23:15 / 16.07.2019
2 396

Islom Ahmedov: "Murabbiylarimizda qanday o‘zgarishlar bo‘lganini ikkinchi davrada ko‘rasizlar"

Islom Ahmedov: "Murabbiylarimizda qanday o‘zgarishlar bo‘lganini ikkinchi davrada ko‘rasizlar"
Yurtimizdagi taniqli mutaxassislardan biri, instruktor Islom Ahmedov murabbiylarning malakasini oshirish yo‘lida ko‘plab o‘quv-kurslarini o‘tkazishidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Qolaversa, u OFK instruktori sifatida faoliyat olib borishini inobatga olsak, unda xalqaro tajriba ham katta. Yaqinda esa uning «Paxtakor» akademiyasiga direktor etib tayinlangani haqida ham xabar bergandik.

Xabaringiz bo‘lsa, Ahmedov Superliga murabbiylariga Pro diplomi uchun navbatdagi o‘quv-kurslarini o‘tkazdi. Ularning tili bilan aytganda, 5-modul o‘qishlari bo‘lib o‘tdi. Bunda esa Superliga klublarida bosh murabbiylik qilayotganlar va yana boshqa yurtimizda ko‘zga ko‘ringan mutaxassislar ishtirok etishdi. Natijada instruktor bu safargi o‘quv jarayoni qanday o‘tgani haqida ham gapirib berdi.

- Murabbiylarimizda katta o‘zgarishlar bor, - deya gap boshladi, Ahmedov. - 12 iyulda 5-modul nihoyasiga yetdi. Agar 1-modul bilan solishtirsak, katta farqi bor. Murabbiylar oldin e’tibor bermagan jihatlariga hozir astoydil e’tibor qaratishyapti. Ikkinchi davrada murabbiylarimizda qanday o‘zgarishlar bo‘lganligini ko‘rasizlar. Nimagaki, 5-modulimiz kuchli tarzda o‘tdi. Sentyabrdagi o‘quv-kurslarimiz esa bundan ham kuchliroq bo‘ladi. Qisqasi, murabbiylarimizda o‘sish ko‘rinyapti. Bu narsani hamma sezyapti. To‘g‘ri, bu qiyin ish, ammo juda kerakli.

Demak, murabbiylarimizga bunday o‘quv-kurslari foyda keltiryapti va Islom Ahmedov ta’kidlaganidek, ularda o‘zgarishlar sezilyapti. O‘z navbatida u yerda tahsil olgan murabbiylar ham katta tajriba to‘plashayotganini aytishmoqda. Xo‘sh, Ahmedov aytgan o‘zgarishlar aynan nimalarda mujassam bo‘lmoqda? Bu masala bo‘yicha shunday dedi:

- O‘zgarishlar asosan taktikalarda bilinyapti. Qachon va qayerda nimani ishlatish kerak? Buni murabbiylar bilishi lozim. Mayda detallargacha e’tibor qaratish lozim. Nafaqat Pro, balki «S» litsenziyasidan boshlab o‘qiyotgan murabbiylarda o‘zgarishlar bilinyapti. Ularga bir hafta davomida yo‘nalish beramiz va bir oy davomida murabbiylar o‘z ish joyida buni amalda qo‘llashadi.

Keyin yonimizga qaytib kelishganidan so‘ng ularni nima ish bajarganliklarini ko‘raman. Oldingi yillari 3-4 hafta davomida faqat ma’lumotlar berardik. Hozir esa murabbiylar 5-6 oylab o‘qishyapti. Pro litsenziyasi uchun esa bir yil o‘qishyapti. To‘g‘risi, bu umuman boshqa darajada. Murabbiylarga qiyin topshiriqlar berilgan. Endi ular 24 soat davomida ish bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Bu professional murabbiyning hayoti.

Islom Ismoilovich yurtimizdagi barcha murabbiylarni va ularning salohiyatlarini yaxshi biladi. Qolaversa, o‘zi ta’kidlayotganidek, chindan ham murabbiylarimizda ham o‘sish kuzatilmoqda. Hech kim hamkasbidan ortda qolib ketishni istamayapti. Hamma harakatda, izlanishda. Ahmedov esa qaysi mutaxassisni eng yaxshisi deb hisoblaydi?

- Kimnidir alohida ajratib aytsam, boshqalar xafa bo‘lishi mumkin. Hozir murabbiylarning o‘sish davri. Shu bois bunday paytda kimnidir yaxshi yoki o‘rtacha deb atashim yaxshi ish emas. Muhimi, hamma harakat qilyapti, hamma terlab mehnat qilyapti. Anig‘i shuki, murabbiylarning o‘qishida moduldan modulga bosimni va talabni kuchaytiryapmiz.

Albatta, ko‘pi bunday paytda qiynalyapti. Lekin hamma harakatda. Hozir hech kimga yengil bo‘lmayapti. Lekin vaqti kelib bu qiyinchiliklarining natijasini ko‘rishadi. Bizda hali bunaqangi Pro o‘qishi bo‘lmagandi. Hozir murabbiylarga aslo yengil emas, - deydi Islom Ahmedov.

Ayni paytda chempionatimizda yozi tanaffus hukm suryapti. Bosh murabbiylar esa o‘qishni tugatib, yana o‘z jamoalariga qaytishdi va tayyorgarlik qizg‘in pallasiga kirgan. Murabbiylarning malakalari oshishi esa chempionat mavqei oshishiga ham xizmat qilsa ajab emas.

- O‘ylaymanki, ikkinchi davra juda qiziqarli bo‘ladi, - deya gapini davom ettirdi, Ahmedov. - O‘zingiz ham ko‘rib turibsiz, jamoalarimizda yaxshi saviyadagi murabbiylar yig‘ilishgan. Demak, raqobat ham, sifat ham kuchayadi. To‘g‘risi, ikkinchi davrani kutyapman. O‘tgan kunlarni eslamayman. Bugungi va ertangi kun haqida gapiramiz.

Shundan so‘ng muloqotimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuperga borib taqaldi. Katta tajribaga ega bo‘lgan va top-saviyadagi mutaxassislar qatoriga kiruvchi Kuper mahalliy murabbiylarimizga o‘zining bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashishi borasida ham rejalar borligi aytilgandi. Shunga asosan Islom Ahmedov uni murabbiylarning o‘quv-kursiga chaqirganini eslab shunday dedi:

- Noyabr oyida murabbiylarning o‘quv-kursiga Ektor Kuperni chaqirganman. Bir yarim soat davomida u bilan suhbat bo‘lgan. Kuper haqida videorolik tayyorlagandim, buni ko‘rib u xursand bo‘lgandi. O‘shanda juda yaxshi suhbat bo‘lgandi. Kuper o‘z talablarini aytgandi va shunga asosan uning talablarini murabbiylarimizga tushuntirishga harakat qilyapman. Kuper milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi.

Biz hammamiz esa milliy terma jamoamizning natijasi uchun birgalashib ishlashimiz kerak. Buni hamma tushunishi lozim. U aytganidek, to‘psiz o‘yin va himoyada muammolarimiz ko‘p. Oldin ham bu kamchiliklarni bartaraf etishga urg‘u berardik. Endi bo‘lsa Kuper bilan suhbatdan keyin 100 foiz kamchiliklarni hal qilishga e’tibor beryapmiz.

Shu o‘rinda instruktor milliy terma jamoamiz va Kuperni qo‘llab-quvvatlagan holda ishonch bildirish lozimligini aytgan holda quyidagilarni qo‘shimcha qildi.

- Ektor Kuperga bitta vazifa qo‘yilgan. U ham bo‘lsa terma jamoamizni jahon chempionatiga olib chiqish. U bundan boshqa narsani o‘ylamaydi. Terma jamoamizni qanday o‘yin, qanaqa taktika bilan olib chiqadi, bu uning qarori. Biz esa Kuperning ishiga aralashishimiz mumkin emas. Rahbarlar unga ishonib aniq vazifani qo‘yishgan. Biz esa uni qo‘llab-quvvatlab yordam berishimiz lozim. Nimanidir noto‘g‘ri qilyapti deb aytish yaxshi emas. Murabbiyni tanlashdi va olib kelishdi. Bo‘ldi, endi u ishlasin, biz esa qo‘llab turamiz. Har o‘yindan keyin esa unday yoki bunday deb tanqid qilish noto‘g‘ri. Murabbiyni tanladikmi, endi unga oxirigacha ishonch bildirishimiz kerak.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Islom Ahmedov: "Murabbiylarimizda qanday o‘zgarishlar bo‘lganini ikkinchi davrada ko‘rasizlar"