15:15 / 18.04.2019
2 438

Ro‘ziqul Berdiyev: "Ikkita jamoadan tashqari qolganlarning saviyasi bir xil"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Ikkita jamoadan tashqari qolganlarning saviyasi bir xil"
Bugun 18 aprel kuni «Coca-Cola» Superliganing 5-turiga start beriladi. Bungacha o‘z stadioni ta’mirlanayotgani sababli uy uchrashuvlarini ham majburiy ravishda safarda o‘tkazib kelayotgan «Andijon» jamoasi payshanba kuni ilk bor «Sog‘lom avlod» stadionda mezbon sifatida harakat qiladi. Shu kuni Qarshining «Nasaf» jamoasi mehmon bo‘ladi. Stadionda katta o‘zgarishlar amalga oshirilganligi sababli futbolimiz rahbarlari ham mazkur o‘yinni bevostida stadionda kuzatib boradilar. Shu bois o‘yin ikkala jamoa uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Yoshargan «Nasaf» esa Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligida muxlislarga yoqadigan o‘yin ko‘rsatayotgani ham e’tiborga molik. Kuni kecha ushbu mutaxassis bilan bog‘lanib o‘yin oldidan bir qator savollarga javob oldik. O‘zi esa dastlab «Sog‘lom avlod» stadioni va bo‘lajak uchrashuv haqida gap boshladi.

- Hali Andijondagi «Sog‘lom avlod» stadionini ko‘rganim yo‘q, ammo u yerda katta ishlar qilinganligi haqida eshitdim, - deb gap boshladi «Nasaf» bosh murabbiyi. - Ayniqsa, maydonning holati yaxshilanganligi to‘g‘risida gapirishyapti. Lekin hamma stadionlarning maydonlari a’lo darajada bo‘lishi bu PFLning talabi hisoblanadi. Shunday ekan, o‘ylaymanki, har bir jamoa o‘zining yaxshi maydoniga ega bo‘lishi kerak. Ana shunda o‘yinlarning sifati yaxshi bo‘ladi va futbolchilar ham maydonda mazza qilib futbol o‘ynashadi. Albatta, biz bu o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Biz ham bu o‘yinning ahamiyatini tushunib turibmiz. Chunki «Andijon» jamoasi bu mavsumda o‘z maydonidagi birinchi uchrashuvini o‘tkazadi. Shuningdek, bu klubda ham katta ishlar amalga oshirilayotganligi ko‘rinib turibdi. Lekin oldin ham andijonlik muxlislar o‘z jamoasini faol tarzda qo‘llab-quvvatlashini bilardik. Umid qilamanki, «Sog‘lom avlod» stadionida qiziqarli va muxlislarga yoqadigan o‘yin bo‘ladi.

- Aslida «Andijon» - «Nasaf» o‘rtasidagi uchrashuv 20 aprel sanasiga belgilangandi. Keyin esa bellashuv 18 aprelga ko‘chirildi. Bu rejalaringizga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?
- Siz ham bilasiz, ishlab chiqilgan taqvimga qarab rejalar bir-ikki oy oldin tuzib chiqiladi. «Andijon»ga qarshi uchrashuv belgilangan muddatdan ikki kun oldin o‘tkazilishi bizga katta ta’sir ko‘rsatmasa-da, baribir rejalarimizning o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Lekin bu katta qiyinchiliklarni keltirib chiqarmaydi. Faqat rejalarimizni o‘zgartirishga majbur bo‘ldik.

- O‘yin sanasi o‘zgarganligi haqida PFL sizlarni qachon xabardor qildi?
- 4-turda «Navbahor» bilan o‘ynagan bo‘lsak, o‘sha uchrashuvdan oldin «Andijon» bilan bahsning 18 aprelda o‘tkazilishini bilmasdik. Faqat uchrashuvdan keyin bizga xabar qilishdi. Aniqrog‘i, «Navbahor»ga qarshi o‘yinning ertasi kuni, 13 aprelda PFLdan bizga xat keldi.

- Siz «Andijon» jamoasini obdon o‘rganib chiqyapsiz. Ushbu jamoaning bungacha «Lokomotiv» hamda «Bunyodkor»ga qarshi o‘tkazgan uchrashuvlarini kuzatganingizdan xabarimiz bor. Ayting-chi, bo‘lajak raqib haqida nimalarni aytgan bo‘lardingiz?
- «Andijon»da yangilangan tarkib. U yerda tajribali o‘yinchilar bilan birga yoshlari ham bor. Kuzatgan o‘yinlarimda ham ular yomon taassurot qoldirishmadi. Bir so‘z bilan aytganda, «Andijon» har bir uchrashuvda munosib harakat qilyapti. To‘g‘ri, «Lokomotiv»ga qarshi o‘tkazgan o‘yinini stadionda kuzatgandim. O‘sha bahsda andijonliklar birinchi bo‘limda mezbonlarga munosib qarshilik ko‘rsatgandi. Balki ikkinchi bo‘limga kelib futbolchilarning e’tibori biroz pasaygandir. Lekin umumiy olib qaraganda, «Andijon» haqida ijobiy fikr bildirishim mumkin.

- Lekin statistikaga qarasak, «Andijon» to‘rtta uchrashuvda faqat bitta gol urdi va o‘z darvozasidan oltita gol o‘tkazib yubordi. Siz ham bu raqamlarni bee’tibor qoldirmasdan raqibning ojiz nuqtalarini aniqlab borayotgandirsiz?
- Hozir mavsumning boshi bo‘lganligi sababli bunday raqamlar hech narsani anglatmaydi. Jamoada yangi futbolchilar ko‘p. Shuning uchun ularning bir-biriga moslashib ketishi uchun ham ozgina vaqt kerak. Bu esa har bir murabbiyga qiyinchilik tug‘diradi, albatta. Lekin bunday holatlar har bir jamoada bor. Masalan, bizning tarkibda ham ancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Shu bois biz ham hali o‘zimiz xohlagan o‘yinni ko‘rsata olayotganimiz yo‘q. Asta-sekin o‘z o‘yinlarimizni kuchaytirib boramiz.

- Lekin ko‘pchilik «Nasaf»ning ko‘rsatayotgan o‘yinlari haqida ijobiy fikr bildirishmoqda. Masalan, «Paxtakor» va «Navbahor»ga qarshi uchrashuvlarda jamoangiz yutqazgan bo‘lsa-da, ammo namoyish etgan futboli hammaga yoqyapti…
- Yigitlardan ko‘proq chiroyli va mazmunli futbol o‘ynashni talab qilaman. Chunki biz aslida ham shunday tarzda o‘ynashimiz kerak. Chunki bizning oldimizga yuqori maqsadlar qo‘yilgani yo‘q. Futbolchilarimizning tajribalari va o‘ziga bo‘lgan ishonchlarini oshirishlari uchun ham biz maydonda erkinroq harakat qilishimizga to‘g‘ri keladi. O‘yinda baribir joziba ham bo‘lishi kerak. Biz futbolchilardan faqat natija uchun o‘ynanglar deb hech qachon aytmaymiz. Biz futbolni o‘z qarashlarimiz bo‘yicha qanday ko‘rayotgan bo‘lsak, shunday o‘ynashga harakat qilamiz.

- «Andijon» tarkibida qaysi futbolchilarni alohida ajratib ko‘rsata olasiz?
- Jamoaning markazida o‘ynayotgan Oybek Qilichev va Dilshod Rahmatullayevlar o‘yinni boshqarishga harakat qilishyapti. Oxirgi uchrashuvlarda Bobur Omonov ham yaxshi taassurot qoldirdi. Lekin jamoa sifatida yomon harakat qilishmayapti.

- E’tiborli jihati, «Nasaf»da asosan yoshlar bilan ishlayapsiz. Ularning esa ko‘rsatmalaringizni to‘liq bajarishi uchun baribir nimadir yetishmasligi mumkin. Bu jihatdan olib qaraganda, qiyinchilik sezmayapsizmi?
- Albatta, futbolchilar bizning talabimizni tushunishyapti. Oldin ham aytgandim, hozir ham aytaman: baribir mavsum davomida jamoamizning o‘yinida pasayish va balandliklar bo‘lib turadi. Barqaror o‘yin ko‘rsata olishimiz juda qiyin. Buni tan olishimiz lozim. Chunki yosh jamoa bilan har doim barqaror o‘yin ko‘rsatish hech qayerda bo‘lmagan. Shuni hisobga olganda, bizning o‘yinimizda ham ko‘tarilish va pasayishlar bo‘lib turadi. Lekin biz doim vaziyatdan chiqishimiz va o‘z ishimizni davom ettirishimiz kerak bo‘ladi. Eng muhimi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz lozim.

- Jamoangiz ortda qolgan to‘rtta turda bir g‘alaba, bir durang va ikki bor mag‘lubiyatga uchradi. Bu o‘yinlardan qanday xulosa chiqaryapsiz?
- O‘ylaymanki, bir-ikkita jamoalarni hisobga olmaganda qolgan klublarning imkoniyatlari bir xil. Mavsum davomida 4-5 ta jamoa yaqqol ajralib qoladi deb o‘ylamayman. Faqat ikkita jamoani alohida ko‘rsatish mumkin, ammo qolganlari teng saviyada. Aytmoqchimanki, jamoalar orasida katta farq yo‘q.
Baxtiyorjon Toshtemirov

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Ikkita jamoadan tashqari qolganlarning saviyasi bir xil"