15:13 / 21.05.2019
2 491

Beyl «zabastovka» boshlamoqchi. U «Real»dan katta miqdorda pul talab qilmoqda

Beyl «zabastovka» boshlamoqchi. U «Real»dan katta miqdorda pul talab qilmoqda
«Real» hujumchisi Garet Beyl yaqin vaqtlar ichida klubni tark etmoqchi emas.

Nimalar bo‘lmoqda?

«Real»da ishlar chatoq. Madrid klubi tarixidagi eng omadsiz mavsumlardan birini o‘tkazdi va mavsum qanday yomon kechgan bo‘lsa shunday yomon yakunlandi. Zinedin Zidan jamoasi Ispaniya chempionatining oxirgi turida «Betis»ga 0:2 hisobida yutqazdi va bu mag‘lubiyat chempionatdagi 12-mag‘lubiyat bo‘ldi. Jamoa chempion «Barselona»dan 19 ochko ortda qolib ketdi - tarixda hech qachon bu jamoalar o‘rtasida bunday katta farq kuzatilmagandi.

Mavsum allaqachon yakunlandi va endi yangi mavsumga tayyorlanish kerak. Lekin «Real»da yana bir jiddiy muammo bor. Garet Beyl nomidagi muammo.

Uelslik futbolchi mavsum yakunidagi uchta uchrashuvda maydonga tushirilmadi. Zidan uni «Vilyarreal» va «Real Sosedad»ga qarshi o‘yinlarga zayavka qilmagandi, «Betis»ga qarshi o‘yinda esa u o‘yinni oxirigacha zaxira o‘rindig‘ida kuzatdi. Qattiq xafa bo‘lgan Beyl buni o‘z harakatlari bilan ochiq namoyish etdi, hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagi yangrashi bilan u jamoadoshlari qatorida muxlislar qarshisiga ularni olqishlash uchun borish o‘rniga kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi.

«Men nima uchun Beylni o‘yinga tushirmadimmi? Chunki bugungi o‘yinga boshqa futbolchilarni tushirishni mo‘ljallab qo‘ygandim. Agar futbolchi jamoa o‘yiniga qo‘shilib ketmasa, men boshqa variantlarni, boshqalardan yaxshiroq ishlaydiganlarni izlashga majbur bo‘laman. Shuning uchun bugun boshqalar o‘ynashdi (Asensio, Isko va Lukas Vaskes». Ortiq hech gap yo‘q. Bundan keyin nima bo‘lishini bilmayman, lekin klubda qarorni men qabul qilaman. Ha, Garet bu yerda ko‘p vaqt o‘ynadi, ammo o‘tmish bilan emas, bugun va kelajak bilan yashaladi», dedi bunga izoh bera turib Zidan.

Beyl bu borada rasmiy izoh bergani yo‘q. Ammo Radioestadio nashri uning go‘yo kiyim almashtirish xonasida jamoadoshlariga aytgan so‘zlarini keltirdi: «Menda shartnoma bo‘yicha uch yil muddat bor. Agar ular men ketishimni istashsa, har bir mavsum uchun 17 million yevrodan to‘lashlari kerak. Agar ular bunday qilishmasa, men qolaman. Agar bu uch yilni golf o‘ynab o‘tkazishimga to‘g‘ri kelsa, golf o‘ynayman».

Qayd etish kerakki, bu xabarni na Beyl va na uning agenti rad etib chiqmadi. Boshqa bir xorijiy nashr – Independent – esa Zidanning so‘zlarini keltirdi: «Agar menda to‘rtinchi futbolchini almashtirish imkoniyati bo‘lganida ham Beylni maydonga tushirmasdim». Ammo keyinroq bu ibora feykligi ma’lum bo‘ldi.

«Real» nima uchun bu futbolchidan voz kechadi?

Barchasi juda oddiy. Yozgi transferlar vaqtida tarkibda kardinal o‘zgarishlarni amalga oshirmoqchi va jamoaga yangi futbolchilarni olib kelish uchun katta pullar kerak. Ispan nashrlari allaqachon Zidan qutulmoqchi bo‘lgan futbolchilarning ro‘yxatini keltirdi. Bular Keylor Navas, Serxio Regilon, Xesus Valexo, Teo Ernandes, Dani Sebalos, Xames Rodriges, Martin Edegor, Braim Dias, Mateo Kovachich, Oskar Rodriges, Borxa Mayoral va albatta Beyl.

So‘nggi yillarda jarohatlar tufayli beqaror o‘yin ko‘rsatib kelgan va asosiysi Zidan bilan ziddiyatga borgan uelslik futbolchini sotish – Madrid klubining yozdagi asosiy maqsadlaridan biridir. Bu qimmatbaho futbolchining transferidan keladigan mablag‘lar yulduz futbolchilar transferi (Pogba, Azar, Mbappe) uchun xarajatlarning bir qismini qoplashi va moliyaviy feyr-pley shartlarini osonlashtirishi mumkin.

Uelslik yulduz kimga kerak?

Ammo Beyldan «qutulish» oson ish emas. Barcha biladiki, bu futbolchi yaqinda 30 yoshga chiqadi va uning tezligi, sport formasi va o‘yini yildan-yilga yomonlashib bormoqda. Bundan tashqari, u juda ko‘p miqdorda maosh talab qiladi (17-20 million yevro). Nazariy jihatdan, bu holatda «Real» uni o‘z transfer qiymatidan arzonroqqa sotishi kerak bo‘ladi - ammo Madrid klubi bunday yo‘l tutishga rozi bo‘larmikin?

Beylga Angliyada qiziqishlar mavjudligi to‘g‘risida mish-mishlar yuradi. Xususan, «Manchester Yunayted» va uning sobiq jamoasi «Tottenhem» uni safiga qo‘shib olishi mumkin. Ammo Premer-liganing televizion shartnomalar orqali boyib ketgan milliarder klublari ham o‘z mablag‘larini o‘z faoliyati cho‘qqisidan tusha boshlagan futbolchi uchun sarflashni istaydimi? Ko‘rinishidan, Garetda ikki variant bor: maoshi kamayishi evaziga bo‘lsada top-darajada futbol o‘ynashda davom etish yoki pullar uchun Xitoyga yoki okeanortiga yetish.

Yoki yiliga 17 million yevro olib, golf o‘ynash bilan mashg‘ul bo‘lish varianti ham bor.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Beyl «zabastovka» boshlamoqchi. U «Real»dan katta miqdorda pul talab qilmoqda