10:35 / 08.04.2019
2 484

Stipe Pletikosa: «JCh finalida xorvatlar «tuzoq»qa ilinishdi»

Stipe Pletikosa: «JCh finalida xorvatlar «tuzoq»qa ilinishdi»
Xorvatiya termasining uy stadioni yo‘q, ammo bu jamoa erishayotgan yutuqlar ushbu mamlakatda futbol rivojiga xizmat qilmoqda. Bu haqda xorvatlarning sobiq darvozaboni Stipe Pletikosa rossiyalik hamkasblarimiz bilan suhbatda aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xorvatiyada iqtidorli yigitlar faoliyatni ko‘cha futbolidan boshlashadi, chunki ixtisoslashtirilgan akademiyalar yetarli moliyaviy ta’minotga ega emas. Shuningdek, Pletikosa 2018 yilgi jahon chempionatidan olgan taassurotlari hamda Chempionlar Ligasining joriy mavsumida qaysi klub g‘olib bo‘lishi haqidagi taxminlari bilan ham o‘rtoqlashdi.

- 2018 yili jahon chempionligi uchun kurash kechgan o‘yin siz ko‘rgan finallar ichida eng yaxshisi bo‘ldimi?
- Shubhasiz, mazkur bahs bizga taqdim etgan hissiyotlar shundan dalolat bermoqda. Uchrashuvdan so‘ng jamoamiz kiyinish xonasiga kirib, futbolchilarning biroz ranjiganliklari ustidan chiqdim. Ular turnir davomida ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi, ammo raqib «tuzog‘i»ga ilinishgani sabab g‘alabani boy berishdi. Fransiyalik o‘yinchilarni to‘sishga harakat qilishdi, biroq ular vaziyatdan tezda chiqib ketishdi. Xorvatiya - ehtiroslarga to‘la jamoa, shu bois bizni yaxshi ko‘rishadi. Ammo mazkur vaziyatda hissiyotlarni bir chetga surib, bor e’tibor taktikaga qaratilganida, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

- Xorvatiya termasining finalga chiqishini taxmin qilganmidingiz?
- Albatta, yo‘q. Saralash bahslari bu qadar tekis kechmagandi. Jahon chempionati arafasida barcha biz uchun eng muhimi dastlabki uchrashuvda g‘alaba qozonish ekanligini aytgandi. Biz buni uddaladik va kayfiyat o‘zgardi. Futbolchilar bir-biriga yanada yaqinlashdi. Yirik turnirlarda 23 kishi qatnashadi, yana 25 kishi jamoa atrofida bo‘ladi. Yaxshi muhit yaratish zarurati tug‘iladi, chunki terma ko‘p sayohat uyushtiradi, aksariyat hollarda uyquga vaqt yetmaydi. Masalan, Vedran Chorluka, garchi har doim ham maydonga tushmagan bo‘lsada, barchaga katta madad berdi. Bularning bari yakunda bizni final sari yetakladi.

- Fransuzlar alohida futbolchilarning individual harakatlari tufayli jahon chempioni bo‘lishdi, deyish mumkinmi?
- Menimcha, ayni payt barcha termalarda saviyali futbolchilar avvalgi davrlardagidek ko‘p emas, shu bois vaziyatga ba’zi detallar ta’sir o‘tkazadi. Misol uchun, mundialning 1|8 finalida Kasper Shmeyxel so‘nggi daqiqalarda Luka Modrich amalga oshirgan 11 metrli jarima zarbasini bartaraf etdi va uchrashuv taqdiri penaltilar seriyasiga qoldi. Ikkinchi urinishda «Real» yarim himoyachisi gol urdi, aks holda, u jahon chempionatlaridagi eng katta fojia sababchisiga aylanib qolishi hech gap emasdi. Aksincha, Modrich yakunda eng yaxshi futbolchi deb topildi.

- Zlatko Dalich shogirdlari turnirni Nigeriya ustidan qozonilgan g‘alaba bilan boshlashdi, keyinchalik Argentinani ham taslim etishdi...
- Omad deganda aynan shuni ko‘rsatish mumkin. O‘yin teng kechdi va biz birinchi golimizni 53-daqiqada urdik. Darvozabon kichik xatoga yo‘l qo‘ygach, Ante Rebich o‘z imkoniyatini ko‘kka sovurmadi. Bu aynan zamonaviy futbolda ko‘p narsani o‘zgartiradigan o‘sha detallardir. Aynan o‘shanda ilk bor yanada ko‘prog‘iga qodir ekanimizga ishona boshladim.

- Finalda Xorvatiyaga nima yetishmadi? Oddiy charchoq o‘z so‘zini aytdimi?
- Hamyurtlarimning uchrashuv davomidagi harakatlaridan qoniqdim. Jamoa so‘nggi yillardagi yirik turnirlarga o‘z vatani va xalqiga bo‘lgan cheksiz hurmati sabab yetib bordi. 1998 yili, hali yosh o‘yinchi sifatida maydonga tushgan kezlarim, mundialdagi uchinchi o‘rin futbol va termamizga nisbatan munosabatimizni yanada mustahkamlagandi. O‘tgan yilgi muvaffaqiyat hozirgi avlod vakillariga xuddi shunday ta’sir o‘tkazadi. Umuman, Dalich shogirdlari jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ham munosib ko‘rinishdi.

- Moskvaning «Spartak» klubidan keyin «Tottenxem» safida to‘p surdingiz. Angliyada ko‘nglingizni qoldirgan eng yomon narsa nima bo‘ldi?
- U yerda juda kam o‘ynadim. Angliya Liga kubogi doirasida azaliy raqib - «Arsenal»ga qarshi bahsda bitta o‘yin o‘tkazdim, o‘shanda 1:4 hisobida yutqazdik. Shunga qaramay, tumanli albionda to‘p surish yoqardi. Tarkibimizda ajoyib ijrochilar yig‘ilgandi. Ular orasida to‘rt nafar xorvat bor edi: men, Chorluka, Modrich va Niko Kranchar. Shuningdek, Piter Krauch, Devid Bentli, Jonatan Vudgeyt bilan yonma-yon o‘ynaganmiz. Butun faoliyatim davomida Xorvatiya va Rossiyada hamisha birinchi raqamli bo‘lganman. O‘sha yili buni uddalay olmadim, lekin baribir, baxtiyor edim. Menimcha, Angliya - murabbiy jamoani ortiqcha ruhlantirishi kerak bo‘lmagan yagona mamlakat. Ulardagi mentalitet shunday, butun uchrashuv davomida kuchlarining 100 foizini sarflashadi. Qandaydir muammolar bo‘lsa, ularni maydon tashqarisida qoldirishadi.

- Qaysi klubni joriy mavsum Chempionlar Ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritishga asosiy da’vogar sifatida ko‘rsatasiz?
- Menimcha, bu borada «Manchester Siti»ning imkoniyatlari boshqalarga qaraganda ko‘proqdek tuyulmoqda.
A.AHMEDOV tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Stipe Pletikosa: «JCh finalida xorvatlar «tuzoq»qa ilinishdi»