18:30 / 15.05.2019
2 726

O‘FAda Superliga hakamlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi (foto)

O‘FAda Superliga hakamlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi (foto)
Bugun O‘FAda hakamlar va jurnalistlar o‘rtasida kechgan ochiq muloqotda Superliga 8-turidagi «Paxtakor»-«Navbahor» o‘yinidagi bahsli holatlar muhokama qilindi.

11 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘yinning so‘nggi daqiqalarida to‘p yon chiziqdan o‘yinga kiritilgach, qanot hakami Ruslan Samandarov bayroqchasini ko‘tarib, ofsayd holatini qayd etgan, bosh hakam Zokir Qodirov esa uning qarorini tasdiqlagan edi. Natijada ushbu ikki hakam shu kunning o‘zidayoq diskvalifikatsiya qilindi – Qodirov uchta o‘yinga, Samandarov nomuayyan muddatga chetlatildi.

Holat yuzasidan Ravshan Ermatov fikr bildirdi.

«Hammamizga ma’lum, bu – xato. Lekin bilasizlar, «Paxtakor»-«Navbahor» o‘yini oxirgi yillarda... Chempionatimizda oldin bo‘lardi-ku, «Paxtakor»-«Neftchi» bo‘lardi, «Paxtakor»-«Bunyodkor» bo‘lardi. Bugungi kunda men uchun eng qiyin o‘yin – «Paxtakor»-«Navbahor». Menimcha, bu fikrga qo‘shilsangiz kerak. Hakamlardan so‘raganimizda hammasi: «Qani edi, men shu o‘yinga tushmasam», deb turadi.

Vaqtni ko‘rib turibsizlar, 95-daqiqa. Charchoq, og‘ir o‘yin. Inson omili bor... Sizlarda nimanidir yozganda xato qilib, uni o‘chirib, yana yozish imkoni bor. Lekin afsuski hakamlarda bu narsa hozircha yo‘q. Shuning uchun rahbariyatdan iltimos qilib so‘rayapmiz – VAR tizimi loyihasi turibdi. Darvoza orqasidagi hakamlarni ham sinab ko‘rdik. Lekin darvozaorti hakamlaridan Yevropa ham, OFK ham voz kechmoqda. Chunki ularning faoliyati bilan xatolarning soni sezilarli ravishda kamaymayapti.

«Navbahor» murabbiyi Kanchelskis ham aytdi, futbol – xatolar o‘yini. Murabbiylar ham, futbolchilar ham, hakamlar ham qayerdadir xato qiladi. Lekin hamma o‘z xatolari ustida ishlasa, o‘rtadagi hurmat saqlab qolinadi.

Ha, xato bo‘ldi. Lekin 22 futbolchi bir joyga yig‘ilib olib, nimani muhokama qilishyapti? Nimaga urishishyapti? Bu narsalar nega kerak? Bu haqda matbuotda birorta ham maqola ko‘rmadim. Muxlislar futbol ko‘rishga kelishadi-ku, bunaqa urushni emas. Bo‘lmasa, boksga yoki yakkakurashlarga borsin».

Ermatov:"Nima sababdan bir necha yildan beri bu ikki klubning o‘zaro bahsida o‘zingiz hakamlik qilmayapsiz?",-degan savolga quyidagicha javob berdi.

«Birinchidan, «Paxtakor» – Toshkent jamoasi. Ikkinchidan, o‘yin Toshkentda bo‘lyapti. Muxlislar tomondan e’tirozlar bo‘lyapti, biz viloyatlik neytral hakamlarni qo‘yishga harakat qilyapmiz.

Qolaversa, o‘zingiz bilasiz, bir necha yildan buyon «Paxtakor»-«Bunyodkor», «Lokomotiv»-«Paxtakor» kabi juda qiyin o‘yinlarda hakamlik qilaman. Qiyin o‘yinlarning barchasini hadeb bitta odam boshqaraverishi to‘g‘ri bo‘ladimi? Menimcha, to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Eng asosiysi, menimcha, muxlislar «Paxtakor»-«Navbahor» o‘yinida neytral hakam ishlashi tarafdori. Uchinchidan, federatsiya qaysi hakamni tayinlasa, o‘sha boshqaraveradi.

Superliga klublari asosan viloyatlardan, hakamlarning ko‘pchiligi esa Toshkentdan? Bu yerda gap prinsipial o‘yinlar haqida ketyapti. Prinsipial o‘yinda hakam neytral bo‘lishi kerak. O‘yindan oldin qanaqadir gap-so‘z bo‘lishiga biz yo‘l qo‘ya olmaymiz. Lekin bu taklifingizni ham e’tiborga olamiz. Balki, keyingi safar «Paxtakor»-«Navbahor» o‘yinini o‘zim boshqararman. Chunki o‘zim bosim yuqori bo‘lgan o‘yinlarda ishlashni yaxshi ko‘raman».

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘FAda Superliga hakamlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi (foto)