06:36 / 22.05.2019
3 421

Jaloliddin Masharipovga Rossiyadan takliflar bor

Jaloliddin Masharipovga Rossiyadan takliflar bor
«Paxtakor» klubida bugungi kunda yaqqol ajralib turgan futbolchi Jaloliddin Masharipov ekanligini hamma yaxshi biladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasida Ektor Kuperning ham ishonchini qozongan hujumkor yarim himoyachi «Paxtakor»da Shota Arveladzening ham muhim o‘yinchisiga aylangan. Ta’bir joiz bo‘lsa, Masharipovni «Paxtakor»ning yuragi desak ham bo‘ladi.

Uning o‘yinlari noodatiy bo‘lib, maydonga tushganda muxlislarga yoqadigan hatti-harakatlari bilan ham ajralib turadi. Umuman olganda, Jaloliddin oxirgi bir-ikki yilda katta o‘sishga erishdi. Osiyo Kubogidan keyin uning legionerga aylanishi ham kutilayotgandi. Biroq futbolchi «Paxtakor»da qolishga qaror qildi.

Lekin ko‘rinib turibdiki, Masharipovning xorijga ketish vaqti yetib keldi va buni uning o‘zi ham yaxshi tushunib turibdi. Osiyo Chempionlar ligasi doirasida «Al Ahli»ga qarshi uchrashuvdan avval futbolchi bilan suhbatda bo‘ldik.

- Oxirgi paytlarda Jaloliddin Masharipov doimiy e’tiborda bo‘lib turibdi. Chunki o‘yin saviyangiz bir muncha oshganligi ko‘rinib turibdi. Buning siri nimada? Tinimsiz mehnatmi yoki murabbiylarning roli kattami?
- Hammasi mehnatdan deb o‘ylayman. Baribir biror-bir nimaga mehnatsiz erishib bo‘lmaydi. Mashg‘ulotlarda o‘z ustingizda ishlab mehnat qilmasangiz, o‘yinda o‘ylagan narsalaringiz amalga oshmaydi. Men esa mashg‘ulotlarda qattiq ishlayman va o‘yinga chiqqanda ko‘pincha o‘ylagan o‘yinimni ko‘rsata olaman. Shu bilan birga menga murabbiy tomonidan bildirilayotgan katta ishonch ham qo‘l kelmoqda.

- Lekin siz futbolni zavq olish uchun o‘ynaysiz. Aksariyat o‘yinchilar esa faqat natija uchun bosim ostida o‘ynayotgandek tuyulishadi. Sizning o‘yiningizda esa erkinlik katta va xuddi futboldan rohat olib o‘ynayotgandek ko‘rinasiz…

- Albatta, jamoangizning g‘alabasi doim birinchi o‘rinda turadi. Ammo men o‘sha g‘alabaga qo‘shimcha ravishda chiroyli futbol ko‘rsatishni yoqtiraman. Ayniqsa, stadionga yig‘ilgan muxlislarga yoqadigan o‘yin namoyish etishni xohlayman. To‘g‘ri, o‘yin davomida ishqibozlar e’tiroz bildirishadi va haqorat qilishadi. Ammo tan olaylik, ularga ham chiroyli hatti-harakatlar va o‘yinlar baribir yoqadi.

Ular o‘yinni ko‘rib, uyga borganidan keyin baribir o‘sha futbolchi chiroyli o‘ynadi deb gapirishadi. Shuning uchun men har qanday holatda ham ishqibozlarga yoqadigan o‘yin ko‘rsatishni yoqtiraman. Bu narsa mening yoshligimdan bor. Bolalik paytimdayoq katta bo‘lib futbolchi bo‘lsam, hammaga yoqadigan chiroyli o‘yin ko‘rsatadigan, yevropalik futbolchilarga o‘xshab o‘ynayman deb niyat qilib yurardim.

O‘sha niyatimni amalga oshirish uchun men har doim o‘z ustimda ishlayman va mashg‘ulotlarda ham bunga alohida e’tibor qaratib kelaman. Agarda mashg‘ulotlarda o‘ylagan fintlarim amalga oshsa, buni albatta o‘yin paytida ham amalga oshiraman.

- Lekin milliy terma jamoada sizning bunday chiroyli o‘ynab fint qilishingizni Ektor Kuper tanqid qilgandi. Bu borada Shota Arveladze nima deyapti?
- Yo‘q Kuper ham tanqid qilmagan. Faqat o‘yin paytida oyog‘ingni ehtiyot qilgin degan. Agar sen shunday qilib, chiroyli o‘ynab raqibni aldab o‘tadigan bo‘lsang, ba’zilari jaxl qilib oyog‘ingga tepishi va buning oqibatida oyog‘ing sinishi mumkin deya ehtiyot bo‘lib o‘ynashimni ta’kidlagan. Shota Arveladze ham ehtiyot bo‘lgin, senga biror korhol bo‘lmasin, sen bizga keraksan deydi. Qolaversa, Shota Yustinovich imkon qadar raqib o‘yinchilarini o‘zingga yaqinlashtirmagin, ular oyog‘ingga tepish uchun harakat qilishadi deb aytadi.

- To‘g‘risi, mavsum boshida sizning «Paxtakor»ni tark etib, chetga ketishingizni kutgandik. Ammo yana «sherlar» safida qolishga qaror qildingiz. Buning boisi nimada?
- Menda yaxshi takliflar bor, yo‘q emas. Lekin mening niyatim faqat Yevropaga ketish. Vaholanki, oldimda Osiyoning hamma joyidan yetarlicha takliflar bor. Ammo o‘zimni Osiyoda o‘ynagim kelmayapti. Xulo xohlasa, «Paxtakor» orqali Yevropa chempionatlaridan biriga ketmoqchiman. Asta-sekin bu borada qiziqishlar bo‘lyapti.

Milliy terma jamoada ham yaxshi o‘yinlar ko‘rsatishda davom etsam, baribir yangidan-yangi takliflar paydo bo‘laveradi deb o‘ylayman. Muxlislar ham internetda menga faqat Yevropaga ketishing kerak, deb tinmasdan yozib turishadi. Shuning uchun O‘zbekiston muxlislarini ham xursand qilib, faoliyatimni Yevropada davom ettirib, ularni mamnun qilmoqchiman. Yevropaning yaxshi klublarida o‘ynay olishimga ko‘zim yetadi.

- Demak, bu sizning «Paxtakor»dagi oxirgi mavsumingiz desak bo‘ladimi?
- Ha, Xudo xohlasa shunaqa desak ham bo‘ladi. O‘zimni chetda sinab ko‘rish uchun vaqt yetib keldi. Lekin bu borada shoshib qaror chiqarish ham kerak emas. Nasib qilsa, o‘zim istagandek yaxshi jamoadan taklif bo‘lsa albatta ketaman.

- Ammo aksariyat futbolchilarimiz Osiyodan taklif bo‘lishi bilanoq u yerlarga ketgisi keladi…
- Agar men ham Osiyo klublaridan birida o‘ynamoqchi bo‘lganimda Osiyo Kubogidan keyinoq ketgan bo‘lardim. Lekin men faqat Yevropaga ketaman.

- Sir bo‘lmasa hozirda aynan qaysi klublardan takliflar bo‘lyapti?
- Rossiya klublaridan takliflar bor.
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jaloliddin Masharipovga Rossiyadan takliflar bor