07:12 / 03.04.2019
3 500

Kelishilgan oʻyinlar mojarosi - OʻFA nimani yashirmoqda?

Kelishilgan oʻyinlar mojarosi - OʻFA nimani yashirmoqda?
Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasining axloq qoʻmitasi “Navbahor” klubining sobiq bosh murabbiyi Ilhom Moʻminjonovni 50 million soʻm jarimaga tortdi va futboldagi faoliyatdan 5 yilga chetlatdi.

OʻFA sayti xabariga koʻra, 40 yoshli mutaxassis 2017 yilda “kelishilgan oʻyinlarni tashkil qilish, jumladan, oʻyin natijasiga taʼsir qilish maqsadida «Navbahor”ning bir qancha futbolchilarini oʻyinni sotishga undagan».

Tribuna.uz manbasi maʼlumotiga qaraganda, Moʻminjonov barcha ayblovlarni inkor qilgan va oʻziga qarshi koʻrsatma berganlarni tuhmatda ayblagan.

OʻFA sayti xabarida Moʻminjonov qaysi futbolchilarni oʻyinni sotishga undagani haqida maʼlumot yoʻq. Ammo, “Surxon” klubining texnik direktori Sherzod Sharipov axloq qoʻmitasiga surishtiruv jarayonida yolgʻon koʻrsatma bergani va qoʻmitani qaror chiqarishda chalkashtirgani, shuningdek, “Surxon” klubi sardori Dilshod Jabborov “Navbahor”ning sobiq bosh murabbiyi Ilhom Moʻminjonovga kelishilgan oʻyinlarni tashkil qilishda yordam bergani va futbolchilarni oʻyinni sotishga undagani, shuningdek, qoʻmitaning yozma va ogʻzaki soʻrovlariga eʼtibor bermay, uzrli sababsiz qoʻmita yigʻilishiga kelmagani haqida xabar bor. Ularning har ikkalasi ham 2019 yil oxiriga qadar futbol bilan bogʻliq har qanday faoliyatdan chetlatilgan.

Qayd etish joizki, Moʻminjonov bilan deyarli bir xil “qoidabuzarlik” sodir etgan va ustiga-ustak, qoʻmitaga koʻrsatma berishdan bosh tortgan Dilshod Jabborovning jazosi nega yengil boʻlganiga ham izoh berilmagan.

Jazolanganlarning ikki nafari “Surxon” nomi bilan bogʻliq boʻlsa-da, Termiz shahri klubining bu ishlarga aloqasi yoʻq. Gap shundaki, 2019 yil mavsumi boshlanishidan oldin, Ilhom Moʻminjonov “Surxon” klubi bosh murabbiyi qilib tayinlangan edi. Shundan soʻng, u bilan “Navbahor” klubida ishlagan xodim va futbolchilar Termiz klubiga oʻtgan. Ularning orasida Sherzod Sharipov va Dilshod Jabborov ham bor.

2019 yil fevral oyida OʻFA Moʻminjonovni “Aziz Turgʻunboyev ishi” boʻyicha futboldagi faoliyatdan bir yilga chetlatgan edi. Shundan soʻng, u “Surxon” klubi bosh murabbiyligidan ketdi.

Agar adashmasam, “Moʻminjonov ishi” - oʻzbek futbolidagi kelishilgan oʻyinlar bilan bogʻliq birinchi ishdir va u aynan shunday qoidabuzarlik uchun jazolangan ilk murabbiydir. Shu paytgacha, OʻFA qoshida necha yillar davomida kelishilgan oʻyinlarga qarshi kurash qoʻmitalari, komissiyalari ishlagan boʻlsa-da, ularning birortasi bunday qaror chiqarmagan. Demak, OʻFAning bu qarorini faqat olqishlash mumkin.

Ammo, tanganing ikkinchi tomoni ham bor. OʻFA xabarida Moʻminjonovning oʻz futbolchilarini qaysi oʻyinlarni sotishga undagani haqida maʼlumot yoʻq. Vaholanki, OʻFA surishtiruv oʻtkazgan va futbolchilardan koʻrsatma olgan ekan, bunday maʼlumotga ham ega boʻlishi kerak edi. Chunki oʻyinni sotish uchun, uni sotib oluvchi, evaziga bir narsa taklif qiluvchi tomon ham boʻlishi kerak. Xoʻsh, OʻFA bu maʼlumotlarni nega oshkor qilmayapti?

Tribuna.uz manbalari maʼlumotiga koʻra, bu ish boʻyicha 10ga yaqin futbolchi koʻrsatma bergan va 2017 yilda yuz bergan bu voqealarga faqat “Navbahor”ning emas, balki yana kamida ikkita klubning aloqasi bor. Ulardan biri yuqori oʻrinlar uchun kurashgan, ikkinchisi esa ligada jon saqlab qolishga harakat qilgan. Qayd etish joizki, mavsum yakuniga koʻra bu vazifa “muvaffaqiyatli” tarzda bajarilgan va klublar oʻz maqsadiga yetgan.

OʻFA kelishilgan oʻyinlarga qarshi kurashni izchillik bilan davom ettirib, davrani kengroq olishi, qingʻir ishlarga aralashgan bu klublar boʻyicha ham surishtiruv oʻtkazishi va ularning nomini oshkor qilib, ularni ham jazolashi lozim edi.

Bu ikkala klub hozirgi vaqtda ham Superligada ishtirok etmoqda. Agar ularning kelishilgan oʻyinlarga aloqasi borligi isbotlansa, nohalol yoʻl bilan qoʻlga kiritgan sovrinlaridan mahrum qilinishi, jarimaga tortilishi, kerak boʻlsa Superligadan tushirib yuborilishi, joriy mavsumdagi ochkolaridan mahrum qilinishi kabi jazolar tayinlanishi mumkin edi. Bunday amaliyotni dunyo futbolida koʻryapmiz.

Kelishilgan oʻyinlarga qarshi kurash har doim izchil olib borilishi shart. “Kelishib olish”ni taklif qilgan ham, bu taklifni qabul qilgan tomon ham, xullas zanjirning barcha qismi aniqlanishi va jazosiz qolmasligi kerak. Aks holda u koʻzlangan samarani bermaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kelishilgan oʻyinlar mojarosi - OʻFA nimani yashirmoqda?