O‘FA xato ustiga xato qilmoqda yoxud “sharmandaga shahar kengmi”?

  • 21 may 2019, 08:25
  • 1 509
  • Sport
  • O‘FA xato ustiga xato qilmoqda yoxud “sharmandaga shahar kengmi”?
    Xabaringiz bor, ayni paytda O‘zbekiston Superligasining 9-tur bahslari bo‘lib o‘tmoqda. Ilk bahsda “Paxtakor” hech qanda qiyinchiliksiz “Andijon” jamoasini safarda yirik 3:0 hisobida mag‘lub etgan edi.

    Kechagi kunga belgilangan ikkinchi bahs esa, omma uchun bir qator qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi. Muammoli vaziyat bilan hammaning yodida qoladigan bu uchrashuvda “Lokomotiv” poytaxtning boshqa bir jamoasi “Bunyodkorni” qabul qildi.

    Uchrashuvdan oldin deyarli barcha amaldagi chempionlarning bu o‘yinda hech qanday qiyinchiliksiz g‘alaba qozonishini taxmin qilayotgan edilar. Negaki, bu mavsumda ham “temiryo‘lchilar” amalda chempionlik uchun kurash olib borayotgan bo‘lishsa, Vadim Abramov boshqarayotgan “Bunyodkor” mavsum avvalida bir qator yetakchilari sobiq murabbiyi Mirjalol Qosimovga ergashib AGMKga ketib qolgani uchun biroz kuchsizdek ko‘rinayotgan edi.

    Ammo deyarli yosh tarkib bilan musobaqada ishtirok etayotganiga qaramasdan “qaldirg‘ochlar” avvalgi turlarda bir qator kuchli jamoalarni taslim eta olgan edi. Shunday bo‘lsada, baribir tajribali “Lokomotiv” kechagi o‘yinda favorit sifatida tilga olindi. Qolaversa, o‘yinning ham “Lokomotiv” stadionida kechishi yuqoridagi taxminni biroz bo‘lsada jonlantirar edi.

    Ammo, o‘yinning borishi Abramov tuzgan taktikaga ko‘ra ishladi. Birinchi bo‘limda to‘pni ko‘proq egallab turishga uringan “Bunyodkor” ikkinchi taymda butkul boshqacha o‘yin ko‘rsatishdi. Raqibga to‘pni topshirib, qarshi hujumda o‘z omadini sinay boshladi.

    Biz hozir siz bilan o‘yin haqida emas, yuqorida tilga olganimiz hammaning yodida qolgan bahsli vaziyat haqida gaplashmoqchimiz. Bu holat o‘yinning 90+5-daqiqasida sodir bo‘ldi.

    Avval ham ma’lum qilganimizdek, shu paytga kelib, “Bunyodkor” jamoasi jarimadan uzatilgan to‘pni golga aylantira oldi, ammo qanot hakami o‘zicha o‘yindan tashqari holat yaratib bayroqchasini ko‘tardi.

    Bu holatda u “Bunyodkor”ni muhim g‘alabadan mahrum qildi. Ammo hammasi keyin boshlandi. Qator OAV bu voqeada hakamlarni ayblab chiqdi. Toza gol inobatga olinmaganini qayta-qayta yozishdi.

    E’tiborlisi, hakamlarning toshbo‘ron ostida qolayotganini kuzatib turgan O‘FA ham golning inobatga olinmagani bo‘yicha maxsus bayonot berishga qaror qildi. Hattoki rasmlarda ifodalangan bayonotga ko‘ra, hakam hammasini to‘g‘ri bajargan.

    Ularning bildirishicha, gol kiritilgan vaziyatda, “Bunyodkor”ning 3-raqamli himoyachisi Islom Qobilov o‘yindan tashqari holatda bo‘lgan. Garchi u to‘pga tegmagan bo‘lsa ham darvoza bonga halaqit qilgan yoki darvozabon himoyachi tufayli to‘pning yo‘nalishini ko‘rmay qolgan.

    Biz esa aynan O‘FA taqdim etgan rasmlarga ko‘ra, golning kiritilishini siz bilan tahlil qilmoqchimiz. Oldindan o‘z fikrimizni sizga ma’lum qilaylik: Gol yuz foiz haqqoniy urilgan. O‘FA nega bunday bayonot bergan – bunisi o‘z vijdoniga havola.

    Gapni indallosidan boshlasak. 90+5-daqiqada o‘yinni boshqarayotgan Ahrol Risqullayev “Bunyodkor”ning chap qanot bo‘ylab amalga oshirayotgan hujumida “temiryo‘lchilar” o‘yin qoidasini buzdi deb hisobladi va “Lokomotiv” darvozasi tomon jarima to‘pi belgiladi.

    Jarima to‘pini Anvar G‘ofurov amalga oshirayotgan paytda “Bunyodkor” himoyachisi Islom Qobilov raqib futbolchilarini chalg‘itish uchun ataylab o‘yindan tashqari holatda turgan edi. Buni to‘p uzatilgan vaziyatda ham ko‘rish mumkin. Negaki, to‘p o‘zi tomon kelayotgan paytda u ataylab to‘pda boshini olib qochishga urinda va natijada uning jamoadoshi to‘p bilan darvoza oldida qulay vaziyatda qoldi.

    Qanot hakami esa, bu holatni tushunmadi yoki qo‘pol qilib aytganda “yosh bolalarcha” xatoga yo‘l qo‘ydi.

    Endi esa O‘FA nega hakamlarning oldiga tushib ularni oqlamoqchi bo‘lganini tahlil qilamiz. Bilasiz keyingi paytlarda Superligada hakamlar muammosi eng dolzarb mavzuga aylanmoqda. Hakamlar tomonidan hatto, futbolni tushunmaydigan odam ham xatoga yo‘l qo‘ya olmaydigan vaziyatlarda bayroqcha ko‘tarib turishlari eng qiziq latifadan ham o‘tib tushayapti. (“Paxtakor” – “Navbahor” uchrashuvini eslang. Qanot hakami yon chiziqdan to‘p tashlab berilayotgan paytda bayroqchasin “ko‘z-ko‘z” qilgan edi).

    O‘FA bu kabi kechirib bo‘lmas xatolardan keyin hakamlarni chetlatmoqda. Ammo mutasaddilar qarasaki, keyingi o‘yinlarni boshqarish uchun hakamlar qolmayapti. Shunga ko‘ra kecha ular taxminan shunday qaror qilishdi: “Agar hakamlarning xatosi 90 ga 10 %ni tashkil qilsa ham hakamlarning yonini olamiz!”.

    Bu bilan nima demoqchiman. Keyingi paytlarda birorta saviyali hakam yetishib chiqmayapti. O‘FAning hakamlar bilan ishlash sistemasi mutlaqo yaroqsiz holatda. Buni to‘liq qayta ko‘rib chiqish kerak. Aytishingiz mumkin keyingi paytlarda o‘zbek futbolidan ajoyib hakamlar yetishib chiqdiku deb.

    Men esa sizning fikringizga qo‘shilmayman. Chunki siz aytmoqchi bo‘lagan Ravshan Ermatovning buyuklik darajasiga yetishida O‘FA, PFL va uning hakamlar qo‘mitasi bir tiyinlik xizmat ko‘rsatmagan.

    Uning hakam bo‘lib yetishida birinchi navbatda uning futbolga bo‘lgan muhabbati va otasi Sayfiddin Ermatovning say harakatlari yotibdi.

    Xo‘sh endi nima deysiz? Hali ham o‘z yo‘lini topa olmayotgan gandiraklayotgan O‘FA va PFLning havaskor ligasi SUPERLIGA deyishga loyiqmi?! Bizningcha ko‘rpaga qarab oyoq uzatgan ma’qul...

    Umar Murod

    Фикрлар

    » » O‘FA xato ustiga xato qilmoqda yoxud “sharmandaga shahar kengmi”?