Vladimir Shin: "Rossiyalik bokschilarni yurtimiz nomidan jang qilishlariga qarshi chiqqandim"

  • 09 iyul 2019, 07:47
  • 832
  • Sport
  • Vladimir Shin: "Rossiyalik bokschilarni yurtimiz nomidan jang qilishlariga qarshi chiqqandim"
    SSSR xalqlari spartakiadasi g‘olibi, Jahon Kubogi soxibi, Sovet Ittifoqi chempioni, ko‘p karra O‘zbekiston chempioni, Sobiq Ittifoqda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Vladimir Nikolayevich Shin bilan suxbat.

    - Assalomu alaykum Vladimir Nikolayevich. Yaponiyadagi faoliyatingiz qanday kechmoqda. Umuman olganda yapon boks federatsiyasi bilan qanday shartnomaga egasiz?
    - Avvalo, yurtdoshlarimizga kunchiqar yurtdan sog‘inchli salomimni yo‘llab qolaman. Savolingizga kelsak, 2018-yil may oyida Yaponiya boks Federatsiyasi tomonidan mamlakat terma jamoasini boshqarishga taklif qilindim. Lekin ba’zi sabablarga ko‘ra, oktyabr oyida yapon zaminida ish boshlashga to‘g‘ri keldi. Shartnoma bir yilga Yaponiya olimpiya qo‘mitasi bilan tuzildi va har yili Olimpiya o‘yinlariga qadar yangi o‘zgarishlar bilan qaytadan ko‘rib chiqiladi. Shartnomaga muvofiq oylik maosh, transport, yashash uchun uy bilan ta’minlandim. Har xolda ishlash uchun ajoyib sharoitlarni yaratib bergan.shina

    - Tokio Olimpiadaga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?
    - Deyarli, barcha sport inshoatlari bunyod etib bo‘lingan. Lekin zamonaviy qo‘shimcha majmualarning qurilishi ham qizg‘in davom etmoqda. Bir so‘z bilan aytganda Tokio deyarli tayyor xolda desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

    - Butunjahon MOQ tomonidan AIBA ga turli xil taqiqlar qo‘yildi. Qolaversa, ushbu xavaskor boks tashkilotida tushunarsiz o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ushbu omillar boks rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?
    - Bunday xolatlar ya’ni o‘zgarishlar, noto‘g‘ri yondashuvlar havaskor boksning rivojlanishiga tabiiyki to‘sqinlik qiladi.

    - Vazn toifalari o‘zgarganiga munosabatingiz qanday?
    - Albatta, vazn toifalaridagi o‘zgarishlar tushunarsiz ko‘rinish oldi. Misol uchun, 57 kg dan darxol 63.5 kg yoki 60 kga ko‘tarishni va ushbu vaznda jang o‘tkazishni o‘zi bo‘lmaydi. Ayniqsa, mana shu vazn toifalarida juda ko‘p ishtirokchilarga, jumladan, ayollarga 100 ta o‘rin berilganligi tushunarsiz xolat. Ularning orasida Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish saviyasidagilari juda kam deb hisoblayman.

    - So‘ngi Osiyo chempionatida shogirdlaringiz natijasidan qoniqish xosil qildingizmi? Adashmasam bitta kumush medalni qo‘lga kiritdinglar?
    - Albatta, har bir murabbiy shogirdlarini yaxshi natijalar ko‘rsatishini xoxlaydi. Tabiiyki, men ham ijobiy yakunni hohlagandim. Shuni alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardimki, mazkur turnirdagi erishganimiz, Yaponiya boksi uchun Osiyo chempionatlarida oxirgi 6 yildagi eng yaxshi natijasi bo‘ldi.

    - Aynan finalda Bobousmon Boturov shogirdingiz ustidan g‘alaba qozondi. Nima deb o‘ylaysiz, ushbu jangda yapon bokschisiga nima yetishmadi?
    - Ha, 69 kg vaznda shogirdim Seo o‘zbek bokschisiga mag‘lub bo‘ldi. Mag‘lubiyatni uning yoshligiga yo‘yish mumkin. U endigina 19 yoshda. Qolaversa, bu Osiyo chempionati uning faoliyatidagi ilk katta turnir hisoblanadi. Lekin undagi potensial yomon emas.

    - Umuman olganda siz, o‘zbek boksi uyg‘onish davrida murabbiylik qilgansiz va doimo, sizni kuchli murabbiy, psixolog, sifatida bilishadi. Aytingchi, siz terma jamoaga bosh murabbiylik qilgan vaqtdagi eng kuchli bokschi kim bo‘lgan edi. Umuman olganda ushbu davrlardagi qiziq voqealardan so‘zlab bersangiz?

    - Darxaqiqat, terma jamoani qabul qilib olganimda barcha kuchli bokschilar, Sovet ittifoqi chempionlari, angrenlik Zoyir Abduqodirov, Sergey Vasilenko, Grigoriy Pinchuklar faoliyatini tugatishgan edi. O‘sha avloddan Xokim Matchonov va Rinat Trishev qolgandi. Ikkalasi ham yarim og‘ir vazn toifasida harakat qilardi. Xokim Matchonov ikki yil Sobiq ittifoq chempionatida bronza medaliga ega chiqqandi. O‘sha vaqtlar Rossiyadan bokschilarni taklif qilish fikrini ilgari surishdi.

    Xuddi, Yaponiyada amalga oshirilgani kabi, lekin men bu g‘oyaga qarshi chiqdim. Chunki, biz o‘z boks tariximizga ega edik. E’tibor bering, o‘sha vaqtga qadar bizda qanday charmqo‘lqop ustalari bo‘lgandi. Rufat Risqiyev, aka-uka Aleksandr va Nikolay Anfimovlar, Botirxo‘ja Usmonov, Xamidulla Tillaxo‘jayev, Abdulla Qodir-Oxunov, Feliks Pak va juda ko‘p boshqa bokschilar. Shunday maxorat egalarini tarbiyalagan o‘zbek boks maktabi yangi avlodni voyaga yetkaza olmasmidi?

    Albatta, tarbiyalay olardi. Men bunga ishonar edim. Shuning uchun ham Rossiyadan legioner bokschilarni taklif qilishga tish-tirnog‘im bilan qarshilik qilganman. Natija qanday bo‘ldi? Barchaga ma’lumki, o‘zbek bokschilari jahonni zabt eta olishdi. Murabbiylik davrimda barcha uchun terma jamoa eshiklari ochiq bo‘lgan. Nafaqat bokschilar balki murabbiylar uchun ham shunday edi. Mashg‘ulotlarni hamfikrlikda olib borar edik. Iste’dodlar ko‘z oldimizda tarbiya topdi.

    Birgalikdagi harakatlarimiz murabbiylar saviyasini oshishiga ham xizmat qildi deb o‘ylayman. Har bir bokschi shaxsiy murabbiy yordamida mashg‘ulot olib borardi. Natijada ushbu omil jahonga nafaqat mashxur bokschilarni taqdim etdi. Balki o‘zbek murabbiylariga horijda ham extiyoj sezila boshladi.

    - So‘ngi Osiyo chempionatini bevosita kuzatib bordingiz. Aytingchi, hamyurtlarimizdan siz uchun kim yangi topilma bo‘ldi?
    - Bilasizmi, har doim o‘zbek boksida iste’dodlar talaygina bo‘lgan. Mazkur Osiyo chempionatida ko‘proq og‘ir vazn toifasidagilarning harakatlari yoqdi.
    Osiyo chempionatidan keyin men Xabarovskda xalqaro turnirda bo‘ldim. U yerda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasining garchi, 2-3 tarkibi bo‘lsa ham ular orasida juda ko‘p ajoyib, yosh talantlarni ko‘rdim. Nafaqat men, o‘sha turnirdagi ko‘plab mutaxassislar ham yoshlarimiz mahoratiga e’tibor qaratishdi.

    - Professional boks Federatsiyasida ham faoliyat yuritdingiz. Umuman olganda profi boksimiz rivojiga qanday baxo berasiz?
    - Mamlakatimizda huddi butun jahonda bo‘lgani kabi professional boksning rivojlanishi jadal tus olmoqda deb ayta olaman. O‘zbekiston professional boks Federatsiyasida ishlab yurgan vaqtlarimda uni yanada yuqori cho‘qqilarga ko‘tarishni, davlat miqyosidagi ommaviy sportga aylantirishni xoxlaganman. Buning uchun, professional boks Federatsiyasini yangidan tashkil qildik. Taqvim bo‘yicha sport tadbirlarini, o‘quv mashg‘ulot yig‘inlarini, reyting janglarini o‘tkaza boshladik va bularning barchasi yurtimizda professionl boksning ommaviyligini oshirishga xizmat qila boshladi.

    Juda - juda achinarlisi ko‘p rejalarimiz amalga oshirilmay qoldi. Lekin ishonamanki, O‘zbekiston professional boksi jaxonda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi. Eng muhimi qadrdon O‘zbekistonimizni yuqori cho‘qqilarga olib chiqa oladigan bokschi yoshlarimiz bor. Shu o‘rinda professional boks Federatsiyasidagi faoliyatimda yaqindan yordam bergan, iltimoslarimizni yerda qoldirmaganligi uchun Ximpromning sobiq raxbari Abduxoshim Abdullayevich Abdullayevga alohida minnatdorchiligimni izhor etgan bo‘lardim.

    - Yaponiyada siz xaqingizda film olingan edi. Uning taqdimoti bo‘ldimi. Agar, film tayyor bo‘lsa, uni yurtimizda qachon tomosha qilsak bo‘ladi?
    - Darxaqiqat, xujjatli film olingan. Uning davomiyligi 1.5 soatni o‘z ichiga oladi. Kunchiqar yurtda ketma- ket ikki kun efirga berishdi. Kaminada diskka yozilgan varianti bor. Uni yapon tilidan tarjima qilish kerak.

    Ahmadbek EShMATOV suxbatlashdi

    Manba: Sports.uz

    » » Vladimir Shin: "Rossiyalik bokschilarni yurtimiz nomidan jang qilishlariga qarshi chiqqandim"