20:56 / 19.06.2019
2 448

Eldor Shomurodov: "Babayan va Kuper o‘rtasida katta farq sezilayotgani yo‘q" (intervyu)

Eldor Shomurodov: "Babayan va Kuper o‘rtasida katta farq sezilayotgani yo‘q" (intervyu)
O‘zbekiston terma jamoasining iyun oyidagi yig‘ini yakuniga yetkanidan so‘ng "Rostov" klubi sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz Eldor Shomurodov ofisimizda mehmon bo‘ldi va ba’zi mavzular bo‘yicha intervyu berdi.
Quyida O‘zbekiston terma jamoasining asosiy hujumchisi bo‘lgan Eldor Shomurodovning intervyusini e’tiboringizga havola qilamiz.

Turkiya, KXDR va Suriyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlari haqida:
- Yaxshi o‘yinlarni o‘tkazdik. Dastlab kuchli raqib Turkiya bilan o‘ynalgan bo‘lsa, keyinchalik ikkita nisbatan kuchsizroq jamoalarga qarshi to‘qnashdik. Bu saralash bosqichi oldidan yaxshi taraddud bo‘ldi. Ayniqsa qozonilgan g‘alabalar rasmiy bellashuvlar oldidan o‘zimizga bo‘lgan ishonchni oshirdi. Tayyorgarlik yaxshi o‘tkazildi. Buyog‘iga saralash bosqichini yaxshi boshlashga bor e’tiborni qaratamiz.

Kuperning dastlabki kelgan davridagi ko‘rsatmalari va hozirgi paytdagi talab qilayotgan vazifalari orasidagi farq haqida:
- Dastlabki kelgan paytdagi Kuper bilan hozirgi davrdagi murabbiyning vazifalari o‘rtasida albatta farq bor. Kuper dastlab bizga asosan himoyaviy uslubni qo‘llayotgandi. Keyinchalik murabbiy himoyaviy taktikadan ko‘ra, ko‘proq hujumkor futbol o‘xshayotganini tushundi. Shundan so‘ng mazkur yo‘nalishga qarab ba’zi taktik detallarni o‘zgartirdi. Masalan pressingga chiqishni, ko‘proq hujumga o‘tishni boshladik.

Hujumdagi o‘yin asosan Shomurodov orqali rivojlantirilayotgani haqida:
- Bu menga hech qanday qiyinchilik tug‘dirayotgani yo‘q. Qo‘limdan kelganicha Kuperdan talab qilayotgan ko‘rsatmalarni bajarishga harakat qilyapman.

Terma jamoadagi eng yaqin do‘sti haqida:
- Asosan birga o‘ynagan va o‘sgan Akrom Komilov, Doston Hamdamov singari futbolchilar bilan ko‘proq birga bo‘lamiz. O‘zaro yaxshi kelishamiz. O‘yin davomida esa barcha bilan birdek o‘zimizni yaxshi tushunamiz.

Osiyo Kubogidagi o‘yin va natija haqida:
- Ochig‘i uzoqroqqa borishni ko‘zlagandik. Ammo Avstraliyaga qarshi penaltilar seriyasida yutqazdik. Bu yomon natija emas, menimcha. Biz barcha masalani o‘yinda hal etmoqchi edik. Biroq vaziyat penaltilar seriyasiga qadar cho‘zildi. Buyog‘iga esa lotereya. Omad yetishmadi. Umumiy olib qaralsa, yomon natija bo‘lmadi. Shuningdek, Kuper kelganiga hali ko‘p bo‘lmagandi.

Babayan va Kuper davridagi terma jamoaning eng asosiy farqi haqida:
- Eng asosiy farqi? (uzoq o‘ylanib) O‘zimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, Babayan davrida men ko‘proq yarim himoyaning qanotida o‘ynardim. Kuper qo‘l ostida markaziy hujumda o‘ynayapman. Har bir murabbiyning taktikasida farq bo‘lishi tabiiy. Umuman olib qaralsa, katta farq yo‘q. Ya’ni farq sezilayotgani yo‘q.

Yangi chempionat, O‘zbekiston va Rossiyadagi holat, "Rostov"ga borish va moslashish haqida:
- Birinchi borganimda moslashish, adaptatsiya jarayoni biroz qiyin bo‘lgan. Ruschani tushunardimu, lekin erkin gaplasha olmasdim. Menga jamoaga ko‘nikib, moslashib ketishimda Artur Yusupov va Sergey Parshivlyuk asosiy ko‘makchi bo‘lishgan. Ular bilan aloqalarim juda yaxshi bo‘lgandi. Jamoaga kirishib ketishimda ular katta yordam berishgan. Rossiya chempionatida birinchi navbatda kurashuvchanlik yuqori, asosan kuchga tayangan holda o‘ynaladi. Ikkinchidan esa, o‘yin tempi va tezligi yuqori. Shu boisdan ham menga bu borada oson bo‘lgani yo‘q. Asta-sekinlik bilan o‘rganib ketdim.

Osiyo Kubogidan keyin Shomurodovga bo‘lgan e’tibor haqida:
- O‘zbekiston futboli haqida ko‘p so‘rashmaydi. To‘g‘ri, Osiyo Kubogidan keyin menga bo‘lgan e’tibor oshdi. Karpin ham menga ko‘proq e’tibor qaratdi. Lekin "Rostov"da o‘ynab keta olishimga Rossiyadagi ko‘pchilik ishongan. Meni o‘shanda salohiyatli futbolchi, deyishgani haqida bilaman. Shuni his qilib ham o‘shandayoq o‘zimga bo‘lgan ishonch ortgan.

Valeriy Karpin haqida:
- Birinchi navbatda futbolchilar bilan juda yaqin aloqada, do‘stdek bo‘ladi. O‘zi futbolchi bo‘lgani uchun bizni juda yaxshi tushunadi, nimani his qilayotganimizni biladi. Uchinchidan esa uni taktik murabbiy deya olaman. Karpin futbolchilar bilan alohida suhbat quradi. Men bilan ham individual suhbat qiladi. O‘yindan keyin asosan qayerda xato qilganimni ko‘rsatib, tegishli tavsiyalar beradi. O‘yindan avval esa alohida suhbatda menga qo‘yayotgan vazifalari haqida batafsil tushuntirish berib, nima qilishni tushuntiradi.

Sehrli "qalpoqcha" haqida:
- O‘sha vaziyatda "Krasnodar" himoyachisi bilan to‘qnashuvda boshim yorildi. O‘zim bilmagandim, lekin klub shifokorlari ataylab qalpoqcha olib yurarkan. Qonni to‘xtatgach, qalpoqchani kiyasanmi yoki boshingni bog‘laylikmi, deya so‘rashdi. Farqi yo‘qligini aytib, qalpoqchani tanladim. Shundan so‘ng gol ham urdim. Hammasi o‘xshab ketdi. Qalpoqchani alohida saqlaganim yo‘q. U hozir ham klub fizioterapevtida turibdi.

Rossiya chempionatida qaysi jamoalarga qarshi o‘ynash haqida:
- O‘zim bevosita o‘ynagan o‘yinlardan kelib chiqadigan bo‘lsam, eng qiyin bahs "Ufa"ga qarshi o‘yinlar. Birinchisida 0:0, ikkinchisida 1:0ga yutqazgandik. O‘sha o‘yin eng qiyini bo‘lgandi. Asosan autsayderlarga qarshi bellashuvlarda ochko yo‘qotganmiz.

O‘zbekiston chempionatini kuzatib borishi, Superliga saviyasi o‘smagani haqida:
- Albatta Rossiyaga bo‘lishimga qaramay chempionat o‘yinlarini kuzatib boraman. Asosan "championat.asia" saytida va uchrashuvlarni jonli ko‘rish imkoni bo‘lsa, unda "mediabay" tarmog‘ida ko‘raman. Chempionat saviyasi o‘sdi, deb aytolmayman. Nimalarnidir o‘zgartirildi. Lekin saviya o‘sgani yo‘q. Hozircha faqat jamoalar soni o‘zgardi. Balki sifat o‘sishi uchun vaqt kerakdir.

Chopib tashlangan va Shomurodovni yetishtirgan "Mash’al" jamoasi taqdiri haqida:
- Bu albatta achinarli xol. "Mash’al" qanday holatda yoki sharoitda bo‘lmasin, istalgan jamoaga bosh og‘riq bo‘lishga qodir. "Mash’al"ni birinchi ligaga tushirib yuborilishini ko‘rib hayron bo‘lganman to‘g‘risi. O‘z vaqtida "Mash’al" akademiyasi O‘zbekistondagi eng zo‘ri bo‘lgan. Ko‘plab iste’dodlarni chiqargan.

Rossiya va O‘zbekiston futboli matbuotining o‘rtasidagi farq haqida:
- Farq yetarlicha. Rossiyadagi har bitta o‘yinni yetarli darajada muxlislarga yetkazib berishadi. Har doim jonli efirda o‘yinlarni qo‘yishadi, har bir klub matbuoti juda faol ravishda ishlaydi. Matbuot xizmatining o‘z sohasidagi yo‘nalishi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

"Rostov" bilan shartnomani uzaytirgan Shomurodovning keyingi rejalari haqida:
- Intilish Yevropaga. "Rostov"ga ketishimdan oldin ko‘pchilik o‘ynab keta olmaydi deyishgandi. Oradan ikki yil o‘tdi, klub yangi shartnoma taklif etdi. Bu ham shu vaqt oralig‘ida o‘sishga erishganimni anglatadi. Shu tempda davom etishim kerak. "Rostov" ko‘plab futbolchilarni ortiqcha ushlab turmaydi. Yaxshi jamoalardan tushadigan takliflarni klub doim ko‘rib chiqadi. Italiyadan tushayotgan takliflar haqida eshitmaganman. Umuman Osiyo Kubogidan keyin qanday qiziqish yoki takliflar tushgan, ochig‘i bilmayman. Balki bo‘lgandir, balki yo‘q. Shunisi aniqki, "Rostov"da ko‘p qolmasam kerak.

Osiyoga qaytmasligi haqida:
- O‘zimning rejam bo‘yicha, yaqin 3-4 yillar ichida Osiyo jamoalaridan tushadigan qiziqarli takliflarni ko‘rib chiqmoqchi emasman. Buni agentlarim ham biladi. Men o‘zimni kuchli beshlik chempionatlarida sinab ko‘rmoqchiman. Agentlarim buni yaxshi tushungan holda, shu yo‘nalish bo‘yicha ishlashmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov: "Babayan va Kuper o‘rtasida katta farq sezilayotgani yo‘q" (intervyu)