Yuzingizni tuting, futbolimizda halollik epkini!

  • 11 aprel 2019, 23:20
  • 972
  • Sport
  • Yuzingizni tuting, futbolimizda halollik epkini!
    Achchiq haqiqat shuki, futbol tarixiga natijalar muhrlanadi. Muxlislar ham g‘oliblarni aynan ijobiy natija uchun olqishlashadi. Aksariyat hollarda mag‘lubning boshi egik, yuzi shuvut, ko‘zida yosh... Nachora, barchamiz futbolning yozilgan va yozilmagan qoidalariga bo‘ysunamiz. Ayrim shafqatsizliklar yoki ayanchli voqealar ta’sirida o‘yin tomoshasi, uning zavqidan voz kecholmaymiz axir. Muxlislar va mutaxassislar bir-birlari bilan bahslashib, tortishaveradilar. Futbolning ulkan yuragi esa «gurs-gurs» urgancha hammani hayratlantiraveradi. Unga maftun bo‘lib, kimdir natija ortidan quvadi, boshqa birov natijadan ustun turishga intiladi. Har ikki holat ham futbol hayotining ko‘zgusi. Bunisiniki to‘g‘ri, unisiniki noto‘g‘ri qabilida fikrlash va bu borada yakuniy xulosani baralla aytish, o‘zini haq sanab, hakamlik qilish yaramaydi aslo.

    Futbolning qoliplarga tushmas tabiati har qanday bilag‘onni uyaltirib qo‘yishi hech gap emas. Masalan, shaxsan o‘zimizga «Real» tarkibidagi yosh iste’dodlarga ko‘proq ishonch bildirilayotgani ma’qul tushayotgandi. Federiko Valverde, Alvaro Odriosola, Serxio Regilon, Vinisius Junior kabi futbolchilarning g‘ayrati va shashti, kishida boshqacha zavq uyg‘otadi, baribir. Afsuski, «Real» kabi gigant jamoa ertangi yorug‘ kelajagini o‘ylab, bugunning sharafiga soya sololmaydi. Axir buyuklik rutbasini olish va bu martaba - maqomni saqlab qolish oson emas. Shu ma’noda aytsak, «Madrid» uchun har doim natija muhim. Bu hammaga tushunarli, albatta.

    Savol tug‘ilishi tabiiy: xo‘sh, qaysi jamoa uchun natija ahamiyatsiz? Bahs tug‘dirsa-da, bu savolga aniq javob qaytarmoqchimiz: joriy mavsumda «Nasaf» va «Bunyodkor»ga! Bu ikki yosh jamoaning kelajagi porloq. Boz ustiga, ularni Ro‘ziqul Berdiyev va Vadim Abramov kabi izzattalab murabbiylar boshqarishmoqda. Sabr qilsak, kelgusi mavsumdanoq «ajdarlar» raqiblari darvozasiga gollarning olov selini purkashadi, «qaldirg‘ochlar» baland-baland parvoz aylab, g‘alabalar shukuhi ila qanot qoqishadi.

    E’tirof etish kerakki, «Paxtakor» yoshlarga to‘la ushbu jamoalarni munosib ravishda sinovdan o‘tkazdi. Quvontiradigan tomoni, «Nasaf» va «Bunyodkor»ning yoshlari «sherlar»ning milliy terma jamoamizni eslatuvchi tarkibidan aslo hayiqishmadi. Ro‘ziqul Berdiyev va Vadim Abramovning o‘yinga munosabatlari ham ko‘pchilikka yoqdi. O‘ylaymizki, ulardagi jangovar kayfiyat har bir bahsda baralla ko‘zga tashlanadi.

    Yashirishning hojati yo‘q, Mirjalol Qosimov, Baxtiyor Ashurmatov, Davron Fayziyev, No‘’mon Hasanov, Ilhom Mo‘minjonov, Ro‘ziqul Berdiyev kabi bir-biriga sinashta sobiq futbolchilardan yetishib chiqqan murabbiylarga avvallari ishonchsizlik bilan qarardik. Bir oddiy xayol barchamizni bezovtalantiraveradi: «Eski tanishlarning o‘zaro yaqin ekanliklari kelishilgan o‘yinlarga yo‘l ochadi». «So‘g‘diyona» va «Navbahor» o‘rtasidagi avvalgi mavsum bahslaridan keyin esa shubhalarimizni qog‘ozga tushirishdan o‘zimizni tiyolmagandik. Ilhom Mo‘minjonovning jazolangani o‘sha shubha-gumonlar, xavotir va bezovtaliklarni tasdiqladi. Unutmaylikki, bu chora birgina Ilhom Mo‘minjonovga tegishli emas, balki boshqa murabbiylarga ham ogohlik tarsakisidir.

    Zero, yalpi illat uchun faqat Ilhom Mo‘minjonov jazolandi. Har qancha og‘ir bo‘lmasin, qalb og‘riqlari uni yana kuchliroq ishlashga undaydi. Vaziyat o‘zgarishi uchun futbolimiz osmonida chaqmoq chaqishi kerak edi. O‘sha chaqmoq nihoyat, ko‘zga tashlandi va bundan Ilhom Mo‘minjonov jabrlandi, bosh­qalar esa sergak tortishdi. Aks holda, AGMK ehtimolki, «Qo‘qon-1912»ni salgina ayarmidi? Ayamadimi, demak, Mirjalol Qosimovning «yo‘lbars»i uyg‘onibdi. Ijtimoiy tarmoqlarda yozilishicha, No‘’mon Hasanov tanaffusda raqib murabbiyidan iltimos qilgan emish: «Bo‘ldi, boshqa gol urmanglar!» Buning haqiqatga to‘g‘ri kelish-kelmasligi mutlaqo boshqa masala.

    Asosiy masala esa Mirjalol Qosimovning futbolni hammasidan ustun qo‘yishida, asl mohiyatiga qaytishida. O‘tgan safar uni uyg‘oqlikka chorlagandik. 7:1 hisobi - murabbiyning «Bu - men!» qabilidagi javobi. Mana, Ro‘ziqul Berdiyev va Vadim Abramov gruziyalik Shota Arveladzega juda katta ishtiyoq bilan raqobat tug‘dirishdi, Andrey Kanchelskis esa tavbasiga tayandi. Nazarimizda, futbolimiz muhiti ichra tozarish davri, halollik damlari boshlanmoqda, chog‘i. To‘g‘ri, bu xususda baralla so‘zlashga hali ancha erta. Chunki kelishilgan o‘yinlar yoki bir-biriga yon berish asoratidan katta yoshli futbolchilar va murabbiylarning tezda forig‘ bo‘lishlari qiyin. Ichlaridan nima o‘tayotganini ularning o‘zlari bilishadi. «Vijdon - bu xatodan ulg‘aygan azob!» - deydi taniqli shoir Yo‘ldosh Eshbek «Yig‘layotgan qiz» nomli mashhur she’rida. Yig‘lay-yig‘lay yig‘iga to‘ygan futbolimizning ohu nolasi ko‘kka yetdi, bizningcha.

    O‘nta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la,
    Yuzta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la,
    Mingta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la,
    Paymonang to‘lguncha, to‘yguncha yig‘la... deya davom etadi shoir eslangan she’r­da.

    Muhtaram muxlis! Sezdingizki, bizni bu safar natijalar emas, balki munosabat masalasi qiziqtirdi. Ardoqli shoir Shavkat Rahmon bir vaqtlar «O‘ldir, ichingdagi xoinni o‘ldir!» - deya hayqirgandi. Shunday. Har bir murabbiy va futbolchi ichidagi xoinni o‘ldira olsa, bunga kuchi yetsa, Superliga qiziydi, muxlislar ko‘ngli halol raqobatdan rohatlanadi, ijtimoiy tarmoqlardagi bir-biriga mag‘zava ag‘darish holati o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi...
    Muhammad VALI, "InterFUTBOL" gazetasi

    Manba: interfutbol.uz

    Фикрлар

    » » Yuzingizni tuting, futbolimizda halollik epkini!