09:34 / 18.04.2019
3 065

Bugun "Nasaf" mag‘lub etilsa, "Andijon" futbolchisiga "Jentra" sovg‘a qilinarmish

Bugun "Nasaf" mag‘lub etilsa, "Andijon" futbolchisiga "Jentra" sovg‘a qilinarmish
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bugun "Sog‘lom avlod" stadioniga tashrif buyurib, u yerda "Andijon" jamoasi a’zolari bilan uchrashib, muhim o‘yin oldidan ruhan dalda berdi.
E’tiborlisi Shuhratbek Qo‘shaqboyevich jamoa a’zolari bilan uchrashuvi chog‘ida futbolchilarning har biri bilan alohida suhbatlashib, har qanday muammosini hal etishga va’da berib, ularning taklif va mulohazalarini tingladi. Bu esa "Nasaf"ga qarshi uchrashuv oldidan jamoa a’zolariga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.

Andijonlik tajribali himoyachi Bobir Akbarov yig‘ilishda so‘z olib, xorij klubiga o‘tmaganidan hozirda afsusda emasligini aytib, viloyat hokimining bunday e’tiboridan butun jamoa mamnun ekanligini, boshqa klublarda viloyat hokimi bilan bu kabi dildan suhbatlashish imkoni yo‘qligini bildirdi. Shuningdek Akbarov Andijon viloyati hokimidan jamoa tarbiyalanuvchisi Farhod Bekmurotovga bitta "Jentra" avtomashinasini sovg‘a qilishini iltimos qildi. O‘z navbatida Shuhratbek Qo‘shaqboyevich ham bunga javoban, mutasaddilarga bu borada topshiriq berib, ertaga agarda Andijon g‘alaba qozonsa, uchrashuvdan so‘ng stadionning o‘zida Bekmurotovga "Jentra" avtomashinasi sovg‘a qilinishini, uning kalitini aynan Bobir Akbarovning o‘zi topshirishini kafolatladi.

Yig‘ilish so‘nggida Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov jamoa a’zolari bilan maydonga chiqib kelib, ularni yana bir bor ruhlantirdi va ertangi o‘yinga yaxshigina pul mukofoti bilan kirishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Tabiiyki viloyat hokimining bu kabi e’tibori jamoa a’zolarini to‘lqinlantirib yubordi.

Ertaga Andijonda haqiqiy futbol bayrami bo‘lishi kerakligi uchun viloyat hokimi mas’ul shaxslarga bir qator topshiriqlarni berdi.

Eslatib o‘tamiz, ertaga "Andijon" - "Nasaf" o‘yini "Sog‘lom avlod" stadionida soat 17:00da boshlanadi. Undan oldin esa stadionda katta konsert dasturi bo‘lib o‘tadi. Unda estradamizning yorqin yulduzlari o‘zlarining diltortar qo‘shiqlari bilan stadionga kelganlarga yuqori kayfiyat ulashishga xarakat qiladi.

Manba: championat.asia

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bugun "Nasaf" mag‘lub etilsa, "Andijon" futbolchisiga "Jentra" sovg‘a qilinarmish