08:43 / 02.06.2019
5 048

Yengilmas Entoni Joshuani qay tarzda nokaut qilishdi? (video)

Yengilmas Entoni Joshuani qay tarzda nokaut qilishdi? (video)
Professional boksning o‘ta og‘ir (+90,7 kg) vazn toifasida to‘rtta yo‘nalish — WBA, IBF, WBO va IBO kamarlari sohibi, britaniyalik Entoni Joshua (22-1, 21 KO) kutilmaganda kamarlar uchun da’vogar Endi Ruisga (33-1, 22 KO) imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

U Nyu-Yorkdagi «Medison skver garden» arenasida o‘tgan 12 raundlik jangi meksikalik bokschiga 7-raundda texnik nokaut bilan mag‘lub bo‘ldi.

Jangning uchinchi raundida avvaliga Endi Ruis nokdaunga uchradi, ammo shu raundning o‘zida Ruisning ketma-ket zarbalaridan so‘ng Joshuaning o‘zi ham ikki marta nokdaun holatiga tushdi.

7-raundga kelib Endi yana faollashdi va yana ikki marta britaniyalik chempionni yerga qulatishga muvaffaq bo‘ldi. To‘rtinchi nokdaundan so‘ng referi Joshuadan bir necha marta jangni davom ettira olish-olmasligini so‘radi, ammo Entonidan aniq javob bo‘lmagach, hakam jangni to‘xtatdi va 7-raundning 1:27 soniyasi o‘tib borayotganda texnik nokautni qayd etdi.

Natijada Endi Ruis kutilmagan g‘alaba evaziga bir yo‘la to‘rtta chempionlik kamarini o‘ziniki qilib oldi.

Ushbu jang britaniyalikning 2018 yil sentyabrda rossiyalik Aleksandr Povetkinga qarshi g‘alabali jangidan keyin birinchisi bo‘ldi.

Joshua dastavval amerikalik Jarell Miller bilan jang qilishi kerak edi, biroq u doping-sinovdan o‘ta olmay, jangdan chetlatilgandi. 1 may kuni uning o‘rniga Ruis jang qilishi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, Joshua birinchi marta AQShda jang o‘tkazdi.

Britaniyalik IBF kamarini 7-marta, WBA kamarini 4-marta va WBO kamarini 2-marta himoyalay olmadi. U IBF kamarini 2016 yilda amerikalik Charlz Martinga, WBA kamarini 2017 yil ukrainalik Vladimir Klichkoga va WBO kamarini 2018 yil martida yangi zelandiyalik Jozef Parkerga qarshi janglarda qo‘lga kiritgan.

Endilikda 29 yoshli Joshuaning hisobida 22 ta g‘alabadan keyin bitta mag‘lubiyat bor.
Ruis chempion unvoni uchun ikkinchi marta jang o‘tkazdi. U ushbu g‘alabadan keyin g‘alabalari sonini bitta mag‘lubiyat bilan 33 taga yetkazib qo‘ydi.

O‘ta og‘ir vazndagi 4-nufuzli kamar ayni vaqtda amerikalik Deontey Uaylderga tegishli.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yengilmas Entoni Joshuani qay tarzda nokaut qilishdi? (video)