17:25 / 12.06.2019
2 219

Gvardiola turinliklarning rekord summadagi maoshini rad etdi

Gvardiola turinliklarning rekord summadagi maoshini rad etdi
Pullar ko‘p narsani hal qiladi, ammo hammasini ham emas — jamoani Gvardiolaning qo‘liga topshirish yo‘lida halak bo‘lib kelayotgan «Yuventus» rahbariyati bugun bu haqiqatga yana bir bor amin bo‘ldi. Gvardiola uzil-kesil yo‘q dedi: «Siti»da baxtliman, «propiskam»ni yaqin o‘rtada almashtirmoqchi emasman».

«Shaharliklar»ga 2016 yili bosh murabbiy bo‘lib kelgan Pep Gvardiola ikki marotaba Angliya chempioni bo‘lishga ulgurdi. Bir tomondan, uning «Yuventus»ni emas, balki «Manchester Siti»ni tanlashi — oqilona yo‘l. Axir kataloniyalik mutaxassis jamoani «odam» qilguncha ozmuncha ter to‘kdimi?! Manchesterda hozir ishlar «besh», turinliklar Gvardioladan og‘zingga siqqanini so‘ra deyishyaptimi, demak, bir gap bor...

Pep turinliklarning ilk taklifigayoq rad javobini bergandi, ammo «Keksa sinora» oyoq tirab turib oldi: Ispaniya va Germaniya chempionatlarini uch martadan yutib olgan murabbiydan zo‘ri yo‘q-da, baribir.

Hozirgi «Yuventus» uchun ichki chempionat deyarli qizig‘ini yo‘qotgan, turinliklar Yevropa Chempionlar ligasidagi zafarlarni sog‘inishgan («Yuventus» 1985, 1996 yillarda YeChL g‘olibi bo‘lgan). Eng qizig‘i, Gvardiola ham «Barselona»ni tark etganidan beri «Ko‘hna qit’a» klublari o‘rtasidagi bosh sovrinni ushlab ko‘rgan emas.

Ikkinchi nomzod sifatida «Napoli» va «Chelsi»ni boshqargan Mauritsio Sarri ko‘rilmoqda.

Biroq Sarri murabbiy sifatida rasman e’lon qilinmagani e’tiborda tutilsa, turinliklar Xosep Gvardioladan hali ham umidvor ekanini sezish qiyin emas.

Darvoqe, Gvardiola turinliklarning yiliga 20 million yevrolik maoshini rad etdi. U o‘tgan mavsum «Manchester Siti»da yiliga 17,5 million yevro maosh olgan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gvardiola turinliklarning rekord summadagi maoshini rad etdi