19:32 / 19.06.2019
2 639

Rustam Akramov: "KXDR va Suriyaga qarshi o‘yinlar bizga nima berdi?"

Rustam Akramov: "KXDR va Suriyaga qarshi o‘yinlar bizga nima berdi?"
Futbolimiz professori Rustam Akramov ayni paytda ham o‘zbek futbolidagi voqelik va yuz berayotgan o‘zgarishlarni kuzatib kelmoqda. Katta tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis o‘zining keskin, ochiq-oydin va xolis fikrlari bilan o‘z munosabatini bildirib turadi. Hech kimga sir emaski, bugungi kunda o‘zbek futbolidagi o‘zgarishlar hammaning e’tiborini o‘ziga tortmoqda. Tabiiyki, bundan Akramov ham mustasno emas. Shu bois bir qator masalalarda Rustam Akramovichning qarashlari bilan qiziqib ko‘rdik.

«Endi Ermatov jahon chempionatiga qanday boradi?
Avvalo O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning o‘rniga vaqtinchalik Ravshan Ermatov tayinlangani borasida o‘z munosabatini bildirishini so‘radik. Professior esa bu masalada hali aniq bir fikr bildira olmasligini aytdi va shunday dedi:

- O‘FAdagi o‘zgarishga hech qanday izoh bera olmayman. Ravshan Ermatov rasman vitse-prezident bo‘ladigan bo‘lsa, bu yoqda hakamlik faoliyati nima bo‘ladi? 2022 yili bo‘ladigan jahon chempionatiga qanday qilib boradi? Endi u qanday hakamlik qiladi? To‘g‘risi, bir nima deyishim qiyin. Bu to‘g‘ri bo‘ldimi yoki noto‘g‘rimi, bilmadim. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

«Hozircha terma jamoamizning real kuchini ko‘rmadim»
O‘zbekiston milliy terma jamoasi yaqinda bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazdi. Sentyabr oyida esa JCh-2022 saralash bahslari boshlanadi. Akramov esa milliy terma jamoamizning bugungi holati haqida fikr bildirdi.

- Bizning yo‘l qo‘ygan xatolarimizdan biri shuki, kuchli raqiblarga qarshi yetarlicha o‘ynamayapmiz. Toshkentda KXDR va Suriya bilan o‘ynadik. Ammo Shimoliy Koreyada futbol darajasi pastga tushib ketgan. Suriyaga kelsak, ular Toshkentga deyarli ikkinchi tarkib bilan kelishdi yoki bo‘lmasa ular hali bu uchrashuvga tayyor emasdilar. Shuni aytmoqchimanki, hozirgi paytda milliy terma jamoamiz to‘g‘ri yo‘ldan ketyaptimi? Real olib qarasak, qanday kuchga ega? Bularni bila olmayapmiz. Shaxsan men bu vaziyatda terma jamoamizni tushunmayapman. Ikki-uchta kuchli jamoalarga qarshi o‘ynaganidan so‘ng bu savolga aniq javob bersa bo‘ladi.

«Kuper nima derdi? Jamoamiz yomon deb aytmaydi-ku!»
Shuni ham aytish kerakki, terma jamoamiz bosh murabbiyi Ektor Kuper oxirgi matbuot anjumanida saralash bahslariga jamoasi tayyor ekanligini, yig‘inlardan ko‘ngli to‘lganligini aytgandi. Bunga esa Rustam Akramov o‘z munosabatini quyidagicha bildirdi.

- Bundan bir necha oy oldin sizga Ektor Kuper ishni to‘g‘ri boshladi deb aytgandim. Oradan uch oy o‘tganidan keyin Kuper nima ham derdi? Axir jamoamiz yomon, ishimiz yaxshi emas, deb gapirmaydi-ku. Tabiiyki, u bunday yig‘inlardan keyin biz tayyormiz va yaxshi yig‘in o‘tkazdik, saralash bahslarida yaxshi qatnashamiz deydi-da. Kuzatamiz, hammasini vaqt ko‘rsatadi, - dedi Akramov.

«Urugvayga o‘xshagan jamoalar bilan ko‘proq o‘ynashimiz kerak»
Rustam Akramovning terma jamoamiz haqida bildirayotgan fikrlaridan shuni bilsa bo‘ladiki, unda xavotirlar yo‘q emas. Biz esa shuni inobatga olgan holda undan aynan nimadan xavotirlanayotgani haqida bilishga qiziqdik.

- Yashirmayman, menda xavotir bor. Baribir xalqaro darajadagi saviya boshqa. Bizda jahon chempionatida o‘ynash bo‘yicha mahorat yetishmayapti. Bizda yetakchimiz Odil Ahmedov bor. Ammo hozirga kelib u ham unchalik yaxshi o‘ynay olmayapti. Shuning uchun kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlar o‘tkazsak yaxshi bo‘lardi. Ayniqsa, Urugvay terma jamoasi saviyasidagi raqiblar bilan o‘yinlar o‘tkazish biz uchun foydali bo‘lardi. KXDR va Suriya bilan o‘ynadik, lekin bu uchrashuvlar bizga nima berdi? Hech nima bermadi. Shu bois yuqorida aytganimdek, hozirgi paytda jamoamiz qanday holatda? Yaxshimi yoki yomonmi, tushunmay qolyapman.

«Turklar bilan o‘yinda terma jamoamiz saviyasi ko‘rinib qolgan»
To‘g‘ri, kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlar doim terma jamoamiz uchun faqat foyda keltiradi. Ammo doim ham buning imkoni bo‘larmikin? Yaqinda vakillarimiz safarda Turkiya terma jamoasi bilan o‘yin o‘tkazib qaytgandi. Mutaxassis esa bu borada shunday dedi:

- Terma jamoamizning Turkiyaga qarshi o‘yinini ko‘rganim yo‘q. Lekin shogirdlarim bu uchrashuv haqida menga ma’lumotlarni aytishdi. Eshitishimcha, turklar bilan farqimiz ancha katta. Terma jamoamizning saviyasi bu o‘yinda ko‘rinib qolgan.

«Hozircha olimpiya jamoamizda ham o‘yin chizgisini ko‘rmayapman»
Shuningdek, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi haqida ham fikrlari qandayligini bilishga harakat qildik. Bosh murabbiy Lyubinko Drulovich ham jamoamizni Olimpiadaga olib chiqishga ishonayotgani haqida alohida ta’kidlagandi. Umuman olganda, bu boradagi imkoniyatlari haqida Rustam Akramov quyidagicha fikr bildirdi.

- Drulovich yana nima desin? Men jamoamizga ishonmayman, Olimpiadaga olib chiqa olmayman demaydi-ku. U ham Kuper kabi jamoa yaxshi, ko‘nglim to‘q, ijobiy natijalarni kutamiz deydi-da. Albatta, olimpiya terma jamoamizning o‘yinlarini ham kuzatdim. Lekin hali olimpiya terma jamoamizda ham o‘yin chizgisini ko‘rmayapman. Futbolda bir qator atamalar borki, ularni hozircha olimpiya jamoamizda sezmayapman. Xuddi shunday tarzda milliy termamizda ham ko‘rmayapman. Afsuski, hali ham jamoalarimizda o‘yin surati bor deb aytib bo‘lmaydi. Lekin hali hal qiluvchi musobaqaga yarim yil vaqt bor. Balki ungacha jamoamiz o‘yini yanada yaxshilanib qolar.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rustam Akramov: "KXDR va Suriyaga qarshi o‘yinlar bizga nima berdi?"