Bahodir Nasimov: "Faoliyatimda hali bunaqasi bo‘lmagandi"

  • 10 iyul 2019, 23:00
  • 1 384
  • Sport
  • Bahodir Nasimov: "Faoliyatimda hali bunaqasi bo‘lmagandi"
    Samarqandlik hujumchi Bahodir Nasimov joriy mavsumni «Navbahor» jamoasida boshlaganini bilsangiz kerak. Legioner sifatida xorijda bir necha bor faoliyat olib borgan futbolchi bu yil yurtimizda to‘p surish istagida «Navbahor» taklifini qabul qilgandi. Birinchi davradan keyin tegishli xulosalarni chiqarish imkoniyati ham paydo bo‘ldi.

    Masalan, namanganliklar raqobatbardosh jamoaga aylandilar. Tarkibda ham yaxshi saviyadagi futbolchilar jamlanishgandi. Albatta, Nasimov ham ulardan biri sanaladi. Biroq mavsumning dastlabki yarmi ushbu o‘yinchi uchun muvaffaqiyatli kechdi deya olmaymiz. Boisi, u ko‘p vaqtini zaxirada o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Oxirgi paytlarda Bahodirning faoliyati yorqin kechmayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

    Masalan, bungacha Ozarbayjonda to‘p surgandi va o‘sha yerda ham o‘zi istaganchalik natijaga erisha olmagandi. Aksiga olib, uning Namangandagi faoliyati ham bir maromda davom etmayotgani o‘zi uchun yoqimsiz bo‘lib tuyulmoqda. Balki ikkinchi davrada uning ishlari ham yurishib ketar. Lekin ungacha hamma narsa o‘zgarib ketishi ham hech gap emas.

    «Faoliyatimdan ko‘nglim to‘lmayapti»
    Bahodirni «Navbahor»ga taklif etishdan maqsad jamoa o‘yinini kuchaytirish va gollari bilan yordam berishini ta’minlashga qaratilgandi. Biroq hujumchi Superligada namanganliklar safida hozircha gol ura olgani yo‘q. Faqatgina Liga Kubogi bahsida bitta gol urdi xolos. Shu boisdan Bahodir avvalo yakuniga yetgan birinchi davra haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

    - To‘g‘risini aytsam, birinchi davradagi o‘yinimdan ko‘nglim to‘lmadi. Chunki birinchi davrada biror marta gol ura olmadim. Faoliyatimda hali bunaqasi bo‘lmagandi. Lekin ikkinchi tomondan qaraganda, men juda kam o‘ynadim. Ba’zida 5-10 daqiqa, ko‘pi bilan 20 daqiqa o‘ynadim xolos.

    Ammo murabbiy har qanday hujumchiga hech bo‘lmaganda 2-3 ta o‘yindan imkoniyat berishi kerak deb o‘ylayman. Ana shunda hujumchining imkoniyatlari yaxshiroq bilinadi va u gol ura oladimi yoki yo‘qmi, nimalarga qodirligi ko‘rinadi. Biroq ayni paytda «Navbahor» kuchli uchlikda bo‘lib turganidan xursandman.


    «Jurjevich haqida hozir bir nima ayta olmayman»
    Jamoada bosh murabbiy o‘zgarib, Andrey Kanchelskisning o‘rniga Deyan Jurjevich keldi. Har qanday mutaxassisning futbolga bo‘lgan qarashlari bor va nimalarnidir o‘zgartiradilar. Nasimovdan esa bunday o‘zgarishga munosabati qanday ekanligi bilan qiziqib ko‘rdik.

    - Ha, jamoamizda bosh murabbiy o‘zgardi. Lekin bu o‘zgarishga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Qachonki, oradan bir-ikki oy o‘tganidan keyingina bosh murabbiy haqida fikr bildirish mumkin deb o‘ylayman. Ungacha esa bu haqida biror nima ayta olmayman.

    «Tez orada barcha masalaga nuqta qo‘yamiz»
    Tabiiyki, hozircha «Navbahor»dagi faoliyatidan to‘liq qoniqish hosil qilmayapti. Shunday ekan, ikkinchi davrani ham Namanganda o‘tkazadimi yoki boshqa rejalari bormi? Chunki zaxirada o‘tirish uning o‘zi ham yoqmayotgani ko‘rinib turibdi.

    - Hozircha «Navbahor» jamoasidaman. 9 iyuldan mashg‘ulotlarga kirishganmiz. Nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Ammo hali keyingi faoliyatim borasida bir qarorga kelganim yo‘q. 5-6 kun ichida barcha masalaga nuqta qo‘yamiz. Buning uchun men bosh murabbiy bilan gaplashib olaman. Shundan keyin hammasiga oydinlik kiritiladi.

    «O‘ynamayapsizmi, unda sizga og‘ir bo‘laveradi»
    «Navbahor» jamoasida to‘p surish ham aslida oson emas. Negaki, namanganlik muxlislar juda talabchan va ular futbolchilardan doim maksimal natijani talab qilishadi. Shu o‘rinda Nasimovdan «Navbahor»da to‘p surish og‘irmi deya so‘radik.

    - «Navbahor»da to‘p surish og‘ir emas. Aksincha, bu yerda o‘ynash juda yoqimli. Faqat futbolchi o‘ynash kerak. Agar maydonga tushmay yuraversangiz o‘yiningiz yo‘qolib ketaveradi. O‘ynab, gollar ursangiz qilayotgan ishingizdan rohatlanasiz. Agar siz o‘ynamasangiz muxlislar har xil gaplarni gapirishadi.

    Shuningdek, rahbariyat tomonidan ham sizga nisbatan shubhalarni uyg‘otishi mumkin. Shuning uchun futbolchi doim 90 daqiqadan o‘ynab, gol urib tursa, sira og‘irligi tushmaydi. Aksincha, siz o‘ynamayapsizmi, unda sizga juda og‘ir bo‘ladi.


    «Odamlar meni qari futbolchiga chiqarib qo‘yishyapti»
    Eshitishimizcha, ushbu o‘yinchiga taklif bildirayotgan klublar ko‘p ekan. Shu bois mazkur masalaga o‘zidan aniq javob olishni istadik.

    - Rostini aytsam, men uchun 4-5 ta klublardan takliflar bor. Masalan, bungacha mening Ozarbayjon klubi bilan shartnomam may oyigacha edi. Biroq O‘zbekistonda o‘ynayman deb yurtimizga qaytgandim. Lekin haqiqatni aytadigan bo‘lsam, zaxirada o‘tirish men uchun uyat. Ko‘pchilik esa meni 31-32 ga kirgan, qarib qolgan deb gapirishyapti.

    Lekin Ronaldu nechchiga kirdi? 34 yoshida ham o‘ynayapti. Boshqa klublarda esa 38-39 yoshli futbolchilar ham bor. Nima uchun ularni qari deb hisoblashmaydi? Bizda esa futbolchilar 30 yoshdan oshsa nima uchun qarib qolgan deyishlarini sira tushunmayman.


    «Kasyan uchun xursandman»
    Nasimovni zaxirada qolib ketishiga yana bir sabab shuki, rossiyalik hujumchi Aleksandr Kasyanga asosiy ishonch bildirildi va bunga javoban u to‘purarlik salohiyatini ko‘rsatdi. Bu esa tabiiyki, jamoadagi raqobatni ham oshirdi. Balki bu ham Nasimovga o‘zini ko‘rsatishga imkon bermagandir…

    - Kasyan uchun xursandman. Qoyil, u o‘zini ko‘rsatyapti. Istalgan hujumchi 90 daqiqadan o‘ynab tursa, unda albatta imkoniyatlar bo‘ladi va 2-3 tadan gol urishi mumkin. Agar o‘ynamasangiz sizga juda ham qiyin bo‘ladi. Ayniqsa, gol urish og‘ir bo‘lib qoladi. Lekin doim har xil bo‘ladi. Masalan, hujumchida 90 daqiqa ichida bitta imkoniyat bo‘lishi mumkin yoki 5-6 ta golli vaziyatlarga ega bo‘lishi ham mumkin.

    «O‘ynamasangiz xorijdan kim ham chaqirardi»
    Shuningdek, undan yana xorijga ketish imkoniyati bor yoki yo‘qligi bilan ham qiziqib ko‘rdik.

    - Hozircha xorijdan taklif yo‘q. O‘ynamasangiz va gol urmasangiz, sizga xorijdan taklif bo‘lishi qiyin narsa. Shu bois hozircha menga O‘zbekiston klublaridan takliflar bor. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

    Shuhratbek Jo‘rayev

    Manba: Sports.uz

    » » Bahodir Nasimov: "Faoliyatimda hali bunaqasi bo‘lmagandi"