22:39 / 12.07.2019
2 702

Timur Kapadze "Lokomotiv"dan Babayan tufayli ketdi...mi?

Timur Kapadze "Lokomotiv"dan Babayan tufayli ketdi...mi?
Futbolchi sifatida katta hurmatga sazovor bo‘lgan va ko‘plab g‘alabalarni qo‘lga kiritgan Timur Kapadze murabbiylikka jiddiy kirishganidan xabaringiz bor. O‘tgan yili milliy terma jamoani vaqtinchalik boshqargan bo‘lsa, bu yil «Lokomotiv» yoshlar jamoasiga ustozlik qilib kelayotgandi. Ammo yaqinda uning murabbiylik hayotida yana o‘zgarishlar bo‘ladigandek ko‘rinmoqda. Shu sababli Kapadze bilan muloqotga kirishdik. Birinchi navbatda uning «Lokomotiv»ni nima uchun tark etganini bilish qiziq edi.

«Lokomotiv»dan nega ketdi?
Negaki, Kapadzening u yerdagi faoliyati yaxshi kechayotgandi. Dabdurustdan ketish haqidagi qarorga kelishi uchun esa jiddiy sabab bo‘lganligini taxmin qilish qiyin emas. Bu haqida esa o‘zi shunday dedi:

- To‘g‘ri, «Lokomotiv»da ishlarimiz yaxshi ketayotganiga qaramasdan ketish haqida qaror qabul qilish juda qiyin bo‘ldi, chunki yil boshidan shu kungacha o‘rinbosarlar tarkibida futbolchilar bilan birgalikda qilgan ishlarimiz, mehnatimiz va bu mehnat o‘z mevasini berayotgan pallada ketish qarorini qabul qilish hech bir mutaxassisga oson bo‘lmaydi, lekin buning o‘ziga yarasha sabablari bor.

Asosan bu asosiy tarkibda murabbiylar shtabidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Chunki o‘rinbosarlar asosiy tarkibga qarashli va bizning vazifamiz yoshlarni har taraflama texnik-taktik, jismoniy tomondan tayyorlab berish. Shu munosabat bilan hozirgi kundagi yangi murabbiy - Samvel Babayanning o‘zini qonun-qoidalari va futbolga qarashlari bor.

Mening falsafamga, futbolga qarashlarimga to‘g‘ri kelmasligini anglab u bilan gaplashib, fikrlarini bilib va men o‘zimning fikrlarimni bildirib ketishga qaror qildim, u ham mening qarorimni to‘g‘ri qabul qildi. Chunki nafaqat o‘rinbosarlar jamoasi, balki deyarli akademiya asosiy jamoa uslubining yo‘lidan ketishi kerak, murabbiylarga ham shunaqa talablar qo‘yilsa kerak, bu narsa aslida to‘g‘ri. Dunyodagi kuchli klublarda tizimni shunday yo‘lga qo‘yishgan.

Yoshlar jamoasidagi barqarorlik
Birinchi davradan keyin Kapadze boshchilik qilayotgan «Lokomotiv» yoshlari 1-o‘rinni egallab barchada iliq taassurot qoldirishdi. Bunda esa shubhasiz Timurning xizmati katta bo‘ldi. Ammo bir qarashda u boshlagan ishini oxiriga yetkazmasdan yarmidan tashlab ketgani ham achinarli, albatta.

- Ha, qaniydi, boshlagan ishimizni oxirigacha yetkazganimizda yaxshi bo‘lardi. Chunki birinchi davrani birinchi o‘rinda tugatganimiz o‘z yo‘liga, eng asosiysi, yoshlar bilan ishlash, ularni futbolchi sifatida o‘sishini ko‘rish va to‘g‘ri yo‘lda ketayotganimni his qilish men uchun va yoshlarimizga juda foydali bo‘ldi. Chunki bu yoshlar katta futbolga kirib kelayotgan va o‘ziga yarasha texnik-taktik, jismoniy tarafdan kamchiliklarini ko‘rib, ularga o‘z bilimimizni berib har taraflama katta futbolga tayyorlash, ancha ish olib borish kerak va ish olib bordik ham.

Xudoga shukr, yarim yil ishlagan bo‘lsam, murabbiylar shtabim bilan qo‘limizdan kelgunicha yoshlarimizni har taraflama yaxshi tayyorlashga harakat qildik. Yoshlarimizning ko‘pchiligi asosiy tarkibimizning murabbiylari nazariga tushib deyarli 6 - 7 nafar futbolchilarimizni muntazam asosiy tarkib mashg‘ulotlariga jalb qilib, ular mashg‘ulotda ishtirok etishdi. Ularning ichida ikkita yosh futbolchimiz asosiy jamoa safida milliy chempionatda debyut o‘yinlarini o‘tkazishdi, zaxiradan maydonga tushib.

Endi o‘ylaymanki, mendan keyin kelgan murabbiy bu yo‘lda olib borgan ishlarimizni davom ettirishadi. Men esa keyingi taqdirim qayerda nasib bo‘lsa, o‘sha yerga borib har doimgidek qo‘limdan kelganicha halol va foydali ishlashga harakat qilaman.

«Lokomotiv»da o‘tkazgan yillari
Shunday qilib, uning «Lokomotiv»dagi faoliyatiga yakun yasaldi. Lekin Kapadze «temiryo‘lchilar» tarkibida ham o‘zidan yorqin iz qoldira oldi. 2015 yilda keldi va o‘tgan vaqt davomida jamoaning uch bor chempionlikni nishonlashida katta hissa qo‘shdi. E’tiborlisi, Kapadze futbolchilik faoliyatini «Lokomotiv»da yakunladi va murabbiylik faoliyatini aynan ushbu klubda boshladi. Futbolchi sifatida kelib, murabbiyga aylanib ketgan Timurning hayotida «Lokomotiv» alohida ahamiyat kasb etadi.

- «Lokomotiv»da o‘tkazgan faoliyatimdan hech qachon afsusda emasman va qalbimdan o‘z o‘rnini oldi - deya mavzuni davom ettirdi, Kapadze. - Birinchidan 4,5 yil bitta jamoada bo‘lish futbolchilik nazaridan qarasak katta muddat hisoblanadi va bu muddatni qanaqa o‘tganini va jamoa bilan nimalarga erishganimizni inobatga olsak, bundan faxrlansa bo‘ladi. Ozmi-ko‘pmi, jamoaning g‘alabalariga o‘z hissamni qo‘shganimdan va «Lokomotiv»da birgalashib yangi sahifa ochganimizdan xursandman. Men u yerda qo‘limdan kelganicha harakat qildim.

Klub rahbarlaridan ham juda minnatdorman. Ular birga ishlash taklifini bildirishganida biz yangi bosqichga chiqish uchun kurashdik. O‘ylaymanki, ularning yuzlarini yerga qaratmadim. U yerdan yoqimli xotiralar qoldi. Doim g‘alabalar va natijalar tarixda qoladi. Men futbolchilik faoliyatimni shu jamoada yakunlaganim va shu jamoadan murabbiylik faoliyatimni boshlaganim alohida mavzu.

Buning uchun birinchi navbatda rahbariyatga kattakon rahmat aytaman. Har doim bizni qo‘llab-quvvatlab, sharoitlar yaratib berganlari uchun, qolaversa, klub tizimidagi har bir xodimiga ham rahmat aytaman. Ular bilan shu yillar mobaynida birgalikda ishlab kelganimdan juda xursandman. Ularni ham g‘alabalarimizda ozmi-ko‘pmi hissalari bor. Shu bilan birga murabbiylar shtabi va jamoa bilan har doim birga bo‘lgan ishchilarga ham minnatdorchilik bildiraman.

Albatta futbolchilarga shu yillar mobaynida yelkama-yelka maydonda «Lokomotiv» sharafini himoya qilgan va g‘alabalarimizda o‘z hissalarini qo‘shgan har bir futbolchiga alohida rahmat aytaman, barchaga omad tilayman. Muxlislarimizga esa alohida minnatdorchilik bildiraman. Ular kam sonli bo‘lsa ham har doim bizni qo‘llab-quvvatlashgan. Albatta, ozmi-ko‘pmi muddat ishlaganim o‘rinbosarlar jamoasiga ham alohida rahmat aytaman, yoshlarimizga omad tilagan holda kelajakda yaxshi futbolchilar bo‘lishining tilakdoshiman.

Instruktorga aylangan Kapadze
Kapadze juda izlanuvchan va ish jarayonida yangiliklarga qo‘l urishni xush ko‘radi. Ya’ni, o‘z ustida ishlashni yaxshi ko‘radi. «Lokomotiv»dan keyin uni O‘FAda instruktor sifatida xizmat qilganini ham ko‘rdik. Bu esa uning serqirra murabbiy ekanligini ko‘rsatib turibdi. Shu o‘rinda Kapadze qanday qilib instruktorga aylanganligi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

- Mening murabbiylik instruktori sifatida ishlayotganim bugun sodir bo‘lib qolgan narsa emas. Bungacha 2-3 marotaba murabbiylar uchun o‘quv-kurslari tashkil etilganida ulardan birida men ham yordam berganman. Kolaversa «S», «V» va «A» litsenziyalariga o‘qib, bularning ta’limini olganmiz va bu yo‘ldan o‘tganmiz. O‘FA murabbiylar departamenti esa bir qator mutaxassislarni instruktorlik uchun yig‘ishdi. Bu borada bir haftalik kurs tashkil qilishayotgandi. Har bir viloyatdan o‘z vakillarini yuborishgandi.

Islom Ahmedov esa eng katta instruktor hisoblanadi. U OFKning faol instruktorlaridan biri hisoblanadi. Xullas, hozirgi kunda talablar ancha oshgan. Ilgari litsenziya uchun shunchaki o‘qib ketaverishardi. Endi esa o‘qish uchun nomzod bo‘lgan murabbiy yil davomida qilgan ishlarining hisobotini topshiradi. Ularning ishlarini ko‘rib chiqishadi. Hozirgi paytda bolalar futbolida litsenziya bo‘lmasa murabbiylik qilish mumkin emas.

Masalan, menga Shamil aka Iseyev yordamchi bo‘ldilar va u kishidan ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi va Instruktorlikni o‘rganish jarayonida ularning tajribalari menga asqotyapti. Murabbiylarning o‘quv-kurslarida esa endigina bu sohaga qadam qo‘yayotganlari ham bor. Instruktorlikni ham o‘ziga yarasha talablari bo‘ladi. Ertalab 9 dan boshlab, kechki 6 gacha davom etadi. Bu vaqt davomida nazariy va amaliy darslar o‘tkaziladi. Keyin esa yakunda ishtirokchilardan imtihonlar olinadi. Lekin imtihonlardan o‘ta olmaganlarga ham keyin yana imkoniyat beriladi.

Bolalar futboliga katta e’tibor qaratilayotgani sababli ularning murabbiylariga bo‘lgan e’tibor ham kuchayib boryapti. Birinchi navbatda u bola yaxshi inson bo‘lib yetishishi lozim. Chunki hamma bolakaylar ham futbolchi bo‘lib qolmaydi. Shuning uchun bolalar futbolida ishlaydigan murabbiylar ruhshunos va o‘qituvchi bo‘lishlari kerak. Umuman olganda, instruktor sifatida ishlash qiziqarli.

Men bo‘lajak murabbiylarni ko‘zdan kechiraman. Ularni qanchalik bilimi bor, to‘g‘ri yo‘ldan ketishyaptmi, shunday xususiyatlarini o‘rganib o‘qishlarga tavsiya qilamiz. Agar biror-bir klubdan taklif bo‘ladigan bo‘lsa, instruktorlik ishim mutlaqo ta’sir qilmaydi. Masalan, O‘FA tomonidan bu safar instruktorlikka taklif qilishganida rozi bo‘ldim. Chunki davralar oralig‘i bo‘lgani uchun vaqtim bor edi.

Oldinlari chaqirishganida esa unchalik bo‘sh vaqtim yo‘q edi. Ikkalasini teng olib keta olaman. Masalan, instruktorlik ishida ham bu o‘zim uchun katta foyda. Bu men uchun tayyorgarlik vazifasini ham o‘taydi. Murabbiylarning savollariga javob berishga tayyor bo‘lishim lozim. Xohlaymanmi-yo‘qmi, instruktorlik ishi meni ishlashga undaydi.

Xorijda malaka oshiradimi?
Yuqorida uning o‘zi xorijda malaka oshirish niyati borligi haqida gapirdi. Shu bois undan agar imkoni bo‘lsa, qayerda malaka oshirishi mumkinligi haqida ham so‘radik.

- Albatta birinchi navbatda hozirgi kunda dunyodagi yaxshi murabbiylar ishlab kelayotgan jamoalardan birida malaka oshirish istagim bor. Masalan, Gvardiola yoki Klop jamoalarida, ularning mashg‘ulot jarayonida olib borayotgan ishlarini ko‘rish juda qiziq. Lekin bunday jamoalarga borish qiyinroq bo‘lsa kerak. Negaki, u jamoalarga tajriba oshirishga bormoqchi bo‘lgan insonlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Lekin boshqa kuchli jamoalarda tajriba oshirish ham foydali bo‘ladi.

«Paxtakor»dan tushgan taklif haqida
Timur Kapadzening «Lokomotiv»dan ketgani bois unga qiziqish bildirayotgan jamoalar paydo bo‘lishi ham tabiiy edi. Kuni kecha «Paxtakor» klubi tomonidan unga qiziqish bo‘layotgani haqidagi xabarlar tarqaldi va aslida bu bejiz emas. Xo‘sh, murabbiy ularning taklifini qabul qildimi? Javobni o‘zidan eshitamiz.

- To‘g‘ri, taklif bo‘ldi. «Paxtakor» xodimi menga aloqaga chiqib, keyingi rejalarimni so‘radi va «Paxtakor» o‘rinbosarlar tarkibida ish olib borishimga, xohishimni so‘radi. Bu taklifni ko‘rib chiqishga tayyorman deb aytdim. Chunki birinchidan «Paxtakor» akademiyasi O‘zbekistonda kuchlilardan biri hisoblanadi va yoshlarni ko‘zdan kechirish, ular bilan ishlash menga foydali bo‘lishini aytdim.

Ikkinchidan, «Paxtakor» jamoasi menga begona emas, aslida. O‘zbekistonda eng ko‘p vaqt - 6 yil mobaynida aynan «Paxtakor»ning sharafini himoya qilganman. Endilikda Shota Arveladze Toshkentga kelganidan keyin u bilan ko‘rishib, uning qarashlarini, talablarini bilib, agar hammasi ma’qul kelsa, taklifni qabul qilib ishni boshlaymiz. Asosiy vazifam, futbolchilarni har taraflama yaxshi tayyorlab, asosiy jamoaga yetkazib berish bo‘ladi.

Chempionlik kurashi xususida
Ayni paytda Superligada chempionlik uchun kurash kutilganidek «Paxtakor» hamda «Lokomotiv» o‘rtasida kechmoqda. Birinchi davradan keyin esa «Paxtakor» «Loko»dan 8 ochkoga ilgarilab ketgan. Ko‘pchilik esa «Sherlar»ning bu mavsumda chempion bo‘lishini aytishmoqda. Kapadze esa ikkala jamoaning chempionlik uchun kurashdagi imkoniyatlari haqida ham fikrlarini bildirib o‘tdi.

- Men ham «Paxtakor»ning chempionlik uchun imkoniyatlari yuqorligi haqidagi gaplarni ko‘p eshityapman. Lekin hali ikkinchi davra o‘yinlari bor. Qachonki, sizda bir foizga bo‘lsa ham imkoniyat bormi, demak bunga real qarash kerak. Futbolda oldindan o‘ynalmay turib yutilmaydi. Hammasi o‘yindan keyin bilinadi. Agar rostdan ham «Lokomotiv»da imkoniyat qolmaganida buni oldindan tan olish mumkin edi.

To‘g‘ri, «Paxtakor» bilan ochkolar farqi 8 tani tashkil etadi. Biroq bu ikki-uchta o‘yin hal etilishi mumkin bo‘lgan holat ekanligini ham unutmaslik kerak. «Lokomotiv»da Samvel Babayan bosh murabbiy bo‘lib ishlayotgan ekan, baribir uning o‘ziga yarasha «ambitsiyalari» bor va «Paxtakor»ga qarshi nimadir ko‘rsatishga harakat qiladi. Nazarimda, ikkinchi davrada intriga bo‘ladi. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. «Paxtakor»ning ochko yo‘qotishini kutishdan tashqari «Lokomotiv» o‘zi ishtirok etayotgan hamma o‘yinlarda ham yutishi lozim.

Albatta, «Paxtakor»ning tarkibini, murabbiylar olib borayotgan ishlarini, birinchi davradagi ko‘rsatgan o‘yinlari va natijalariga qarasak, «Lokomotiv»ning maqsadiga erishishi qiyinroqqa o‘xshab ko‘rinyapti. Lekin ikkinchi davrada «Loko»ning o‘yin uslubi qanchalik o‘zgarishini ko‘rish ham qiziq. Baribir ikkinchi davra boshlanmasidan oldin bir nima deyish qiyin.
Shuhratbek Jo‘rayev
Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadze "Lokomotiv"dan Babayan tufayli ketdi...mi?