17:52 / 04.04.2019
2 540

Superligada 3-tur anonsi: «Paxtakor»da yana jiddiy o‘yin, «Bunyodkor» vodiyda mehmon

Superligada 3-tur anonsi: «Paxtakor»da yana jiddiy o‘yin, «Bunyodkor» vodiyda mehmon
Bugun, 4 aprel kuni O‘zbekiston Superligasida 3-tur o‘yinlari boshlanadi. Dastlab amaldagi chempion «Lokomotiv» o‘z maydonida «Andijon»ni qabul qiladi. «Loko» 9 aprel kuni Chempionlar Ligasi o‘yinida qatnashishi sabab bu o‘yin boshqalaridan oldinroq o‘tkazilmoqda.

Turning qolgan o‘yinlari keyingi 3 kun davomida bo‘lib o‘tadi. Ertaga, 5 aprel kuni «Paxtakor» turning markaziy bahsida «Nasaf»ni qabul qiladi. 6-7 aprel kunlariga yana 5ta o‘yin belgilangan.

Quyida 3-tur oldidan bizni qanday intrigalar kutayotgani haqida gaplashamiz.

4 aprel (payshanba)
«LOKOMOTIV» - «ANDIJON»

O‘yin vaqti: 18:00.
Stadion: Toshkent, «Lokomotiv» stadioni.
Taqvim bo‘yicha bu o‘yin 5 aprel kuni Andijonda o‘tkazilishi belgilangandi, biroq Andijondagi maydon mavsumga tayyor bo‘lmagani sababli uchrashuv Toshkentga ko‘chirildi. 5 aprel kuni poytaxtda «Paxtakor» va «Nasaf» ishtirokidagi yana bir uchrashuv o‘tkazilishi bois, o‘yinning vaqti ham o‘zgarib, 4 aprelga ko‘chirildi. Chunki bir shaharda bir kunda ikkita o‘yin o‘tkazish mumkin emas. Shu tariqa, Superliganing joriy mavsumida odatiy holga aylanib qolgan o‘yin vaqti va joyining o‘zgarish «an’anasi» yana takrorlandi. Kelishuvga ko‘ra, ikkinchi davrada Toshkentda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan o‘yin Andijonda o‘tkaziladi.

Bu bahsda «temiryo‘lchilar»ning imkoniyatlari yuqori. 1-turda «Paxtakor»ga mag‘lub bo‘lgan «Lokomotiv» 2-turda «Navbahor»ni yengdi. «Andijon» esa hozircha qanday kuchga ega ekanini ko‘rsata olgani yo‘q. Birinchi turda «Qizilqum» bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan andijonliklar ikkinchi turda «Qo‘qon-1912» bilan nursiz durang qayd etdi - 0:0.

«Lokomotiv» bu o‘yindan 5 kun o‘tib Saudiyada «Al-Ittihod»ga qarshi Chempionlar Ligasi o‘yinida qatnashadi. Shu sababli Fyodorov ba’zi yetakchilariga dam berishi ham mumkin.

5 aprel (juma)
«PAXTAKOR» - «NASAF»

O‘yin vaqti: 18:00.
Stadion: Toshkent, «Paxtakor» stadioni.
Turning markaziy bahsi Toshkentda o‘tkaziladi. Chempionlik uchun asosiy da’vogar «Paxtakor» o‘z maydonida «Nasaf»ni qabul qiladi. «Paxtakor» Superliganing dastlabki ikki o‘yinida «Lokomotiv» va «Bunyodkor»ni o‘z maydonida qabul qilib, yuz foizlik natija qayd etdi. Jamoa 3-turni ham Toshkentda o‘tkazadi va bu chempionat avvalidan yetachilikni mustahkamlash uchun qo‘l kelishi mumkin. «Paxtakor» ikkita derbida ham qanchalik kuchli ekanini ko‘rdik. Arveladze jamoasi oxirgi yillarda o‘zbek futbolidagi eng kuchli klubdek ko‘rinmoqda. Mamlakatning ko‘plab eng yaxshi futbolchilarini yig‘ib olganidan keyin shunday bo‘lishi ham kerak-da, to‘g‘rimi?

«Nasaf» oxirgi yillarda ko‘plab yetakchilarini boshqa klublarga kuzatishga majbur bo‘ldi. Ularning aksari aynan «Paxtakor»ga o‘tgan. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi yetakchilaridan biriga aylangan Odil Hamrobekov ham shular jumlasidan, u oxirgi bo‘lib «Nasaf»ni «Paxtakor»ga almashtirdi. Shunday bo‘lsa-da, Ro‘ziqul Berdiyev klub akademiyasi vakillaridan yaxshi jamoa tuza olganini ko‘rdik. 1-turda «Dinamo»ni kutilmaganda yenga olmagan «ajdarlar» 2-turda «So‘g‘diyona»ni chiroyli o‘yin ko‘rsatib, mag‘lub etdi.

Qarshiliklar yana kuchli jamoaga aylangandek taassurot uyg‘onmoqda. Darvoqe, «Nasaf»ning keyingi o‘yinlarida muxlislar «So‘g‘diyona» bilan o‘yinda Maradona va Messining gollarini takrorlagan Islom Kenjaboyevning o‘yiniga alohida e’tibor berishsa kerak. Axir raqibning yarim jamoasini aldab gol uradigan futbolchilar bizda har kuni ham porlab chiqavermaydi!

6 aprel (shanba)
«DINAMO» - «METALLURG»

O‘yin vaqti: 16:30.
Stadion: Samarqand, «Dinamo» stadioni.
Samarqandning «Dinamo» jamoasi Superligaga adashib chiqib qolgani dastlabki ikki o‘yinda bilinib qoldi. To‘g‘ri, 1-turda «Nasaf» bilan durang o‘ynagan samarqandliklar yomon taassurot qoldirishmadi, lekin «Surxon»ga qarshi 2-tur o‘yinida «Dinamo» hali mavsumga tayyor emasligi ko‘rindi. Biroq, jamoa tarkibida yaxshi futbolchilar yig‘ilganini inobatga olsak, Davron Fayziyev shogirdlari muxlislarini xursand qilishlari ham mumkin.

Bu o‘yinda «Metallurg»ning ikmoniyati yuqoriroq. Bekobodliklar mehmonda o‘ynashsa ham. «Metallurg» safida ko‘plab yaxshi futbolchilar yig‘ilgan. Xususan, Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi Server Jeparov ham Bekobod klubida o‘ynamoqda. Shipilov shogirdlari ikkita turda ham yomon o‘ynashmadi. Mehmonda «Surxon» bilan durang va o‘z maydonidagi «Buxoro» ustidan g‘alaba «Metallurg»ning yetakchilar qatorida borishini ta’minlamoqda.

«NAVBAHOR» - «BUNYoDKOR»
O‘yin vaqti: 17:00.
Stadion: Farg‘ona, «Istiqlol» stadioni.
Turning yana bir qiziqarli o‘yiniga Farg‘onadagi «Istiqlol» stadioni mezbonlik qiladi. «Neftchi» Superligadan tushib ketganiga qaramay, Farg‘onadagi stadion yuqori divizion o‘yinlarini qabul qilishdan to‘xtamayapti. Chunki, vodiyda faqat shu stadion futbol o‘ynash uchun yaxshi holatda.

«Navbahor» hozircha yaxshi o‘yin ko‘rsatmayapti. Kanchelskis maydon yo‘qligidan nolimoqda, balki unga chindan ham yetarli sharoit yaratib berilmagandir. «Old Trafford»da o‘ynagan futbolchini uncha-muncha sharoit qoniqtirishi ham qiyin axir. Balki Aziz Turg‘unboyevning yo‘qligi ham jamoa o‘yiniga ta’sir qilayotgandir.

«Bunyodkor» 1-turda tushunarsiz o‘yin ko‘rsatgandi, lekin 2-turda «qaldirg‘ochlar» juda yaxshi harakat qilishdi. «Paxtakor»ni yaxshigina ter to‘kishga majbur qilgan yosh futbolchilar Abramovning uslubini tushuna boshlagan ko‘rinadi. Abramov «Paxtakor»ga qarshi o‘yindan keyin «G‘alaba qozonish vaqti keldi», deb aytgandi...

7 aprel (yakshanba)
«BUXORO» - «QIZIQLUM»

O‘yin vaqti: 18:30.
Stadion: Buxoro. «Buxoro SK» stadioni.
Buxorodagi bu bahs qaysidir ma’noda derbi maqomida. O‘z maydonidagi ikki o‘yinda 4 ochko jamg‘argan «Qizilqum» ilk marta safar o‘yinida qatnashadi. Aktamov jamoasi 2-turda ayniqsa chiroyli o‘yin ko‘rsatdi. Jamoa safidagi ikki legioner Medina Smit hamda Elguja Grigalashvili juda yaxshi holatda ekanini ko‘rdik. Jismoniy jihatdan yaxshi holatda bo‘lgan «Qizilqum» yetakchilarga boshog‘riq bo‘ladiganga o‘xshaydi.

«Buxoro» esa hozircha o‘z so‘zini ayta olmayapti. Ikki o‘yinda 1 ochko to‘plagan Ashurmatov shogirdlari ilk marta o‘z maydonlarida o‘ynashadi. Baxtiyor Ashurmatovning OKMKda ham dastlab ishlari yurishmagan va keyinchalik kubokni yutib ketganini unutmaslik kerak.

OKMK - «QO‘QON-1912»
O‘yin vaqti: 17:15.
Stadion: Olmaliq, OKMK stadioni.
Bu o‘yinda OKMKning imkoniyatlari yuqori. Chunki, «Qizilqum»dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng Mirjalol Qosimov juda xafa bo‘ldi. Qosimov jamoasi doim yutqazishga toqat iladigan murabbiylardan emas. Qayerga borsa, sovrin yutishga o‘rgangan murabbiy qanday qilib bo‘lmasin g‘alaba qozonishga intiladi.

«Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi No‘mon Hasanov jamoaga Javohir Siddiqov yetishmayotganini aytdi, lekin ochig‘i, dastlabki ikki turda qo‘qonliklar yomon harakat qilishmadi. Ikki marta ham vodiy jamoalariga qarshi o‘ynagan «Qo‘qon-1912» hali yutqazmadi.

«SO‘G‘DIYoNA» - «SURXON»
O‘yin vaqti: 19:15.
Stadion: Jizzax, «So‘g‘diyona» stadioni.
«So‘g‘diyona» 1-turda «Bunyodkor»ni qo‘shimcha vaqtda urilgan gol evaziga mag‘lub etgandi. O‘sha o‘yindan so‘ng Lushchan raqibning xatosi evaziga g‘alaba qozonilganini aytgandi. Murabbiy o‘z jamoasi o‘yinidan norozi bo‘lganicha bor ekan. Jizzaxliklar ikkinchi turda «Nasaf»ga mag‘lub bo‘lishdi. O‘tgan mavsumdan buyon Sergey Lushchan qo‘l ostida harakat qilayotgan «So‘g‘diyona»da o‘sish ko‘zga tashlanmagan. Balki, murabbiyning ko‘rsatmalari endi o‘z so‘zini ayta boshlar, ammo hozircha ijobiy o‘zgarish yo‘qdek.

15 yil o‘tib yuqori divizionga qaytgan «Surxon»da esa ishlar chakki emas. Birichni turda «Metallurg» bilan durang o‘ynagan surxonliklar o‘tgan turda «Dinamo»ni mag‘lub etishdi. «Surxon» yaqinda kattagina mojaroga aralashib qoldi. Qing‘irliklari sabab futboldan chetlatilgan Ilhom Mo‘minjonov hamon «Surxon»da ishlab yurgani ko‘ringan suratlar tarqaldi. Bu esa murabbiy jamoani de fakto boshqarganini anglatadi. Agar bu fakt isbotlansa, «Surxon» jiddiy sanksiyalarga uchrashi mumkin.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superligada 3-tur anonsi: «Paxtakor»da yana jiddiy o‘yin, «Bunyodkor» vodiyda mehmon