19:23 / 16.04.2019
3 314

Kimsan Xavidek jahon yulduzi maqtagan Jaloliddin Masharipov bilan suhbat

Kimsan Xavidek jahon yulduzi maqtagan Jaloliddin Masharipov bilan suhbat
«Paxtakor» – «As Sadd» o‘yinidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida qatarliklar yetakschisi Xavi «Paxtakor» futbolchisi Jaloliddin Masharipovni maqtagani futbol muxlislarining og‘zidan tushmayapti. Muxlislar Xavi o‘zlarini maqtagandek xursand bo‘lishgani Jaloliddinni qanchalik yaxshi ko‘rishlaridan nishona.

Bunday maqtovdan so‘ng Jaloliddin bilan suhbat uyuushtirmasak bo‘lmasdi. Masharipov suhbat uyushtirish taklifimizni qabul qildi va «Paxtakor» stadioni mehmoni bo‘lib, bugungi kunda muxlislar orasida eng ko‘p muhokama qilinayotgan futbolchi Jaloliddin Masharipov bilan suhbatlashdik.

«Jahon Chempionatiga chiqishimiz kerak...»
Jaloliddin uchun joriy mavsum juda muvaffaqiyatli boshlandi. Yil boshida Osiyo Kubogidagi yorqin o‘yindan so‘ng futbolchi «Paxtakor»da ham chiroyli o‘yinlapr ko‘rsatmoqda. Faoliyatining hozircha eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan Masharipov bunga faqat mehnat evaziga erishganini aytdi:

«Albatta mehnatsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Bizga katta futbolchilar ham aytishardi mehnat qilmasak natijaga erishib bo‘lmasligini. Menga doim iste’doding bor va unga ishonib mehtan qilishni to‘xtatib qo‘yma deyishardi. Shu sabab to‘xtab qolishi niyatim yo‘q. Biz hali Jahon Chempionatiga chiqishimiz kerak».

«Odil Ahmedovdan o‘rnak olaman»
O‘zbek futbolida yoshlar jamoasida porlagan yulduzchalar keyinchalik yo‘qolib qolishi holati ko‘p ko‘rinadi. Masharipov yoshligida ham hozir ham yuqori saviyada o‘ynamoqda. Suhbatdoshimizdan yo‘qolib qolgan yoshlar qilgan qaysi xatolarni takrorlamaganini so‘radik:

«Yoshligida porlab, keyin yo‘qolib qolgan futbolchilar nega bunday holatga tushganini kuzatib borardim. Yoshligimda ota-onam yaxshiroq o‘ynashim kerakligini aytishardi, lekin men ularga shoshmasliklarini, hali yanada yaxshiroq o‘ynashimni, asosiysi katta bo‘lgandan so‘ng yorqin o‘ynash ekanini tushuntirardim.

Yoshligimda kuchim kam bo‘lgani uchun o‘zim xohlagandek o‘ynay olmasdim. Hozir esa jismoniy jihatdan yaxshi holatda bo‘lganim uchun o‘yinim chiqyapti. Yoshligimda ko‘p futbolchilardan namuna olganman. Yoshligida porlab yo‘qolib qolganlardan ham. Katta futbolchilardan ayniqsa Odil Ahmedovdan o‘rnak olganman. Chunki Odil aka inson sifatida ham o‘rnak qilib ko‘rsatgulik.

Men doim yaxshi inson bo‘lishga, odamlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga intilaman, shunda Xudo ham beradi deb o‘ylayman. Chunki biz futbolchimiz, ko‘chada yurganda odamlar taniydi. Shu sabab hammaga yaxshi muomalada bo‘lishga intilaman. Ota-onam meni doim kamtar bo‘lishga o‘rgatishgan. Bizni oilada manman odamning o‘zi yo‘q, chunki oddiy oiladan chiqqanman».

«Maktabda ikkichi bo‘lganman»
Odatda futbolchilar maktabda yaxshi o‘qishmadi, chunki ularning asosiy vaqti maktab stadionida o‘tadi. Jaloliddin ham maktabda «ikkichi» bo‘lganini va doim stadionda yurganini esladi:

«Maktabda deyarli o‘qimaganman desam ham bo‘ladi. G‘irt ikkichi bo‘lganman. O‘qituvchilarim meni doim stadiondan topishardi. Ota-onamga ham maydondan chiqmasligim, darslarga kirmasligim haqida ko‘p shikoyat tushgan.

«Paxtakor»ga kirib kelishimga kelsak, 2005 yil Jizzaxda internatlar o‘rtasidagi musobaqa bo‘lgan. O‘shanda Xorazm jamoasi safida «Paxtakor»ga qarshi o‘ynaganman. Men va do‘stim Jamshid Iskanderovni o‘shanda «Paxtakor» olib ketgandi. Shundan buyon «Paxtakor»daman».

«Xavi meni gapirdi deb to‘xtab qolishim kerak emas»
«Paxtakor» joriy mavsumni yaxshi o‘tkazmoqda. Chempionlar Ligasi saralashidagi g‘alabalar, guruh bosqichida o‘tgan yilgi finalchi «Persepolis» hamda o‘tgan yilgi yarim finalchi «As Sadd» bilan o‘yinlardagi durang, ayniqsa «As Sadd»ga qarshi chiroyli o‘yin ko‘p narsani anglatadi.

«As Sadd»ga qarshi o‘yindan so‘ng futbol afsonasi Xavi Masharipov haqida iliq fikrlar bildirganini yuqorida ta’kidladik. Jaloliddin Arveladze qanday qilib «Paxtakor»ni hozirgi ko‘rinishga olib kelgani va Xavining maqtovi haqida gapirdi:

«Avvalo bizda ichki muhit yaxshi. Futbolchilar maydonda ham bir-biri uchun yugurishadi. Ichki muhitsiz jamoa natijaga erisha olmaydi. Arveladze ham ichki muhit yaxshi bo‘lmasa, chempion bo‘lish qiyinligini tushuntirdi. Bizdagi yaxshi muhit muvaffaqiyatimizning asosiy sababi deb o‘ylayman.

Jamoada mendan katta futbolchilar ko‘p, lekin bu yerda hammadan ko‘p bo‘lib turgan futbolchi menman. Shu sabab futbolchilarga o‘yinlarda oldin stadionga muxlislar kelishi ko‘payganini, biz yaxshi o‘ynasak, stadion to‘lib, ular bizga 12-o‘yinchi bo‘lishini aytaman. Mana, muxlislar soni ko‘paydi. Xavining maqtoviga kelsak, xursand bo‘ldim, albatta. Bu gapdan eng ko‘p akam xursand bo‘ldi. Lekin Xavi meni gapirdi deb to‘xtab qolishim kerak emas».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kimsan Xavidek jahon yulduzi maqtagan Jaloliddin Masharipov bilan suhbat