18:33 / 19.06.2019
3 266

Mirzahakim To‘xtamirzayev: Uch kitning birinchisi va O‘FAning yangi rahbariyatiga savollar

Mirzahakim To‘xtamirzayev: Uch kitning birinchisi va O‘FAning yangi rahbariyatiga savollar
BMT Bolalar fondi (YuNISEF) va Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) o‘rtasidagi bitimga binoan 19 iyun Butunjahon bolalar futboli kuni deb e’lon qilingan. Bundan ko‘zlangan maqsad dunyo hamjamiyati e’tiborini bolalar muammolariga qaratish va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda o‘z ifodasini topgan. Har yili shu kuni turli mamlakatlarda bolalar futbol jamoalari ishtirokida ko‘plab tadbirlar tashkil etiladi.

Butun dunyoda professional futbol uchta kit: bolalar-o‘smirlar sporti – klub – terma jamoa ustiga qurilganini allaqachon anglab yetishgan. Mamlakat futbolini rivojlantirishning bundan-da oqilona yo‘li yo‘qligi amaliyotda o‘z isbotini topgan.

14 iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (AFU) ijroqo‘m yig‘ilishida mamlakatimiz futbolining yangi rahbariyati saylandi. Biz Ravshan Ermatov va uning yangi jamoasiga faoliyatning barcha jabhalarida muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz. So‘nggi deyarli ikki yil mobaynida O‘FA mutasaddilarining professionallarga xos bo‘lmagan boshqaruvi oqibatida vujudga kelgan vaziyatni o‘nglash oson bo‘lmasligini tushunamiz.

Shu bilan birga tashkilot yangi rahbarining shaxsiy xislatlarini, uning bolalar futbolidan chiqib kelganini, maqsad sari sobitqadamlik bilan intilishini va mehnat qilishini, nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo futbol hamjamiyatida o‘ziga yarasha obro‘-e’tiborga egaligini yaxshi bilamiz. U va yangi jamoasi izdan chiqqan lokomotivni qisqa muddatda to‘g‘ri yo‘lga qayta qo‘ya olishiga umid qilamiz va ishonamiz. Shu jumladan, bolalar futbolida ham ijobiy o‘zgarishlarni kutamiz.

So‘nggi davrda vatanparvarlikni qalqon qilgan holda amalga oshirilgan islohotlar oqibatida katta futbol uchun o‘rinbosarlar yetkazib berish tizimi ishdan chiqarildi. Yangi iqtidor egalarini tanlab olish maqsadida butun mamlakat bo‘ylab bolalar o‘rtasida 1000 ta musobaqa o‘tkazilishi haqida bong urildi. Ommaviy axborot vositalarida mazkur musobaqalarning taqdirlash marosimlari va futbol rahbariyati nomidan sovg‘alar topshirilgani keng yoritildi. Yosh avlodning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish maqsadida bunday turnirlar o‘tkazish va ularni targ‘ib qilish foydali, albatta. Lekin seleksiya haqida jiddiy gapirish noo‘rin.

Ushbu fikrni izohlab o‘taylik. Respublikamizda 200 shahar va tuman borligini inobatga olinsa ularning har birida butun bir yil mobaynida beshtadan qisqa muddatli turnir o‘tkaziladi, xolos. Boz ustiga bolalar-o‘smirlar futbolida jamoalar futbolchilarning yosh toifalariga ko‘ra tuzilishi bois amalda bitta yosh toifasidagi jamoa yil mobaynida bor-yo‘g‘i bittagina musobaqada qatnashgan bo‘lib chiqadi.

Darvoqe, ushbu turnirlarga borgan O‘FA mutasaddilari doim ham professional murabbiy bo‘lmagan. Shu boisdan OAVdagi xabarlarda chinakam iqtidor egalari saralab olingani haqida ma’lumot berilmagani tushunarli.

Bolalar ommaviy futbolida o‘yinlar sonini oshirishning qanday yo‘llari mavjud?

Birinchi navbatda, mahalliy musobaqalarni tizimli yo‘lga qo‘yish darkor. Bunda maktablarga tayanish maqsadga muvofiq. Har bir maktabda futbol seksiyalarini tashkil qilib, jismoniy tarbiya o‘qituvchisini trener sifatida biriktirish kerak. Vaziyatdan kelib chiqqan holda o‘quvchilari kam bo‘lgan maktablar ikki-uchtasi birlashib umumiy jamoani musobaqaga qo‘yishi ham mumkin. Muntazam ravishda o‘tkaziladigan ana shu chempionat davomida tuman/shahar seleksioner-trenerlari terma jamoa tarkibiga nomzodlarni saralab olishadi va so‘ngra viloyat birinchiligida ishtirok etishadi. Ana shu mintaqaviy musobaqalar davomida futbol akademiyalariga yangi nomzodlar kashf etish mumkin bo‘ladi.

Yana bir imkoniyat mahallalardagi yosh futbolchilar orasidan iktidorlilarni saralashda ifodalanadi. O‘tgan yili O‘FA respublikamizdagi har bir mahallada futbol maydoni barpo etilishini e’lon qilgan edi. Ajoyib tashabbus!

Oradan sezilarli vaqt o‘tganiga qaramay futbolimiz mutasaddilari ushbu maydonlarni kim va qaysi mablag‘ hisobidan qurishi, ularga xizmat ko‘rsatish (qo‘riqlash, maydonni tartibga keltirish, kiyim almashtirish va yuvinish xonalarini saranjom-sarishta saqlash, elektr energiyasi, suv va kanalizatsiyaga pul to‘lash va hokazolar) hamda inventarlar bilan ta’minlash (futbol darvozalari, to‘rlari, to‘plar, zahiradagilar uchun o‘rindiqlar va hokazolar) qanday moliyalashtirilishi, ushbu maydonda shug‘ullanadigan va o‘ynaydigan jamoalar vaqtini kim va qanday asosda muvofiqlashtirishi, o‘tgan davr mobaynida rejalashtirilgan maydonlardan nechtasi foydalanishga topshirilgani va ishlar qanday kechayotgani haqida ma’lumot berishmadi.

O‘FA tashabbusi bilan amalga oshirilgan futbol maktab-internatlari faoliyatining qayta tashkil etilishi, biz suhbatlashgan ko‘plab mutaxassislarning fikricha, muammolarni ko‘paytirgani holda iste’dodli futbolchilarni tayyorlash jarayoni samaradorligini yangi yuksakroq bosqichga olib chiqmadi.

O‘FA avvalgi rahbariyatining o‘zboshimchalik bilan qabul qilgan qaroriga ko‘ra Muborakning «Mash’al»i kuchlilar safidan chiqarib yuborilgani asosiy tarkibdan tashqari klub akademiyasini ham o‘ta mushkul ahvolga solib qo‘ydi. Vaholanki, ushbu maskan ko‘p yillar mobaynida mamlakatimiz terma jamoalariga o‘z vakillarini taqdim etib kelardi. Misol tariqasida bugungi kunda O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy o‘yinchilariga aylangan Eldor Shomurodov va Otabek Shukurovni tilga olish joiz. Mana shu yigitlarni katta futbol ostonasidayoq “Bunyodkor” katta pulga sotib olgan edi.

Kadrlar masalasi o‘z yechimini kutmoqda. Biz bolalarning bo‘sh vaqtini futbol bilan to‘ldiribgina qolmasdan yoshlarimiz barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishini xohlasak, malakali trenerlarni tayyorlashimiz shart. Bu asosiy masala. Uni hal qilmay o‘sishga erishishning iloji yo‘q. Agar murabbiyning saviyasi past bo‘lsa, o‘smir ertaga o‘rtamiyona o‘yinchiga aylanadi.

O‘FA so‘nggi yil mobaynida bolalar trenerlari bilan ishni faollashtirdi, seminar va mahorat saboqlari uyushtirdi. Lekin har bir mahallada quriladigan 10 mingta maydonni nazarda tutadigan bo‘lsak, bizga juda ko‘p trener kerak. Nazarimizda, ushbu muammoni hal qilish uchun jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi sport mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi filiallaridan foydalanish maqsadga muvofiq.

O‘qituvchilar, sobiq futbolchilar, sport faxriylari, shuningdek nafaqat kattalar, balki bolalar futboliga ham jon-dili bilan qiziquvchi ota-onalar uchun qisqa muddatli kurslar tashkil qilish o‘rinli. Ana shu kurslarda tahsil olish harajatlarini Futbolni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish o‘zini oqlashi aniq. Ha, buning uchun kattagina mablag‘ ketadi. Lekin klublarimiz muntazam taklif qilib, asosan zaxira o‘rindig‘ida qolib ketayotgan legionerlarga to‘lanayotgan pul undan ancha ko‘pligi shubhasiz.

Futbolchilik faoliyatini yakunlab bolalar-o‘smirlar maktabi yoki akademiya treneriga aylangan har bir mutaxassis professional futbolga, superliga jamoasiga ishga o‘tish haqida o‘ylaydi. “General bo‘lishni orzu qilmagan askar askarmi?” degan aqida bu yerda noo‘rin. Ammo trenerlar oladigan ish haqi o‘rtasidagi tafovut o‘z ta’sirini o‘tkazishi bor gap. Hozir professional jamoa treneri yoshlar va bolalar-o‘smirlar futbolidagi hamkasblaridan ancha ko‘p pul topadi.

Bolalar bilan ishlovchi murabbiy o‘z shogirdlaridan kattalar futboliga eshik ochish maqsadidagina foydalanmasligi, ya’ni har qanday choralar bilan natijaga erishishga intilmasligi talab qilinadi. Bolalar-o‘smirlar futbolida sportchi 7 yoshdan 19 yoshgacha jismoniy va ruhiy rivojlanishda uch davrni boshdan kechiradi, o‘zgarib boradi. Shuni inobatga olgan holda bolalar futbolidagi trenerlar ham muayyan yoshdagilar bilan ishlashga ixtisoslashishi, ularning kamol topishiga ko‘maklashishga harakat qilishi zarur. Trener ishining samarasi qo‘lga kiritilgan sovrinlarda emas, kattalar futbolida o‘z o‘rnini topa olgan shogirdlarida ifodalanishi to‘g‘riroq va adolatdan bo‘ladi.

Bolalar treneri bo‘lib ishlash faxrli va yuqori haq to‘lanadigan darajaga chiqarilishi darkor. Trener uchun bonus-rag‘batlantirish tizimi yaratilishi kerak. Masalan, mamlakat o‘smirlar/yoshlar/milliy terma jamoalari safiga kirgan futbolchilarning barcha ustozlari (ular qachon va qancha vaqt mobaynida ustozlik qilganidan qat’i nazar) mos ravishda mukofotlanishini yo‘lga qo‘yish muhim. Xuddi shuningdek, ikkinchi, Pro liga va Superliga jamoasida o‘ynab ketgan, xorijdagi jamoadan joy olgan futbolchilarning ustozlariga ustama haq to‘lanishi zarur.

Aynan shu kabi tizim mamlakatimiz og‘ir atletikada yuksak natijalarga erishishi uchun zamin hozirladi. Xorazm yoki Navoiydagi BO‘SMda ishlayotgan oddiy trener o‘smirlar/yoshlar o‘rtasida jahon chempionati g‘olibi yoki sovrindorini tayyorlagani uchun yaxshigina qo‘shimcha haq oladi. Shu boisdan uning o‘zi yana yangi yulduzlarni kashf etishga intiladi. Unga qarab atrofidagi hamkasblari yanada yaxshiroq ishlashga harakat qiladi.

Bolalar treneri bo‘lishning nufuzi oshishi barobarida shu joyda ishlash uchun tanlov shartlari ham o‘sib borishi tabiiy.

Yosh iqtidor egalarini voyaga yetkazish bobida dunyoda yetakchilardan sanalgan Gollandiya maktablarida trenerlar tarkibi muntazam yangilanib boradi. Bu mutaxassis tarkibdagi qaysidir futbolchini yoqtirgani uchun unga alohida mehr bermasligi, shogirdlariga bir xil adolatli munosabatda bo‘lishi uchun zamin yaratadi. Maktablar rahbariyati trenerlar bilan shartnomalarni qisqa muddatga tuzadi va ishining sifatiga qarab uzaytirib boradi.

Bolalar-o‘smirlar futbolidagi og‘riqli nuqtalardan yana biri hakamlik bilan bog‘liq. Aksariyat hollarda o‘yinda ishtirok etayotgan jamoalardan birining ustozi hakamlik qiladi. U qarorlarni xolislik bilan qabul qilgandayam raqib jamoa vakillariga go‘yo o‘z shogirdlariga yon bosgandek tuyulaveradi. Mahalliy futbol mutasaddilari ushbu muammoni hal qilishga alohida e’tibor qaratishlari talab etiladi. Shunda vaqti yetib kattalar futbolida ayniqsa viloyatlardan yuksak saviyada ishlay oladigan yangi hakamlar paydo bo‘ladi.

Bolalar futbolida eng muhimi chinakam mahorat sohibini shakllantirish ekanini yoddan chiqarmaslik shart. Butun umri davomida bolalar-o‘smirlar futbolida ishlagan va «Red Bull» imperiyasini shakllantirishga katta hissa qo‘shgan gollandiyalik mashhur trener Pit Xamberg darhaqiqat to‘g‘ri fikrlarni aytgan edi:

- O‘smirlar jamoasi a’zosining ikkita dushmani bo‘ladi: avval ota-onasi, so‘ngra trenerlari. Ular bolaning asta-sekin yuksalishini emas, aynan hozir o‘zini ko‘rsatishini xohlashadi. Trener maydonda bolalarning erkini cheklab, natija uchun o‘ynashni talab qiladi. Bu esa bolalarning iste’dodini jilovlab, o‘rtamiyona futbolchiga aylantirib yuboradi.

Har bir futbolchi bilan alohida ishlash, uning shaxsiy ustun hususiyatlarini rivojlantirish, futbolni san’at darajasiga olib chiqib, undan zavq olishga o‘rgatish o‘rniga jismoniy ustunlik evaziga g‘alaba qozonishga undashadi. Vaholanki, teran fikrlovchi, maydondagi vaziyatni to‘g‘ri baholab oqilona qaror qabul qiluvchi, o‘yinni boshqara oladigan futbolchilarni tayyorlash oson emas, lekin faxrli va zarur.

Amsterdamning «Ayaks» klubi akademiyasida ko‘p joylarda bo‘lgani kabi tabiiy va sun’iy chimli maydonlar, mashg‘ulot va tibbiyot markazlari, oshxona va dam olish burchaklaridan tashqari boshqa sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratilgani e’tiborga loyiq. Jumladan, basketbol maydonchasi yuqorida to‘p uchun kurashish malaka va ko‘nikmalarini shakllantirishga yordamlashsa, badminton o‘ynash boshni baland ko‘tarib o‘ynashga o‘rgatarkan.

Shu kabi maydonchalar Yevropaning boshqa klublarida ham paydo bo‘lmoqda. «Ayaks» akademiyasi yaqin kelajakda alohida-alohida futbolchilarni emas, bir-birini juda yaxshi tushunadigan o‘yinchilar guruhlarini voyaga yetkazib professional klublarga taklif etishni rejalashtirayotgani diqqatga sazovor.

Futbol akademiyalariga tanlovning shaffofligi haqida ko‘p gapiriladi. Raqobat o‘ta kuchli ekanligini barcha yaxshi biladi. Tanish-bilishchilikning salbiy ta’siri ta’kidlanadi. Shu o‘rinda Rossiyada eng kuchli «Krasnodar» FK akademiyasi tajribasiga murojaat qilish foydali tuyuladi. Ushbu sport maskaniga sinovdan o‘tish uchun ariza akademiya saytida to‘ldirilarkan.

Mahsus sahifada quyidagi ma’lumotlarni qoldirish tavsiya etiladi:
Familiyasi
Ismi
Otasining ismi
Tug‘ilgan sanasi
Tug‘ilgan joyi
Fuqaroligi
Yashash joyi, telefoni
Futbol bilan necha yildan buyon shug‘ullanishi
Shug‘ullangan futbol klublari
Maydondagi o‘rni
Bo‘yi
Vazni
30 metrga yugurish uchun sarflaydigan vaqti
15 metrga yugurish uchun sarflaydigan vaqti
Joydan uzoqqa sakrashdagi natijasi
Ota-onasi haqida ma’lumot

Natijalari talab darajasida bo‘lganlar bilan akademiya mutasaddi xodimi bog‘lanib, maxsus sanalardan birida sinovdan o‘tish uchun taklif qiladi. “Imkoni yo‘q ishning o‘zi yo‘q” deganlaridek, qolgani iqtidorli yosh futbolchining o‘ziga bog‘liq.

Maqolamiz so‘ngida O‘FAning yangi rahbariyatidan javob olmoqchi bo‘lgan savollarimizni bayon etamiz:

1. Bolalar-o‘smirlar futbolini rivojlantirish dasturining besh yillik oraliq natijalari qanday bo‘lishini rejalashtirasiz?
2. O‘rinbosarlar tayyorlash tizimi uchun kim va qay yo‘sinda mas’ul bo‘ladi?
3. Yosh futbolchilarni tayyorlashda nimalar ustuvor ahamiyat kasb etadi?
4. Bolalar va yoshlar jamoalari trenerlari saviyasini oshirish uchun qanday choralar ko‘riladi?
5. Bolalar-o‘smirlar musobaqalari hakamligi muammosi qanday hal qilinadi?
6. Tumanlar va kichik shaharlar bolalar jamoalarini qamrab olish qay yo‘sinda amalga oshiriladi?
7. Bolalar-o‘smirlar jamoalarini sifatli inventarlar bilan ta’minlash uchun qanday choralar ko‘riladi?
8. Mahallalardagi futbol maydonlarini kim moliyalashtiradi va ularning faoliyatini kim muvofiqlashtiradi?

Mamlakatimiz futbolidagi inqiroz davri ortda qolib, jamoalarimiz qit’ada yetakchilar safiga tez orada qaytishiga, futbolchilarimiz nafaqat Osiyo chempionatlari final bosqichida, balki jahon chempionatlarida ishtirok etishiga, o‘zbek futbolining kelgusi zafarlarida millionlar o‘yiniga tayanch bo‘lib turgan uchta kitning birinchisi, ya’ni bolalar-o‘smirlar futboli munosib hissa qo‘shishiga umid qilib qolamiz.
Mirzahakim TO‘XTAMIRZAYeV,
pedagogika fanlari nomzodi, dotsent

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirzahakim To‘xtamirzayev: Uch kitning birinchisi va O‘FAning yangi rahbariyatiga savollar