20:50 / 13.04.2019
2 724

Davron Fayziyev: "Menga qolsa jamoaga Salomov yoki Jeparovni taklif etardim"

Davron Fayziyev: "Menga qolsa jamoaga Salomov yoki Jeparovni taklif etardim"
Superliganing 4-turi doirasidagi "Dinamo" - "So‘g‘diyona" (1:0) uchrashuvidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida mezbonlar ustozi Davron Fayziyev qatnashdi va jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
Davron Fayziyev: - "Dinamo" - "So‘g‘diyona" qarama-qarshiligi azaldan mini derbi maqomida bo‘lgan. O‘ziga xos qiziqarli bahs guvohiga aylandik. Keskin kurashlarga boy jangovor o‘yin bo‘ldi. Omad bizga kulib boqqanidan xursanman. Jamoa esa shunga yarasha mehnat qilmoqda. "Dinamo" har o‘yinda eng yomon jamoa emasligini isbotlamoqda. Maqsad ham shu. Superligaga bekordan bekorga qo‘shishmaganini isbotlash kerak. Qachon elitaga qo‘shilganimiz hech kimga qiziq emas va bu bahona bo‘lib qolmasligi lozim. Umid qilamanki, mavsum oxirigacha jamoamiz futbolchilari paydo bo‘lgan ishtiyoq so‘nmaydi.

- O‘yindan avvalgi prevyularni o‘qiganimda ko‘pchilik Fayziyev o‘z jamoasiga qarshi o‘ynaydi, degan gaplarga ko‘zim tushdi. To‘g‘ri, men murabbiylikdagi ilk qadamimni Jizzaxda qo‘yganman. Lekin hayot shunday qiziq voqealarga boyki, hozirgi kunda men samarqandlikman. To‘g‘ri, Jizzaxda yashayman, ammo "Dinamo"ni boshqaraman. Bu yerda meni qayerdan ekanligim muhim ahamiyatga ega emas. Mening jamoam "Dinamo" va faqat uning g‘alabasini o‘ylayman. Murabbiyning ishiga shunga qarab baho berishadi. Meni bu kabi taqqoslashlarini istamayman. Samarqand meni dunyoga tanitgan. Chunki futbolchilik davrimda aynan shu jamoada o‘ynab tanilganman. "Dinamo" men uchun yaxshigina tramplin bo‘lgan. Bu haqda meni murabbiy sifatida tayinlashganida ham ta’kidlagandim.

- Biz tezda bugungi o‘yinni unutib, kelgusidagi bahs, ya’ni "Paxtakor" bilan bo‘ladigan uchrashuv haqida bosh qotirishimiz lozim bo‘ladi. "Dinamo"ni jiddiy o‘yin kutmoqda. Aynan shu yerda jamoaning haqiqiy xarakteri, umuman barcha narsa ko‘rinadi. Raqib oddiy jamoa emas. Hozirgi kunda "Paxtakor" bizdan bir bosh ustun. Bu o‘yindan avval qo‘lni ko‘tarish emas, hech bir jamoa uchrashuvdan avval raqibni yutolmaydi. Shu boisdan ham biz jiddiy tayyorgarlik evaziga yaxshi o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz.

- Menda hech qanday irim yo‘q. G‘alabali tarkibni o‘zgartirmaydigan odatlarim yo‘q. O‘tgan bahsga nisbatan birgina o‘zgarishni amalga oshirdim. Bu esa ish berdi. Baratov o‘rniga tushirilgan Qadamboy gol urishni uddaladi. Bu ta’kidlaganingizdek, murabbiylik sezgisi. Mashg‘ulotlardagi ishi bilan Qadamboy bugun asosiy tarkibga loyiqligini isbotladi. Men tarkib tanlashda aynan mashg‘ulotlardagi harakatlarga e’tibor qarataman. G‘alabali tarkib yoki boshqa jihatlarni inobatga olmayman.

- Hozircha tarkibdagi barcha futbolchilarga imkoniyat taqdim etolganim yo‘q. Ayni paytda qo‘l ostimda teng ikkita tarkib mavjud. Ayni paytda esa ularning 15 nafaridan foydalanib kelyapman. Barcha o‘z vaqtiga ega bo‘ladi. Fomin masalasiga keladigan bo‘lsam, ushbu himoyachi jamoamizga oxirgi soniyalarda qo‘shilgandi. Undan tashqari Fomin so‘nggi bor 3 oy avval futbol o‘ynagandi. Biz jamoa menejeri Ilhom Sharipov bilan birgalikda futbolchiga yaxshilik qilish maqsadida unga imkoniyat berdik. Agarda mashg‘ulotlarda avvalgi mavqeiga qayta olishini isbotlasa, unga albatta imkoniyat taqdim etamiz.

- To‘g‘ri, har doim ham omad kulib boqavermaydi. Hozirgi paytda jamoani maydonda boshqaradigan yetakchi futbolchi yo‘q. Menga qolsa, imkoniyat bo‘lsa, jamoamizga yoshiga qaramasdan Shavkat Salomov yoki Server Jeparovni olgan bo‘lardim. Chunki ulardagi yetakchilik qobiliyati, jamoani boshqarish, o‘yinni qurishdagi aqlli harakatlar hozirgi futbolchilarning aksariyatida ko‘rinmaydi. Futbolni barcha ko‘radi, ammo hamma o‘zicha ko‘radi. "So‘g‘diyona" - "Surxon" uchrashuvini tomosha qilganimda, Shavkat Salomovning o‘yinini ko‘rib, uning foydali ish harakati naqadar balandligini hisoblab chiqilsa, barcha ko‘radi. Yoki Jeparovni olaylik, hozirgi holatida ham jamoadagi yetakchi.
Biz bilan o‘yinda jamoamiz baxtiga Server jarohat olib maydonni erta tark etgandi. Aks holda qiyin bo‘lardi. Men aynan undan xavfsirab turgandim. Hozirgi yoshlarni to‘g‘ri tarbiyalash kerak deb o‘ylayman. Yoshlar bir o‘yinda zo‘r o‘ynab qo‘ysa, keyin uni 1 haftacha maydonda qidirib yurasiz. Birinchi liga o‘yinlarini ko‘p kuzataman, iste’dodli yoshlar ko‘p. Ammo ular hali pul haqida o‘ylamasdan, asosiy e’tiborni mehnatga qaratishlari lozim. Pulni ortidan quvadigan yoshlar ko‘p. Masalan qaysidir futbolchiga, "ukam, davay harakat qilgin, men seni "Dinamo"ga olaman desam, futbolchi menga nech pul berasiz", deydi. O‘sha futbolchilar mehnatni kanda qilmay, ko‘proq o‘z ustida ishlashsa, pul keyinchalik ularning ortidan o‘zi quvib keladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Davron Fayziyev: "Menga qolsa jamoaga Salomov yoki Jeparovni taklif etardim"