Tarixdan joy olgan hujumchi

  • 20 aprel 2019, 18:43
  • 929
  • Sport
  • Tarixdan joy olgan hujumchi
    Hujumchini birinchi navbatda uning gollari tanitadi. Aslida hujumchi nomi ostida o‘ynaydigan futbolchilar juda ko‘p. Lekin ularning hammasini ham ushbu nomga munosib ravishda o‘yin ko‘rsatishyapti deb bo‘lmaydi. Agar gol urmasa uni hech kim bilmaydi ham va tanimaydi ham. Shuning uchun hujumchi nomiga to‘la munosib bo‘lish ham futbolchidan katta mehnat va mashaqqatni talab etadi. Hozirgi kunda chempionatimizda to‘p surayotgan iste’dodli hujumchilar yo‘q emas. Lekin oxirgi paytlarda gol uradigan futbolchilarning kamayib borayotgani va buning natijasida milliy terma jamoamizga sermahsul hujumchining yetishmayotganligi haqida ko‘p gapirilmoqda. Lekin mana shunday paytda bizda bir uchrashuvda beshtagacha gol ura oladigan hujumchilarimiz ham yo‘q emas.

    33 yoshli Zafar Polvonov
    Qashqadaryolik hujumchi Zafar Polvonov bugungi kunda ko‘pchilikning e’tiborida bo‘lib turibdi. Boisi, OKMK sharafini himoya qilayotgan futbolchi uchun 3-turda “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘tkazilgan o‘yin butun umr faoliyatida saqlanib qoladigan bo‘ldi. O‘sha bahsda OKMK 7:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, Polvonov raqib darvozasiga bir emas, ikki emas, naqd besh marta gol urdi. Bu chindan ham maqtasa arzigulik natija. Aslida u o‘tgan yili OKMKdan ketishi ham mumkin edi. Ammo Mirjalol Qosimov bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyin ushbu hujumchiga ishonch bildirishini ma’lum qildi.

    Yodingizda bo‘lsa, mavsum tugaganidan so‘ng OKMKni ko‘plab o‘yinchilar tark etishdi. Yangilangan tarkibdan esa o‘tgan yilgi jamoadan kam sonli o‘yinchilar qolishgan va ulardan biri Polvonovdir. Qosimov Zafarga bejizga ishonch bildirmayotganini futbolchi o‘z o‘yinlari va gollari bilan isbotlashga tushdi. Osiyo Chempionlar ligasining ikkinchi saralash bosqichi doirasida Tojikistonning “Istiqlol” jamoasiga qarshi o‘yinda OKMK 4:2 hisobida g‘alaba qozongandi. Polvonov esa o‘sha uchrashuvda gol urib, yangi mavsumdagi gollari hisobini ochgandi. Endi bo‘lsa Superligada o‘z so‘zini aytishni boshladi. 1985 yilda tavallud topgan hujumchi bungacha ham Olmaliq jamoasida to‘p surgan. U paytda jamoani Igor Shkvirin boshqarardi va uning ham asosiy hujumchilaridan biriga aylangandi.

    Shuningdek, uning “Sho‘rtan”dagi faoliyati ham alohida ahamiyatga ega. Boisi, shu kunga qadar hujumchi ushbu klub uchun ko‘p ish qilgan. E’tiborlisi, Zafar Polvonov oliy ligadagi ilk xet-trigini aynan “Sho‘rtan” safida o‘ynab yurganida amalga oshirgandi. Ya’ni, 2016 yilgi mavsumning 13-turida “Sho‘rtan” o‘z maydonida “Paxtakor”ni qabul qilib 3:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Uchrashuvda esa Polvonov raqib darvozasiga uch marta gol urib jamoasining g‘alabasini ta’minlagandi. Futbolchilik faoliyatini 2005 yilda boshlagan hujumchi o‘zining ilk xet-trigini qayd etgandi. Lekin unga qadar Polvonov 9 marta dublga erishganini ham aytib o‘tish joiz. Mana, bu safar u yanada yuqori natija qayd etib, penta-trikka ham erishdi.

    Yana kimlar penta-trikka erishgan?
    Zafar Polvonovning bir o‘yinda beshta gol urganidan keyin u ham tarixdan joy oldi. Shundan so‘ng yana bir qator tarixga nazar tashlashga ham qaror qildik. Bungacha yana qaysi futbolchilar penta-trikka erishgan? Hammasi Furqat Esonboyevdan boshlangan. 1992 yili Andijonning “Navro‘z” jamoasida to‘p surgan sobiq futbolchi bir o‘yinda beshta gol muallifiga aylangandi. Shundan beri turli yillar davomida yana bir qator hujumchilar penta-trikka erishishdi.

    1992 yil Furqat Esonboyev (“Navro‘z”)
    1996 yil Dilshod O‘rmonov (“Traktor”)
    1997 yil Ja’far Irismetov (“Do‘stlik”)
    1997 yil Oleg Shatskix (“Navbahor”)
    2001 yil Ne’matillo Quttiboyev (“Paxtakor”)
    2002 yil Alisher Holiqov (“Zarafshon”)
    2006 yil Nosir Otaqo‘ziyev (“Neftchi”)
    2006 yil Hamdam Rahmonov (“Dinamo”)
    2006 yil Orif Mirzoyev (“Navbahor”)
    2019 yil Zafar Polvonov (OKMK)

    Ko‘rib turganingizdek, penta-trik qayd etgan futbolchilar orasida Zafar Polvonov o‘ninchi bo‘lib bu natijaga erishdi. Bungacha oxirgi marta 2006 yilgi mavsumda bira to‘la uch nafar hujumchi shunday ko‘rsatkichga erishgan bo‘lsa, oradan 13 yil o‘tibgina yana bir bor bu natija takrorlandi. Lekin yana bir futbolchi borki, haligacha uning ko‘rsatgan natijasini hech bir o‘yinchi takrorlay olgani yo‘q. 2000 yilgi mavsumda Qo‘qonda “Temiryo‘lchi” (hozirgi “Qo‘qon-1912”) jamoasi “Buxoro” bilan bahs olib borgandi va o‘sha uchrashuvda mehmonlar 1:6 hisobida g‘alaba qozonishgandi. E’tiborlisi, “Buxoro” hujumchisi Ulug‘bek Baqoyening bir o‘zi hammasini uzil-kesil hal qilib, barcha gollarga o‘zi mualliflik qilgandi.

    Zafar Polvonov: “Mening asosiy ishim gol urish”
    Ayni paytda ushbu hujumchi Superligada 6 ta gol bilan to‘purar bo‘lib kelmoqda. “Qo‘qon-1912” darvozasiga beshta gol urgan hujumchi 4-turda “Lokomotiv” darvozasini ham ishg‘ol etdi. Biroq o‘sha bahsda uning jamoasi mag‘lub bo‘ldi. Shunga qaramay, Polvonov ajoyib formaga kirib oldi. Balki bir o‘yinda beshta gol ura olgan hujumchini O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper ham o‘zining yon daftarchasiga yozib qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin va u endilikda uning kuzatuvi ostida bo‘lishini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Yana bir qiziq jihati shundaki, hozirgacha 6 ta gol urishga erishgan hujumchining bir o‘zi “Surxon”, “Dinamo”, “Buxoro”, “Navbahor”, “So‘g‘diyona”, “Andijon” va “Qo‘qon-1912” jamoalaridan ko‘ra ko‘proq gol urgan. Qolaversa, u o‘z gollarini Krishtianu Ronalduning uslubida nishonlashni ham xush ko‘radi. Bu esa uning Ronaldu muxlisi ekanligini ham ko‘rsatib turibdi. Futbolchi esa beshta gol urgani haqidagi holatga shunday munosabat bildirdi.

    - Hujumchi bo‘lganim uchun mening asosiy vazifam faqat gol urishdan iborat. To‘g‘ri, har bir hujumchi uchun bir o‘yinda beshta gol urish bu qoyilmaqom ko‘rsatgich hisoblanadi. Qolaversa, bizning o‘sha kuni faqat g‘alaba qoniqtirardi. Natijada biz qattiq tayyorgarlik ko‘rgandik. Muhimi, mehnat qilishdan to‘xtab qolmasligimiz kerak. Buning ustiga milliy terma jamoada ham to‘p surish niyatim bor va bu orzuimga erishish uchun oxirigacha harakat qilaman, - deydi Polvonov.
    Shuhratbek Jo‘rayev

    Manba: Sports.uz

    Фикрлар

    » » Tarixdan joy olgan hujumchi