18:13 / 31.03.2019
3 074

Janubiy Koreyada murabbiylik qilayotgan hamyurtimiz haqida

Janubiy Koreyada murabbiylik qilayotgan hamyurtimiz haqida
Sanjar Asqaraliyevni yaxshi tanisangiz kerak-a? Namanganlik futbolchining faoliyati davomida “Navbahor”, “Neftchi”, “Andijon” kabi jamoalarda toʻp surib muxlislar mehrini qozongan yarim himoyachi oxirgi marta Fargʻonaning “Istiqlol” jamoasi sharafini himoya qilgandi. Shundan soʻng Asqaraliyev maydonda koʻrinmay qolgandi. Koʻpchilik esa Sanjarni Janubiy Koreyada murabbiylik ishi bilan shugʻullanayotganini bilmasa kerak. Oʻzingiz tushunib turganingizdek, ushbu maqolamiz Sanjar Asqaraliyev haqida boʻladi.

Ochigʻi, Asqaraliyevning Janubiy Koreyada murabbiylik qilayotgani eʼtiborga molik xabar desak yanglishmaymiz. Biz esa avvalo uni qanday qilib Koreyaga ketgani haqida soʻradik.

- Janubiy Koreyaga oilaviy sabablaga koʻra ketdik. U yerda rafiqamning qarindoshlari istiqomat qilishadi. Oʻshalar menga bu yerga kelib bemalol ishlashim mumkinligini aytib qolishdi. Ularning taklifiga koʻra ketdim va endilikda yosh bolalarni shugʻullantiryapman. Hammasi yaxshi, oʻz ishimni yaxshi koʻrganim bois u yerdagi faoliyatim mazmunli oʻtyapti. Koreyaning Ansan shahridamiz va u yerda “Shinsung” degan xususiy futbol maktabi bor. Oʻsha yerda bolalar bilan ishlayapman. 2009 va 2010 yillarda tugʻilgan bolalarga murabbiylik qilyapman.

Bolalar futboliga murabbiylik qilayotgan Asqaraliyevda bu borada tegishli litsenziya bormi, degan haqli savol ham tugʻiladi. Mazkur masala haqida oʻzidan soʻraganimizda shunday dedi:

- Ha, ular mendan murabbiylik litsenziyamni soʻrashgandi. Litsenziyam esa bor, faqat Oʻzbekistonda qolganini aytganman. Futbol maktabining rahbari men bilan yaxshi munosabatda boʻlgani uchun menga ishonch bildirgan. Baribir qachondir Oʻzbekistonga qaytib murabbiylik oʻquv-kurslarida oʻqishim kerak. Bungacha “S” litsenziyaga oʻqiganman va yana oʻqishim kerak.

Shunday qilib, Sanjar futbolchilik faoliyatini tugatgan koʻrinadi. Lekin u bu haqida hali hech kimga aytmagandi. Shu bahonada Asqaraliyev futbolchilik faoliyatini tugatganini eʼlon qildi.

- Ha, futbolchilik faoliyatimni tugatdim deb hisoblasam boʻladi. Boʻldi endi, tugatadigan paytim kelgandi. Ammo futbolni erta tugatdim deb oʻylamayman. Ayni paytda 38 yoshdaman. Shunday ekan, faoliyatimni yakunlaydigan davr ham kelgandi va buni oʻzim ham yaxshi tushunib turgandim. Yoshlarga ham yoʻl boʻshatib berish kerak edi. Hadeb futbol oʻynab futbolni ham qiynamaylik (kuladi).

Xoʻsh, sobiq futbolchiga aylangan Asqaraliyev maydonda oʻtkazgan faoliyatidan qay darajada koʻngli toʻldi? Bu haqida u quyidagicha javob berdi.

- Faoliyatimdan qanchalik qoniqdim? Menimcha, 50x50 boʻlsa kerak. Nima boʻlganda ham “Neftchi”dagi faoliyatim esda qolarli boʻldi. Ammo, afsuski, bu jamoa bilan chempionlikni qoʻlga kiritish nasib qilmagan. Kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritganmiz. Baribir chempionlik nasib qilmagani men uchun alamli boʻlgan. Koʻp mamlakatlarda boʻldik, Osiyo Chempionlar ligasi hamda OFK Kubogi musobaqasida ishtirok etdik. Albatta, bu vaq davomida yaxshi natijalarimiz ham boʻlgan.

Endi yana Koreyadagi faoliyatiga qaytadigan boʻlsak, yosh bolalar bilan ishlash boʻyicha u yerda tizim qanday? Hamyurtimizni eʼtiborini tortgan jihatlar boʻldimi?

- Koreyada yosh bolalar futboli boshqacha ekan, - deydi Sanjar. - Bu yerda bolalarni ertalab maxsus avtobus olib keladi va mashgʻulotlardan soʻng oʻsha avtobus olib ketadi. U yerda mashgʻulot uchun eʼtiborni koʻrsangiz, hech nimadan muammo yoʻq. Hamma sharoitlar faqat aʼlo darajada. Agar Oʻzbekistonda ham sharoit va eʼtibor shunaqa boʻlganida allaqachon Messi va Ronaldular yetishib chiqqan boʻlardi.

Bundan tashqari, u yerda yaratilayotgan sharoitlar ham yuqori darajada ekanligi haqida alohida taʼkidlamoqda. Bunga quyidagi soʻzlari orqali guvoh boʻlish mumkin.

- Koreyada maydonlardan hech qachon muammo yoʻq. Bolalar uchun 4-5 xil koʻrinishdagi maydonlar bor. Mashgʻulotning har 40 yoki 45 daqiqasidan keyin bolalar uchun choy-kofe, banan va meva-chevalar beriladi. Bolalar uchun umuman muammo yoʻq. Toʻpmi, forma deysizmi, hamma-hamma narsasi bor. Shunday ekan, qanaqasiga bola oʻsmasin?! Lekin bu yerda bolaning futbolchi boʻlish yoki boʻlmasligini koʻpincha ota-onalari hal qilishadi.

Xoʻsh, Asqaraliyev ustozlik qilayotgan jamoa turli xil musobaqalarda qatnashishyaptimi? Har holda bolalar uchun oʻyin amaliyoti juda muhim hisoblanadi.

- Ha, musobaqalar boʻlib turadi. Hozircha Ansan viloyati boʻyicha tashkil etilayotgan turli turnirlarda qatnashib turamiz. Keyin bir marta Koreya poytaxti Seul shahrida oʻtkazilgan musobaqada ham ishtirok etib keldik, - deydi Asqaraliyev.

Bolalar futboli bilan bogʻliq yana bir asosiy muammo shundaki, koʻpincha ulardan natija ham talab qilinadi. Murabbiylar bolaning futbolchi sifatida oʻsishining oʻrniga jamoasining natija koʻrsatishini ustivor vazifaga aylantirib olishadi va bunday holatlarga oʻzimizda koʻp bor guvoh boʻlganmiz. Bu borada Koreyada qanday? Asqaraliyev esa shunday javob berdi.

- Bu yerda natija haqida umuman hech kim hech nima demaydi. Nega yutdi yoki nega yutqazdi degan gap yoʻq. Bola mashgʻulotga kelyaptimi, qilayotgan mehnatidan oʻzi xursandmi va bunda nota-onasi mamnunmi, boʻldi shuning oʻzi ular uchun yetadi. Bolalar bilan ishlashda murabbiy maza qilib ishlaydi. Hech qanday bosimni his qilmaydi. Shuning uchun men ham bolalar bilan ishlashda aslo qiynalayotganim yoʻq. Bilasizmi, Koreyada iqtidorli bolalar juda koʻp ekan, ularni koʻrib oʻzim ham hayron qoldim. Bolalarning oʻzlarida futbol uchun qiziqish juda katta. Bu esa ularning asosiy yutugʻi hisoblanadi. Ammo, baribir u yerda bolaning emas, balki ota-onasining aytgani boʻlar ekan. Men esa bolalarning ota-onalari farzandining iqtidori borligini va futbol bilan oxirigacha shugʻullanishini aytaman. Ammo ular bolasini koʻproq oʻqitishga qiziqishadi.

Shuningdek, u yerda murabbiylar uchun ham qanday sharoitlar yaratilgani bilan qiziqdik. Qolaversa, qancha miqdorda oylik maosh olayotgani borasida ham bilishni xohlagandik.

- Murabbiylar uchun sharoitlar ham yaxshi. Nolishga also hojat yoʻq. Oylik maosh haqida esa gapirmay turganim yaxshi. Odamlar meni u yerga pul yoki boshqa narsa uchun ketibdi deb oʻylashmasin deymanda. Lekin tan olishim kerakki, oylik maoshim ancha baland. Sentabr oyida vizam tugaydi. Keyin shunga qarab ish qilamiz.

Umuman olganda, hamyurtimiz Janubiy Koreyada yana qancha muddat faoliyat olib bormoqchi? Keyingi rejalari qanday? Bu savolga esa quyidagicha javob qaytardi.

- Toʻgʻrisi, hali keyingi rejalarim haqida bir nima deya olmayman. Ammo Koreyadagi ishim oʻzimga ham yoqyapti. Shunga qaramay, ota-onam, qarindoshlar, umuman olganda, vatan sogʻinchi degan tuygʻular baribir oʻz soʻzini aytyapti. Sentyabrgacha yana hammasini oʻylab koʻraman. Ungacha esa hali vaqtim bor.

Shu oʻrinda koʻpni koʻrgan sobiq oʻyinchimizdan bugungi oʻzbek futboli haqidagi fikrlari bila ham qiziqib koʻrdik. Uning bildirgan fikrlari esa sizni ham beeʼtibor qoldirmasa kerak.

- Toʻgʻrisi, bugungi futbolimiz haqida nimadir deyishni ham bilmayman. Sport tamoyillari degan tushunchalar bor. Qanday qilib, birinchi ligadan kurashmasdan turib Superligaga chiqish mumkin? Mana shunday ishlardan hayron qolyapman. Har doim sport tamoyillariga amal qilish kerak. Bugun ikkita jamoani chiqardi, ertaga esa yana boshqalarni ham kurashsiz Superligaga chiqarishadi. Agar shunday boʻlaversa, u holda pro-ligani nima keragi bor? Pro-ligadan kurashib chiqqan jamoa anna shundan keyingina Superliganing qadrini biladi. Futbolimizdagi oʻsishni esa milliy terma jamoaga qarab belgilash mumkin. Terma jamoa oʻyiniga qarab, oʻzbek futboliga baho bersa boʻladi.

Maʼlumki, bizda ham yoshlar bilan ishlash va bolalar futbolini koʻtarish borasida turli oʻzgarish va islohotlar amalga oshirilmoqda. Xoʻsh, bolalar futboliga boʻlgan eʼtibor va ular bilan ishlash borasida Janubiy Koreya bilan Oʻzbekistonni qanday solishtirish mumkin? Hammasiga oʻz koʻzlari bilan guvoh boʻlayotgan Sanjar Asqaraliyev shunday javob qaytardi.

- Janubiy Koreyada ishga boʻlgan munosabat juda yuqori darajada. U yerda futbolchilar va yosh bolalarning mashgʻulotga boʻlgan munosabatini koʻrsangiz hayron qolasiz. Javobgarlik hissisni juda yaxshi his etishadi. Shu bois u yerda yoshlarning oʻz ishiga jiddiy yondashayotganini koʻrib hayron qolaverasiz. Shuning uchun ham bugungi kunda Koreya futbolining mavqei bizdan ancha baland. Bundan tashqari, u yerda murabbiyning roli juda katta va futbolchilar ustoziga nisbatan boshqacha hurmatda boʻlishadi. Ularga yoshlikdan taʼlim tarbiya ham yuqori darajada berilar ekan.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Janubiy Koreyada murabbiylik qilayotgan hamyurtimiz haqida