15:55 / 06.04.2019
2 370

Usmon Toshev: "Menimcha, Osiyoda hali ham kelishilgan o‘yinlar bor ekan"

Usmon Toshev: "Menimcha, Osiyoda hali ham kelishilgan o‘yinlar bor ekan"
Tojikiston olimpiya terma jamoasi Osiyo chempionati saralash bahslarida Toshkentdagi turnirda qatnashib 2-o‘rinni oldi. Usmon Toshev boshchiligidagi tojiklar Hindistonni 2:0 hisobida yutib, O‘zbekiston bilan 0:0 o‘ynagan bo‘lsa-da, bu natijalar ularning Osiyo chempionatiga chiqishga yetarli bo‘lmadi. Biz esa Usmon Toshev bilan bog‘lanib, saralash bahslari haqida gaplashdik.

- Tojikiston terma jamoasi saralash bahslarida o‘z darvozasidan gol o‘tkazmagan bo‘lsa-da, baribir Osiyo chempionatiga chiqa olmadi…
- Bu musobaqagacha ikkita yig‘in o‘tkazdik. Bir qator nazorat uchrashuvlarida g‘alabalar qozondik va ikkita-uchta uchrashuvda durang o‘ynadik. Tojikiston futboli rahbarlari bizga kerakli sharoitlarni yaratib berishdi. Hech kim ishimga halaqit qilmadi. Chunki shartnomada shunday band bor edi. Shuning uchun hamma o‘z so‘zida turdi va hammasini o‘zimga qo‘yib berishdi. O‘zim uchun kerakli futbolchilarni tarkibga chaqirdim. Turnirda esa bizning minimum maqsadimiz yetti ochko olish edi. Hindiston bilan Pokistonni yutib, O‘zbekiston bilan durang o‘ynasak 100 foiz Osiyo chempionatiga chiqamiz deb reja tuzgandik. Ammo kutilmaganda Pokiston musobaqada qatnashmaydigan bo‘ldi. Shundan so‘ng Hindistonni mag‘lub etib, O‘zbekiston bilan durang o‘ynash vazifasi qolgandi va bu natija ham bizning Osiyo chempionatiga chiqishimizga yordam berardi.

Hindiston bilan yaxshi o‘ynadik deya olmasam-da, muhimi uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Ammo ikkala uchrashuvni tahlil qiladigan bo‘lsak, yigitlarimiz hali ruhiy tomondan to‘liq tayyor emasdilar. Vaholanki, musobaqaga tayyorgarlik davomida Eron, Qatar, BAA kabi kuchli raqiblarni yutdik. Tojikiston esa bu raqiblarni hali yutmagandi. Lekin baribir o‘rtoqlik uchrashuvi bilan rasmiy o‘yinning farqi juda katta. Baribir rasmiy uchrashuvda futbolchilarda bosim kuchli bo‘ldi. O‘rtoqlik o‘yinlarida yigitlar juda erkin to‘p surishgandi. Hindistonni yutgan bo‘lsak-da, baribir o‘yin men o‘ylagandek bo‘lmadi. Nimagadir futbolchilarimizning harakatlari qiyinlashgandi. Nima uchun O‘zbekiston ushbu saralash musobaqasini o‘zida qabul qildi? Buni hamma tushunib turgandi, chunki ularning ham asosiy maqsadi Osiyo chempionatiga chiqish edi. Biz esa buni bilardik.

Shu sababli O‘zbekistonga qarshi uchrashuvda bizning g‘alabaga bo‘lgan imkoniyatimiz juda past edi. Lekin hech bo‘lmaganda kamida durang o‘ynashimiz mumkin edi. Futbolchilarimiz ham buni yaxshi bilishardi. Agar darvozamizdan gol o‘tkazib yubormasak, oldinda baribir gol urish uchun imkoniyatimiz bo‘ladi deb aytgandim. Lekin o‘yin davomida yigitlarimizda himoyada 100 foizli ishonch bilan o‘ynab, gol urmasak ham durang biz uchun yetadi degan hayol ularning miyalariga o‘rnashib qolgandi. Darhaqiqat, futbolchilarim maydonda 100 foiz borini berib o‘ynashdi. Lekin o‘sha uchrashuvda individual xatolarga ko‘p yo‘l qo‘ydik, biroq darvozabonimiz yaxshi o‘ynadi. Baribir biz saralash bahslaridan qoniqdik va Tojikiston futboli bir qadam olinga siljiganini ko‘rdik. Endi milliy terma jamoa bilan shug‘ullanganimda ham menga biroz qiyin bo‘ladi. Chunki uning asosini hozirgi yoshlarimiz tashkil qilishadi. Biz milliy terma jamoani yoshartiramiz.

O‘zbekiston bilan solishtiradigan bo‘lsak, ular juda yaxshi sharoiyat va imkoniyatlar asosida tayyorlanishdi. Lekin ular ham, biz ham gol o‘tkazmadik. O‘zbekiston uchta gol urdi, biz esa ikkita gol urdik. Faqat bitta gol yetishmadi. Lekin boshqa guruhlardagi jamoalar o‘zlari uchun kerakli natijani ko‘rsatishdi. Kimga qanaqa hisob kerak bo‘lsa, o‘sha hisobni qayd etishdi. Agar haqiqat bo‘lganida biz ham albatta Osiyo chempionatiga chiqqan bo‘lardik. Lekin hali ham Osiyo futbolida o‘yin ichidagi o‘yinlar bor ekan. Baribir muxlislar va futbolimiz rahbarlari bizga minnatdorchilik bildirishdi. Shunchaki oxirida men o‘ylamagan ishlar bo‘ldi, ya’ni, menimcha kelishilgan o‘yinlar kuzatildi. Masalan, Avstraliya Janubiy Koreyani 2:0 ga yutayotib yakunda 2:2 o‘ynadi. Saudiya Arabistoni bilan BAA esa 1:1 o‘ynadi.

- O‘sha siz aytayotgan kelishilgan o‘yinlar haqida gap ketganda, ko‘pchilik O‘zbekiston – Tojikiston uchrashuvini ham kelishilgan deya gapirishmoqda…
- Bu haqida eshitmabman. Lekin o‘yin 0:0 hisobida yakunlandi, bu natijaning bizga nima keragi bor? Axir 0:0 bizni Osiyo chempionatiga olib chiqmadi-ku. Agar O‘zbekiston bilan kelishgan bo‘lganimizda 1:1 yoki 2:2 hisobida durang o‘ynashimiz kerak edi. Lekin bilasizmi, biz 1:1 o‘ynaganimizda BAA Saudiya bilan 2:2 o‘ynagan bo‘lardi. Chunki ular bizning natijamizga qarab o‘ynashdi va shunga yarasha o‘zlari uchun kerakli hisobni qayd etishdi. Qolaversa, mening kelishilgan o‘yinlardan uzoqdaligimni hamma biladi. Agar rostdan kelishganimizda men futbolchilarga bu haqida aytishim kerak bo‘lardi.

- Lekin O‘zbekiston terma jamoasining o‘yinini hech kimga yoqmadi va tanqid qilindi. Biroq o‘yindan so‘ng terma jamoamiz bosh murabbiy Lyubinko Drulovich fantastik o‘yin ko‘rsatdik deya izoh berdi. Bunga nima degan bo‘lardingiz?
- Qanaqa fantastik? Men bunga tushunmayman. Bilasiz, doim o‘yin yoddan chiqadi, natija esa bir umr qoladi. Siz qanday o‘ynadingiz, kim zarba berdi, kim standartdan foydalana olmadi, bularning hammasi unutiladi. Oldinlari O‘zbekiston Tojikistonga 3-4 ta gol urardi. Albatta, ayrim narsalarni to‘g‘rilashda menga ozgina vaqt ham yetishmadi. Lekin asta-sekin o‘yinimizda ijobiylik ko‘zga tashlanyapti. Jamoaviy himoyalanish ham futbolda oson emas.

- Endi Tojikiston milliy terma jamoasida qachondan ishga kirishasiz?
- Toshkentda 8 apreldan OFKning «V» murabbiylar uchun o‘quv-kursini boshlayman. 12 aprelgacha kurslar davom etadi. O‘sha paytda esa Tojikistonda ichki chempionat taqvimi tuzib chiqiladi. 1- va 2-turlar bor, ammo to‘liq taqvimni endi tuzishadi. Shunga qarab, rejalarimizni ishlab chiqamiz. 15 sentyabrdan keyin musobaqalar boshlanadi va ungacha vaqtimiz bor. Biz jahon chempionati saralashining keyingi bosqichiga chiqish uchun kurashamiz. Tojikistonda futbolga katta e’tibor qaratilyapti. 30 ming muxlisga mo‘ljallangan yangi stadion qurilishi ham boshlanyapti.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Usmon Toshev: "Menimcha, Osiyoda hali ham kelishilgan o‘yinlar bor ekan"