgen Kloppning “Liverpul”i hamda “Portu” oʻrtasidagi bahs ham haqiqiy kurashga boy boʻlishi taxmin qilinmoqda. Tengsiz uchlik Saloh, Mane va Firmino “Portu” himoyasini qoʻrquvga solishi aniq. Ushbu musobaqada 2 marotaba gʻolib chiqqan “Portu” ham anoyilardan emas. Oʻtgan yilgi mavsum “Barselona”ni musobaqadan uloqtirgan “Roma”dan 1/8 finalda oʻz uyida ishonchli tarzda ustun kelgan “Portu” ham “sovgʻa” tayyorlab qoʻygani aniq. “Liverpul” esa oʻtgan yilgi finalda “Real Madrid”dan qabul qilib olingan alamli magʻlubiyatni unutib, final sari olgʻa qadam tashlashi esa kutilayotgan natijalardan.

Va nihoyat, “Tottenxem” oʻzining yangi stadionida ilk oʻyinini azaliy raqibi “Manchester Siti”ga qarshi oʻtkazadi. Ushbu jamoalar hali biror marta ham ushbu turnirda gʻolib boʻla olishmagan. Angliya Premer ligasining 10 turida “Tottenxem” oʻz maydonida “Manchester Siti”ga 0-1 hisobida imkoniyatni boy berib qoʻygandi. Oʻshanda oʻyin teng kurashlar ostida kechgan, biroq “Shaharliklar”ga omad oʻz eshiklarini ochgan edi. 9 aprel oqshomida Pochettinoning oʻziga xos qarorlari va Xarri Keyn, Eriksen va Son Xin Min singari futbolchilarning kuchli ishtiyoqi “Tottenxem”ga gʻalaba olib kelishi mumkin. Biroq, oʻz raqiblarini birin-ketin yanchib tashlayotgan va mashinaga aylanib ulgurgan Pep ogʻaning shogirdlari bunga koʻnmasliklari aniq. Guruh bosqichi hamda 1/8 finalda oʻrtamiyona jamoalar bilan kuch sinashgan “Manchester Siti”ga ilk oʻyinda oson boʻlmasligi aniq. Har holda eng yaxshi himoya va hujum, yarim himoyada ishonchli oʻyin koʻrsatayotgan Siti futbolchilari ushbu oqshomda gollar shousini uyushtirmasligiga hech kim kafolat bermaydi.

Qirollarni taxtdan agʻdargan “Uchar gollandlar”

Chempionlar ligasida haqiqiy shov-shuvlarga sabab boʻlgan “AYAKS” klubi nihoyat uzoq yillardan keyin 1/8 finalga yoʻl oldi. 4 marotaba mazkur turnirning bosh sovrinini uyiga olib ketgan “AYAKS” bu safar ham chempionlik sari otlangan boʻlsa ne ajab. Biroq ularni 10 aprel oqshomida oʻz uyidagi “Yuventus” bilan kechadigan muhim oʻyin kutmoqda. Bir necha mavsumdan buyon chempionlikka daʼvogar boʻlib kelayotgan “Yuve”ning bu yilgi maqsadlari juda ulkan. Sovrinni uyiga olib ketish uchun Madrid jamoasidan Ronaldunida olib kelishni eplagan jamoaga qarshi oʻyin oson boʻlmasligi aniq. “AYAKS”ning iqtidorli yosh futbolchilari akalariga munosib voris boʻlish uchun olgʻa qadam tashlagan.

Allegri ustozlik qilayotgan jamoaning “Atletiko”ga qarshi kechgan javob oʻyinidagi “kambek”, oʻz qudratini namoyon etayotgan “Krish”ning super oʻyini, A seriyada chempion boʻlaverib zerikkan “Yuve” rahbarlarining ham istagi aynan chempionlik. Mehmonda erishilgan har qanday kichik natija ham Ronalduning jamoadoshlariga uy oʻyini oldidan ajoyib natija boʻladi. Xullas bu oʻyin ham haroratli oʻtishini taxmin qilish mumkin.

“Sehrli tayoqcha” “Barsa”ga qarshi

Ule Gunner Sulsher – “Qizil iblis”larning afsonaviy sehrli tayoqchasi “MY” ga kelganidan buyon oʻz shogirdlariga maydonda zavqlanib toʻp tepishiga qoʻyib bermoqda. Bu esa natijalarda oʻz soʻzini allaqachon aytib boʻldi. Bir necha mavsumdan beri Angliya Premyer ligasida ishonchli oʻynay olmayotgan “Manchester Yunayted” xalqaro maydonda Joze Mourino qoʻl ostida erishgan eng katta yutugʻi bu Yevropa Ligasi chempionligidir. “Manchester Yunayted” tarkibida superyulduzlar va gʻalabaga chanqoq yosh isteʼdodlar yetarlicha, ular kerakli paytda natija koʻrsata olishini “PSJ” bilan boʻlgan oʻyindagi “kambek” orqali isbotlab qoʻydi. Esingizda boʻlsa oʻsha oʻyindagi “PSJ”ning taqdiri 1998-1999 yildagi Chempionlar Ligasi finalida oʻynagan “Bavariya”ning tunini eslatib yubordi. Demak “Orzular teatri”da “Barselona”ga oson boʻlmasligi tayin.

“Qirollik klubi” Chempionlar Ligasini ketma-ket uch marotaba yutib oldi. Har safar “Barsa”ga nimadir yetishmayotgandek tuyulaverdi. Oʻzga sayyoralik Messi ham ojiz qolmoqda. Biroq, Valverde jamoaga oʻzgacha ishtiyoq olib kirdi va raqiblarni qanday qilib boʻlsada yengish borasidagi taktikalarini birin-ketin sinovdan muvaffaqiyatli oʻtkazib kelmoqda. Ispaniyada dahshatli statistika qayd etayotgan, toʻpurarlikda peshqadam Messi Chempionlar Ligasida ham raqiblar darvozasiga 8 ta toʻpni joylab qoʻygan. U “Manchester Yunayted” ning seyvlarni xush koʻruvchi darvozaboni David De Xeyani ham bu kecha sinovdan oʻtkazishi aniq.

Maqolamizga “Final sari yoʻl. Ronaldu va Messi bahsiga guvoh boʻlamizmi?” deya nom berganimiz ham bejiz emas. Jahon futbolining afsonalari-yu millionlab ishqibozlari finalda “Yuve”-“Barsa” toʻqnashuviga guvoh boʻlishi ehtimoli katta ekanligini allaqachon bashorat qilishni boshlab yuborgan. Lekin, bir narsani unutmaylik, ushbu turnirda har bir jamoa gʻalaba sari intiladi. Bu yoʻlda qanday jamoaga raqib boʻlishining esa ahamiyati yoʻqdek. Negaki, barchasi maydonda hal boʻladi. Hatto favoritlarning imkoniyati 100 foiz deyilgan oʻyinlarda ham “superkambek”larni koʻrib koʻzimiz oʻrganib qolgan. Koʻramiz, 1/8 finalning dastlabki oʻyinlarida kimning qoʻli baland keladi-yu, kimdan omad yuz oʻgiradi...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Final sari yoʻl. Ronaldu va Messi bahsiga guvoh boʻlamizmi?