23:20 / 25.04.2019
2 450

Uchar golland

Uchar golland
Uni total futbol asoschilaridan biri sifatida tilga olishadi.

Unga ta’rif bergan bir sport jurnalisti shunday degandi:
- Uni Pele bilan ko‘p qiyoslashadi. Pele o‘z zamonasi uchun ideal futbolni namoyish qilib bergandi, Kroyf esa zamonasiga butunlay yangi va yaxshiroq futbol olib kirdi.

Undan Ronaldo haqida va zamonaviy futbolda oldingi avlodlar darajasidagi afsonalar chiqmayotgani sababini so‘rashganda shunday javob bergandi:

- Ronaldo – yaxshi futbolchi, ammo bizning paytimizda bunday futbolchilar o‘nlab topilardi. Agar kengroq fikr yuritadigan bo‘lsak, hozirgi muhitda afsonani tarbiyalash mushkul. Hayot o‘ta qulaylashib ketgani haqiqiy yulduzlarni voyaga yetkazish uchun to‘siq deb o‘ylayman. Cho‘qqiga chiqish uchun va u yerda uzoq vaqt qolish uchun esa, eng pastdan boshlash lozim, hayot uchun kurashning naqadar og‘ir va zarurligini anglab yetish kerak bo‘ladi.

U kurashgandi. Pele va Garrincha kabi, Pushkash yoki Di Stefano kabi. Ronaldoni har qancha maqtasak oz, uning yoshligidanoq fotomodellar va avtomashinalarni kolleksiya qilib yurganiga quvonsak arziydi, ammo u buyuk bo‘la olmasdi. Bo‘lishi juda qiyin edi. Hozirgi davr eng kuchli futbolchilarni dunyoga keltira oladi, lekin afsonalarni emas.

1947 yilda Amsterdamda tug‘ilgan Yohanning otasi oddiy sotuvchi, onasi esa kir yuvuvchi edi. Aynan onasining kasbi unga futbol olamiga yo‘lni ochib bergandi. Onasi uyga yaqin bo‘lgan «Ayaks» futbol klubida ishlardi. Tabiatan o‘ta nozik va umuman sportchiga xos kelajak kutish qiyin bo‘lgan o‘n ikki yoshli Yohanni onasi klubga yetaklab boradi va klub murabbiylarga iltimos qiladi. Uzoq ikkilanishlardan so‘ng uni maktabga qabul qilishadi va Kroyf atigi besh yil o‘tib komil futbolchiga aylanadi, klub bilan professional shartnoma tuzadi. Debyut matchidayoq raqib darvozasini ishg‘ol qiladi.

Yohanning bor imkoniyatlarini ochishi va uning futbolga va futbolni unga maksimal darajada xizmat qilishi uchun buyuk murabbiy kerak edi. Uning eng katta baxti shunda ediki, faoliyati buyuk murabbiy bilan kesishdi. 1965 yilning 24 yanvarida klubga Rinus Mihels bosh murabbiy etib tayinlandi va aynan shu kundan boshlab ikki «maestro»ning hamkorligi boshlandi.

O‘sha paytlargacha Gollandiya futboli Yevropada ancha orqada edi. 1957 yilga kelibgina klublar professionallashtirilgan bo‘lsa-da, 60-70 yillarga kelib «Ayaks» Yevropani zabt eta boshladi.

Total futbolning otasi sifati tilga olinadigan Rinus Mihels futbolga basketbol o‘yini tamoyillarini olib kirdi - to‘pga egalik qilingan paytda barcha hujumga o‘tadi, to‘p yo‘qotilgach esa barcha himoyalanadi. Mihelsning «Ayaks»i yuqori tezlik va to‘psiz harakat bilan barchani lol qoldirgandi, futbolchilar osonlik bilan ta’qibdan qutulishar, himoyada bir-birlarini ajoyib tarzda quvvatlashardi. Ayniqsa, o‘sha paytlarda urf bo‘lgan «o‘yinchiga o‘yinchi» himoyalanish usulida harakat qiluvchi jamoalarga qiyinchilik tug‘ilardi. Hujumchiga yelim misoli yopishib olishi kerak bo‘lgan himoyachilar ularga ergashib «Ayaks» maydoniga kelishga majbur bo‘lishardi, raqib himoyasida paydo bo‘lgan bo‘shliqdan esa «Ayaks» himoyachilari ustalik bilan foydalanib hujumga o‘tishardi. Shuning uchun «Ayaks» hujumlari har qanday nuqtadan boshlanishi va har qanday tarzda davom etishi mumkin edi.

Bunday futbol uchun albatta Mihelsga jismoniy jihatdan kuchli va universal bo‘lgan futbolchilar kerak bo‘lardi va u chetdan sotib olishni o‘ylamay, o‘zi tarbiyalab qo‘ya qoladi. Aynan mana shu qarashlar asosida buyuk Yohan Kroyf futbol olamida charaqladi.

Ancha yengil harakatlanadigan Yohan total futbolning haqiqiy dirijyori edi. Uning o‘yin uslubi va noodatiy harakatlari raqibni sarosimaga solmay qo‘ymasdi va aynan shuning evaziga unga «Uchar golland» laqabini berishgandi.

Uning tezligi o‘ta yuqori edi, 30 metr masofani 3,8 sekundda bosib o‘tardi. U istalgan daqiqada tezlik olishi va soniyada to‘xtashi mumkin edi, o‘z tanasini va harakatlarini kutilmaganda o‘zgartira olardi.

Uning asosiy jihatlaridan biri oyog‘ining tashqi tarafida ham ajoyib tarzda burama zarbalar bera olardi. Ko‘pincha u burchak to‘plarini ham shu shaklda amalga oshirardi va bu raqib jarima maydonida katta xavf vujudga keltirardi.

- Zamonaviy futbol raqibni ortda qoldirish va hayajonga solishga asoslangan, - degandi Yohan, - turli yo‘nalishlardagi aldamchi harakatlar bilan raqibni sarosimaga soling, qarorlarni harakat paytida qabul qilishga o‘rganing, harakatlaringiz bilan darvozabonni va himoyani chalg‘iting. Xullas, sizning o‘yiningiz uchrashuv jarayoniga ruhiy ta’sir o‘tkazsin.

Kroyf to‘psiz ham benazir harakat qilardi, to‘p bilan esa haqiqiy sehrgar edi. Yengil vazniga qaramasdan unga maydonda qarshilik qilish qiyin, to‘pni osonlikcha oldirmasdi.

U haqiqiy universal edi, total futbol aynan uning uchun yaralgandek tasavvur uyg‘onardi ba’zan. Istalgan paytda Kroyf Ronalduning shiddatini va tezligini, Kakaning raqibni sarosimaga solishini, Ronaldinoning butun maydonni nazorat qilishini, Raulning nafis harakatini namoyish qila olardi. U Ibrahimovichga o‘xshab akrobat ham bo‘la olardi.

Uning «Barselona» tarkibida «Atletiko» darvozasiga kiritgan goli hozirgacha eslanadi. Uning sherigi o‘ng qanotdan darvozaning uzoq burchagi to‘pni yuqorilatib oshirgandi. To‘p darvozaga juda yaqin yo‘nalgandi, to‘pga yetib olish ham juda qiyin va noqulay edi. Yoxan «shpagat» ochib to‘pga sakrab, havoda aylanib tovoni bilan to‘pga tekkandi (Van Dammni eslang) va to‘p darvozaga kirgandi.

1969 yilda Chempionlar kubogi yarim finali «Liverpul» maydonida ajoyib natija (5:1) qayd etgan «Ayaks» finalda «Milan»dan mag‘lubiyatga uchraydi (1:4).

Bu mag‘lubiyat gollandlarga dars bo‘ldi va Mihels o‘yin uslubini yanada takomillashtiradi, italyanlarga qarshi o‘ziga xos «immunitet» ishlab chiqadi. Natija esa ajoyib bo‘ladi, «Ayaks» ketma-ket uch marotaba Yevropada eng kuchli deb e’tirof etiladi. Yohan esa ketma-ket ikki marta Yevropaning eng yaxshi futbolchisi bo‘ladi.

Yohanning 1973 yilda «Barselona»ga ketishi esa «Ayaks»ning yulduzli davriga xotima yasaydi va usiz birinchi bosqichdayoq SSKA (Sofiya)ga mag‘lub bo‘ladilar.

Ispaniyada pastki o‘rinlarning birini egallab turgan Kataloniya klubiga Kroyf yangi ob-havo olib kiradi va o‘sha mavsumdayoq klub mamlakat chempioniga aylanadi. Yohan «Barselona»da oldingi klubidagidek sovrinlarni yuta olmaydi va Ispaniya ichki chempionatidagi yutuqlar bilangina kifoyalanadi. Yohanga uchinchi «Oltin to‘p»ni esa terma jamoadagi o‘yinlari, ya’ni JCh-74 olib beradi.

Oldingi jahon chempionatlarining final bosqichiga chiqa olmagan gollandlar Germaniyada o‘tgan jahon chempionatida hammani o‘ziga qatarishgandi. Rinus Mihels «Ayaks»dagi tamoyillarini terma jamoada qo‘llaydi va total futbol yana bir bor dunyoni zabt etadi.

O‘sha chempionat oldingilardan farqli tizimda o‘tgan, ya’ni guruh bosqichidan so‘ng chorak finallar o‘rniga jamoalar yana qaytadan ikki guruhga ajratilar va guruh g‘oliblari finalda kuch sinashlari lozim edi. Dastlabki guruh bosqichini muammosiz tugatgan Gollandiya ikkinchi bosqichda Braziliya, GDR va Argentinaga qarshi bahs olib borishlari ma’lum bo‘ladi.

O‘yindan o‘yinga kuchayib borayotgan Gollandiya terma jamoasi Argentina darvozasiga javobsiz to‘rtta to‘p kiritadi, nemislar ham tiz cho‘ktiriladi (2:0).

Braziliyaga qarshi o‘yin esa barchaning xotirasida uzoq qolgandi. Deyarli 20 yil futbolda yetakchilik qilgan uslub, yangi va ko‘pchilikka manzur bo‘layotgan uslubga qarshi tura olish-olmasligi ma’lum bo‘lishi kerak edi o‘sha oqshom. Uzoq yillardan buyon Pele kabi yulduzlarsiz o‘ynab ko‘rmagan Braziliya bu safar har jabhada mag‘lub bo‘ladi. Kroyf va Neyeskens bittadan gol kiritishadi. Braziliyaliklarning asablari dosh bera olmaydi va juda ko‘p vaziyatlarda Kroyfga nisbatan o‘ta qo‘pol tarzda o‘ynay boshlaydilar. Uchrashuvdan ertasiga mahalliy gazetalardan biri o‘yin haqida aniq xulosa yasagandi: «Gollandiyaliklar maydonda porlash bilan, braziliyaliklar esa faqat yiqitish bilan mashg‘ul bo‘ldilar».

Finaldan oldin deyarli butun mutaxassislar va muxlislar Kroyf jamoasi g‘alabasini taxmin qilgandilar. Dunyoning turli burchaklarida terma jamoa muxlislari paydo bo‘lgandi, Mihelsni esa «buyuk» deb atay boshlagandilar.

Ammo yana bir maktab bor ediki, bu maktab har qanday vaziyatda yo‘qolib qolmasdi. Yaxshi tashkillangan va bir maromda ishlaydigan mashinani eslatuvchi nemis jamoasi finalda g‘alaba qozondi. 1-daqiqadayoq Kroyfga qarshi ishlatilgan qo‘pollikdan so‘ng penaltini aniq amalga oshirgan gollandlar uchrashuv endigina boshlangani va g‘alaba qozonish uchun yana 90 daqiqa o‘ynash lozimligini biroz unutib qo‘ydilar. Har doimgidek xotirjam nemislar dastlab penaltidan javob qaytarishadi. Uchrashuvning 43-daqiqasida esa o‘sha chempionatning bombardiri Gerd Myuller kerakli paytda, kerakli joyda paydo bo‘ldi va g‘alaba to‘pini kiritadi.

Keyingi jahon chempionatida ham gollandlar finalgacha borishdi, ammo u turnirda Kroyf qatnashmadi. U o‘ttiz bir yoshida ham terma jamoani, ham «Barselona»ni tark etdi, uning keyingi faoliyati AQShda davom etdi.

Atigi bir marta jahon chempionatida qatnashgan Kroyf jahon futbolida o‘zining o‘chmas o‘rniga ega bo‘ldi. Yohan Kroyfni muxlislar «uchinchi qirol» deb atashadi. Futbol tarixi va statistikasi xalqaro fereratsiyasi (IFFHS) esa uni 20 asrning eng yaxshi futbolchilari o‘nligida Peledan keyingi ikkinchi o‘ringa loyiq ko‘rgandi.

Uning yutug‘i shunda ediki, u doimo o‘yinini mukammallashtirishga intilardi, doim o‘sishni xohlardi. Har ikki oyog‘ida aql bovar qilmas darajada aniq va kuchli zarba bera olar, maydonning har qanday burchagidan darvozani ishg‘ol qila olardi. Yohan to‘pga egalik qilganda hech kim oldindan nima qilmoqchi ekanligini bila olmasdi va bu himoyachilarni battar sarosimaga solardi.

Frans Bakkenbauer u haqida shunday degandi:
- Unga qarab turib futbolchi ekanligiga ishonish qiyin edi. Ammo bu faqatgina 1-2 daqiqaga cho‘zilardi, xolos. Yohan to‘pni egallashi bilanoq, beixtiyor uning muxlisiga aylanib qolardingiz.

Keyinchalik, Yohan Kroyf murabbiylik sohasida ham ulkan iz qoldirdi. Uning 90-yillar boshidagi Barselonada qurgan «Orzular jamoasi» va uning andozalari asosida Gvardiola tomonidan rivojlantirilgan «Barselona» futbol tarixidagi eng kuchli jamoalar sirasiga kiritildi. Bu endi boshqa hikoya...
Qahramon Aslanov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Uchar golland