Ro‘ziqul Berdiyev: "Nasaf" bugun g‘alabaga haqli o‘ynamadi"

  • 13 aprel 2019, 10:00
  • 373
  • Sport
  • Ro‘ziqul Berdiyev: "Nasaf" bugun g‘alabaga haqli o‘ynamadi"
    Superliga doirasidagi "Nasaf" - "Navbahor" (0:1) uchrashuvidan keyin "ajdarlar" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘yin haqidagi fikrlari bilan jurnalistlar oldida o‘rtoqlashdi.

    Ro‘ziqul Berdiyev: - "Navbahor" jamoasi bugun juda yaxshi himoyalanli. Bizga vaziyat yaratish uchun deyarli imkoniyat bermadi. Birinchi bo‘limda jamoamiz men kutgan o‘yinni namoyish eta olishmadi. Dastlabki taymni nega bu qadar bo‘sh o‘tkazganimiz sababini tahlil qilib chiqamiz. Tanaffusdan keyin tashabbusga egalik qildik. Ammo golli vaziyatlarni yaratishda oqsadik. O‘ylaymanki, "Nasaf" bugun g‘alabaga loyiq o‘yin ko‘rsatolmadi. "Navbahor"ning g‘alabasiga asosiy sabab, bu ularning himoyada mustahkam o‘ynashganida deb bilaman.

    - Gap yoshda emas, bugungi muvaffaqiyatsizlikka jamoamiz o‘z o‘yinini to‘liq ko‘rsatolmadi. Balki o‘yinga jamoani kerakli darajada tayyorlay olmagandirmiz. Kerakli so‘zlarni topib berolmagandirmiz. Ha, "Navbahor" tajribali va yaxshi legionerlarga ega jamoa. Lekin biz o‘z o‘yinimizni ko‘rsatganimizda, hisob biz uchun yaxshiroq bo‘lardi.

    - Ikkinchi bo‘limda futbolimizda mazmun paydo bo‘ldi. "Navbahor" esa asosan natija uchun o‘ynab, ko‘p ham hujumga o‘tmadi. Yakunda ularning bu rejasi ish berdi.

    - Aziz G‘aniyevni maydonga tushirilishi bizga ruhiy taraflama zarur edi. Unga imkoniyat taqdim etishni boshladik. Aziz umumiy guruhda shug‘ullanmoqda, o‘rinbosarlar safida ham maydonga tushmoqda. Birinchi bo‘limda o‘yinimizga yetakchi yo‘qligi ko‘rinib qoldi. Shu tufayli ham uni tushirishni lozim topdim.

    - Humoyun Murtazoyev yuqori bosimda o‘ynamoqda. Oxirgi mavsumni Birinchi ligada o‘tkazdi. "Mash’al" va "Nasaf" jamoalarining maqsadlari o‘rtasidagi farq katta. Shu taraflama unga bosim ta’sir qilmoqda, nazarimda. Muhimi, tezroq birinchi golini urib olishi lozim. Shundan keyin ishlari yaxshi bo‘ladi. Ochilib ketadi.

    - "Andijon"ga qarshi ham oson bo‘lmaydi. Chunki "Nasaf" juda ham katta kuchga ega emas. Har bir o‘yin biz uchun qiyin kechadi. Biz juda ham mahoratli jamoa hisoblanmaymiz. Agarda barcha o‘yinga jiddiy yondoshib, bor kuchimiz bilan o‘ynasak, o‘shandagina natijaga erishishimiz mumkin. Agarda kuchli va mahoratli futbolchilar bo‘lsa, albatta unda vazifangiz ancha yengillashadi.

    » » Ro‘ziqul Berdiyev: "Nasaf" bugun g‘alabaga haqli o‘ynamadi"